“Uzbekistan Airports” Antikorrupsiya agentligiga e’tiroz bildirdi
Jamiyat
−
30 mart 2023 10226 2 daqiqa
Avvalroq “Uzbekistan Airports” AJ “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 34-moddasi talabini buzgani haqida xabar bergan edik. Aksiyadorlik jamiyati 2023 yil 7 fevral kuni 4,3 mlrd so‘mga jihozlar xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridini amalga oshirishda raqobatga zid holatga yo‘l qo‘ygan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ushbu ma’lumotiga esa “Uzbekistan Airports” AJ e’tiroz bildirib chiqdi.
Unga ko‘ra, qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan tanlov autsion tugagunga qadar bekor qilinib bo‘lingan va lot tegishli ravishda elektron platformadan olib tashlangan ham.
“Tanlovni bekor qilish qonun buzilishining oldini olish uchun profilaktik choraga aylandi. Shu munosabat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining axborot xabari noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkin”, deyiladi jamiyat munosabatida.
“Uzbekistan Airports” AJning voqeaga aniqlik kiritishicha, joriy yilning 7 fevral kuni etender.uzex.uz elektron platformasida umumiy qiymati 4,3 milliard so‘m bo‘lgan shaxsiy kompyuterlar xarid qilish bo‘yicha eng yaxshi takliflar (lot No 23120012228252) tanlovi e’lon qilingan.
13 fevral kuni esa “Uzbekistan Airports” AJga O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan ushbu lot bo‘yicha texnik topshiriqda protsessorining brendi/markasi ko‘rsatilganligi, bu esa O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlari talablarini buzish hisoblanishi to‘g‘risida ogohlantirish xati kelib tushgan.
Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ko‘rsatmasi doirasida yuqoridagi tanlov bekor qilingan.
“Shu bilan birga, etender.uzex.uz veb-saytida kompyuter texnikasiga lotlar joylashtirishda brend, markani ko‘rsatish majburiy harakat ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Muayyan protsessor brendini tanlamasdan, lotni kimoshdi savdosiga qo‘yish texnik jihatdan mumkin emas. Ushbu tartib Birja tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimi xabardor qilingan”, deyilgan “Uzbekistan Airports” AJ Axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Uzbekistan Airports” AJ taksi xizmatining ishga tushirilishi bo‘yicha Raqobatga qarshi kurashish agentligi bilan ham ziddiyatga borgani haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi