“O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston” birinchi uch tomonlama majlisi bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
28 may 2020 5212 2 daqiqa
2020 yil 27 may kuni videokonferensaloqa shaklida “O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston” birinchi uch tomonlama majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tadbir O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Devid Heyl va Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar ishtirokida o‘tdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari “O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston” uch tomonlama shakli Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishga qaratilgan amaliy takliflarni tayyorlash bo‘yicha dolzarb maslahatlashuv mexanizmi ekanligini qayd etdilar.
“Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi, “Mozori-Sharif – Qobul”, “Mozori-Sharif – Hirot” temir yo‘llari qurilishi kabi muhim loyihalarni jadal tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda Afg‘onistonda “Tolibon“ harakati bilan tinchlik sulhini imzolash jarayoni ketmoqda. Biroq, hozirgacha bu borada biron tayinli ish qilinmadi.
Bundan avval, mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijasidan so‘ng kelib chiqqan nizo sabab ikki nomzod – Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla o‘zini Islom Respublikasi Prezidenti deya e’lon qilgan edi. Joriy yilning 17 may kuni esa ushbu ikki Prezident o‘zaro kelishuvga erishdi. Kelishuvda o‘zbek generali, Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Abdulrashid Do‘stum marshal unvonini oldi.
Live
Barchasi