O‘zbekiston Portugaliya uchun jiddiy raqib – portugaliyalik agent

Sport

image
0:00
0:00
download

Portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda portugallarga oson bo‘lmasligi aytib o‘tdi. Bu haqda u “Sovetskiy sport” nashriga ma’lum qildi. 

“Portugaliya oxirgi o‘yinini yaxshi o‘tkazmadi. Shuning uchun bu bahs oldidan hayajon yuqori. Jamoa qaysi tarkibda maydonga tushishi va qay darajada tayyor ekani qiziq. Agar terma jamoamiz Kongoga qarshi o‘yindagi kabi harakat qilsa, bu bizning ko‘nglimizni qoldiradi”, deydi Barboza.

Uning fikricha, O‘zbekiston terma jamoasi Kongodan ancha kuchli. Shu bois ular haqida jiddiyroq o‘ylash kerak.

“O‘zbekistonning avvalgi mag‘lubiyatini o‘yin manzarasiga qarab baholash lozim. Maydondagi voqealar natijadan butunlay boshqacha edi. Shuning uchun bu jamoani kamsitish mumkin emas. O‘zbekistonda yaxshi futbolchilar va kuchli murabbiylar shtabi bor. Bu o‘yin ham Portugaliya, ham O‘zbekiston uchun juda muhim ahamiyatga ega. Menimcha, har ikki jamoaning g‘alaba qozonish imkoniyati 50 ga 50”, deydi u

U, shuningdek, uchrashuv sermazmun va keskin kurashlarga boy o‘tishini kutmoqda.

“Albatta, Portugaliya g‘alaba qozonishiga umid qilaman. Biroq bunga to‘liq ishonchim yo‘q. Chunki oxirgi o‘yin milliy terma jamoaning so‘nggi o‘n yillikdagi eng omadsiz bahslaridan biri bo‘ldi. Men bu uchrashuvda ko‘p gollar urilishini kutyapman. Ikkala jamoa ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi va intriga final hushtagiga qadar saqlanib qoladi. Shunga qaramay, ichki hissiyotim Portugaliyaning 1:0 hisobida g‘alaba qozonishini aytmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Barboza.

Ma’lumot uchun, Portugaliya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi mazkur bahs bugun, 23 iyun kuni AQSHning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da start oladi.

Eslatib o‘tamiz, Portugaliya va O‘zbekiston uchrashuvini marokashlik hakam Jalol Jayed boshqarib boradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing