O‘zbekiston “Tolibon”ga vertolyotlarni qaytarmaydi – TIV
Jamiyat
−
11 Sentabr 12295 1 daqiqa
Avvalroq O‘zbekiston 2021 yilning avgustida Afg‘onistonda amaldagi hokimiyat qulaganida mamlakatdan olib chiqib ketilgan harbiy vertolyotlarni mamlakatni hozirda idora qilayotgan “Tolibon” muvaqqat hukumatiga qaytarishga rozi bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bunday xabarlarni rad etdi.
Uning aytishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
AQSH Mudofaa vazirligi 2021 yilda “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganidan so‘ng 46 ta samolyot va vertolyotning O‘zbekistonga, yana 18 tasining Tojikistonga olib borilganini tasdiqlagan. Bu parvoz vositalari tarkibiga Mi-17 va UH-60 vertolyotlari, shuningdek, PC-12, C-208, AC-208 va A-29 rusumli qanotli samolyotlar kirgan.
“Tolibon” bir necha bor ikkala davlatdan ham ularni topshirishni talab qilgan, biroq Toshkent va Dushanbedagi rasmiylar bu talablar yuzasidan ochiq izoh bermagan.
AQSHning O‘zbekistondagi elchisi oldinroq bergan bayonotida yangi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonga qo‘ngan 46 ta uchoq ushbu mamlakat nazoratida qolishini aytgan. AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha elchixonasi esa Tojikistonga sobiq afg‘on harbiy samolyotlarini “Tolibon”ga topshirmagani uchun minnatdorlik bildirgan.
Afg‘oniston sobiq xavfsizlik qo‘mondonining aytishicha, “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritishidan avval AQSH mamlakat havo kuchlarini jami 229 ta vertolyot – jangovar va transport vositalari bilan ta’minlagan.
Live
Barchasi