O‘zbekiston xitoyliklarning zavodidan energiya sotib olish majburiyatini olyapti
Jamiyat
−
14 avgust 2025 10609 2 daqiqa
O‘zbekistonning 6 ta viloyatida xitoylik investorlar chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqaradigan zavodlar qurmoqda. Davlat chiqindi utilizatsiyasi uchun ularga to‘lov qilish bilan birga, hosil bo‘lgan energiyani sotib olish bo‘yicha ham majburiyat olayapti. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.
Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot berdi. Bildirilishicha, O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. So‘nggi yillardagi loyihalar natijasida bu endi 5 foizga yetgan.
Qayd etilishicha, chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar 6 ta viloyatda shunday zavodlar qurayapti. Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirilgan. Yana Samarqandda 2 ta, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan.
Maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri keladi. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, mamlakatda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi. Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Aholida ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, oxirgi uch yilda barcha manbalardan sohaga 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Chiqindi korxonalari uchun 1 ming 200 ta yangi texnika olib berildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. To‘plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.
Avvallari davlat monopoliyasida bo‘lgan sohada tadbirkorlikka yo‘l ochilib, qulay biznes muhiti yaratildi. Jumladan, sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025