O‘zbekiston Braziliyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi mumkin

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning oktyabr oyida Braziliya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik bahsida maydonga tushishi mumkin. Bu haqda “Wikipedia” ma’lumotlarida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, joriy yilning 10 oktyabr kuni O‘zbekiston MTJ va Braziliya MTJ Yaponiyadagi “Saitama siti” stadionida o‘yin o‘tkazadi. Bu haqda ma’lumot platformaning O‘zbekiston terma jamoasi uchun bag‘ishlangan sahifasida mavjud. Braziliya terma jamoasi sahifasida mazkur ma’lumot keltirilmagan bo‘lsa-da, aynan 10 oktyabr kuni ularning o‘rtoqlik o‘yinida qatnashishi qayd etilgan. Ushbu o‘rtoqlik o‘yinidan keyin – 14 oktyabr kuni “pentakampeonlar”ning “Kirin challenge cup” doirasida Yaponiya terma jamoasi bilan ham bahs olib borishi qayd qilingan.

QALAMPIR.UZ ma’lumotga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiysi bilan bog‘landi. Uning bildirishicha, bu haqda hali hech qanday ma’lumot mavjud emas. Biroq agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritsa, bu amalga oshishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2026 yil AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralashi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklariga, 10 iyun kuni  esa Toshkentda Qatarga qarshi maydonga tushadi. Temur Kapadze qo‘l ostidagi jamoa A guruhida 17 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Agar jamoa BAAga qarshi o‘yinda bir ochko qo‘lga kiritsa, muddatidan avval mundial masalasini hal qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston futbol Jahon chempionati Braziliya o'rtoqlik o'yini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing