O‘zbek futboli bu mundialdan nima yutdi?
Tahlil
−
29 iyun 9176 15 daqiqa
2026 yilning yozi O‘zbekiston futboli tarixidagi eng muhim sahifalardan biriga aylandi. Milliy terma jamoa ilk bor FIFA Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etdi. O‘nlab yillar davomida ushalishi orzu qilingan maqsad amalga oshdi. Millionlab muxlislar ko‘chalarga chiqdi, stadionlarda O‘zbekiston bayrog‘i hilpiradi, futbolchilar esa dunyoning eng yirik futbol maydonlarida mamlakat sharafini himoya qildi.
Ammo vaqt o‘tishi bilan tarixiy voqealar hissiyot bilan emas, natija va xulosalar bilan baholanadi. Bugun O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ishtirokiga nazar tashlansa, bitta savol tabiiy ravishda kun tartibiga chiqadi: O‘zbekiston bu mundialdan aslida nima yutdi?
Bu savolga javob berishga shoshilmaslik kerak. Chunki tarixiy ishtirokning o‘zi hali muvaffaqiyat degani emas. Jahon chempionatiga chiqish – katta yutuq. Ammo Jahon chempionatida qanday futbol namoyish etilgani, bu turnir mamlakat futboliga qanday foyda bergani va undan qanday xulosalar chiqarilgani undan ham muhimroq masaladir.
Ko‘pchilik bugun faqat bitta faktni tilga olmoqda – O‘zbekiston mundialda debyut qildi. Bu – haqiqat. Lekin oradan bir necha yil o‘tganidan keyin hech kim debyutning o‘zini eslamaydi. Futbol tarixida natija, taraqqiyot va davomiylik esda qoladi.
Agar 2026 yilgi Jahon chempionati O‘zbekiston futboli uchun yangi bosqichning boshlanishiga aylansa, bu ishtirok o‘zini oqlagan bo‘ladi. Aksincha, agar bu turnir faqat tarixiy suratlar, emotsiyalar va “biz ham mundialda o‘ynadik” degan xotira bilan yakunlansa, demak, qo‘lga kiritilgan eng katta yutuq hissiyot bo‘lib qoladi.
Aslida, bu maqolaning asosiy maqsadi ham aynan shu savolga javob topishdir. O‘zbekiston nimani qo‘lga kiritdi? Nimalarni boy berdi? Va eng muhimi, bu turnirdan qanday saboq chiqarildi?
Bu savollarga javob berish uchun faqat hisoblar jadvaliga qarash yetarli emas. Uchta uchrashuvning mazmunini, murabbiylar shtabi tanlagan yo‘lni, futbolchilarning individual imkoniyatlarini, ularning transfer salohiyatini hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi oldida turgan strategik vazifalarni birgalikda tahlil qilish kerak.
Birinchi qarashda hammasi oddiy ko‘rinadi: uchta o‘yin va uchta mag‘lubiyat. Ammo bu raqamlar ortida yanada jiddiyroq savollar yashiringan.
Masalan, O‘zbekiston chindan ham imkoniyatidan kelib chiqib o‘ynadimi yoki jamoa o‘z salohiyatining to‘liq namoyon eta olmadi? Murabbiy Fabio Kannavaro futbolchilarning kuchli tomonlarini ochib bera oldimi yoki aksincha, ularni o‘z falsafasiga moslashtirishga urindimi? Jahon chempionatida qatnashish o‘zbekistonlik futbolchilarning transfer qiymatini oshirdimi yoki aksincha, ayrim futbolchilar o‘z imkoniyatlarini namoyish qila olmay, Yevropa skautlarini ishontira olmadimi?
Bir jihatni boshidanoq aytish kerak: bu maqolaning maqsadi tarixiy ishtirokni qadrsizlantirish emas. Aksincha, tarixiy yutuq ortida qolib ketayotgan muammolarni ko‘rsatishdir. Chunki futbol rivojlanishi uchun ba’zan g‘alabadan ko‘ra mag‘lubiyatni to‘g‘ri tahlil qilish muhimroq bo‘ladi. Va, ehtimol, O‘zbekiston uchun 2026 yilgi Jahon chempionatining eng katta yutug‘i ham aynan shu bo‘lishi mumkin.
Uchta mag‘lubiyat ortidagi haqiqat: O‘zbekiston qanday yutqazdi?
Jahon chempionatidagi ishtirokni faqat natijalar orqali baholash doim ham to‘g‘ri emas. Ba’zan 1:0 hisobidagi mag‘lubiyat ham umid uyg‘otadi, ayrim hollarda esa g‘alaba qozongan jamoaning o‘yinida ham jiddiy muammolar ko‘rinadi. Shu bois O‘zbekistonning mundialdagi uchta uchrashuvini tahlil qilishda hisobdan ko‘ra o‘yin mazmuniga e’tibor qaratish muhim. Chunki aynan o‘yin sifati terma jamoa qaysi darajada ekanini ko‘rsatadi. Mundial davomida O‘zbekiston uch xil qit’a va uch xil raqibga qarshi maydonga tushdi. Ularning o‘yin uslubi, bosimi va individual mahorati turlicha edi. Ammo uchala uchrashuvni birlashtirib turgan bitta umumiy jihat bor edi – O‘zbekiston deyarli har bir o‘yinda o‘z xatolari evaziga mag‘lubiyatga uchradi. Bu juda og‘ir, ammo haqiqatga yaqin xulosa.
Birinchi o‘yin: ortiqcha ehtiyotkorlik qimmatga tushdi. Har qanday debyutant ilk o‘yinda hayajon bilan maydonga tushishi tabiiy. Lekin Jahon chempionatiga murabbiy aynan shunday vaziyatlarni boshqarish uchun olib kelinadi. Fabio Kannavaro ilk uchrashuv uchun tanlagan model maksimal darajada xavfsiz futbolga asoslandi. Himoya chizig‘i juda past joylashdi, markaziy yarim himoyachilar asosan himoyaga yordam berish bilan band bo‘ldi, hujumchilar esa ko‘pincha o‘z jarima maydonigacha qaytishga majbur bo‘ldi.
Natijada O‘zbekiston to‘pni olib qo‘ygandan keyin hujumni boshlash uchun 60–70 metr masofani bosib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Zamonaviy futbolda esa bunday masofani tezkor qarshi hujum bilan bosib o‘tish uchun nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki aniq ishlab chiqilgan avtomatizmlar ham kerak. Terma jamoada esa bunday avtomatizmlar deyarli ko‘rinmadi.
Eng achinarlisi, O‘zbekiston o‘zining eng kuchli qurollaridan foydalanmadi. Tezkor qanotlar va texnik yarim himoyachilar raqib darvozasi oldida emas, o‘z maydonida ko‘proq vaqt o‘tkazdi. Bu esa ularning individual sifatlarini cheklab qo‘ydi.
Murabbiy xavfni kamaytirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo xavfni kamaytirish evaziga jamoa hujumdagi barcha imkoniyatlaridan ham voz kechdi.
Ikkinchi o‘yindagi tezkor gollar raqibning salohiyati dastlabki daqiqalardan terma jamoaga bosim yukladi va bu bosimdan chiqib ketish qiyin bo‘ldi. Portugaliyaning tezkor goli O‘zbekistonning o‘yin rejasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Temur Kapadze davrida ham, Kannavaro boshchiligida ham jamoa asosan tartibli himoya va qarshi hujumlarga tayangan holda harakat qilib kelgan. Erta o‘tkazib yuborilgan gol esa bu rejani buzdi. 17-daqiqada Nuno Mendesh hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirgach, o‘zbekistonlik futbolchilar raqibni yuqoriroq kutib olishga majbur bo‘ldi. Bu esa Portugaliyaning tezkor qanot hujumchilari uchun bo‘sh hududlar paydo qildi.
Uchinchi o‘yin: nega haqiqiy futbol oxirgi uchrashuvda paydo bo‘ldi? Mundialdagi eng katta paradokslardan biri shundaki, O‘zbekiston eng mazmunli futbolini aynan musobaqadagi so‘nggi uchrashuvda namoyish etdi. Bosim kamaygach, futbolchilar erkinroq harakat qila boshladi. Qisqa paslar soni ortdi. Oldinga harakat qilish istagi paydo bo‘ldi. Yarim himoyachilar tavakkal qilishdan qo‘rqmadi. Qanot himoyachilari hujumga faol qo‘shildi. Lekin faqat bitta bo‘limda. Terama jamoa birinchi bo‘limni qanchalar yaxshi o‘tkazgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda shu darajada yomon o‘tkazdi.
Bitta o‘yinda ikki xil futbol namoyish qilish mumkinmi? Ha bu asosan hisobni uchlash bilan bo‘g‘liq bo‘lgan intilish va jismoniy holat bilan bogliq.
Murabbiy futbolchilarga moslashdimi yoki futbolchilar murabbiyga? Bu mundial davomida eng ko‘p muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masalalardan biri – murabbiy. Fabio Kannavaro faoliyati davomida ko‘proq himoyaviy futbol tarafdori sifatida tanilgan. O‘zbekiston terma jamoasi ham so‘nggi yillarda aynan ishonchli himoyaviy futbol va tezkor qarshi hujumlar, texnik yarim himoyachilar va faol qanotlar evaziga Osiyo saralashida muvaffaqiyat qozongan edi.
Savol tug‘iladi: Katanets davrida yaxshigina pishib yetilgan himoya nega mundialga kelib parokandaga aylandi? To‘g‘ri, O‘zbekiston saralashda va Osiyo kubogida katta jamoalarga qarshi o‘ynamadi. Lekin himoyadagi arzimagan xatolar va darvozabonning ishonchsiz o‘yini aynan mundial bosimida yuzaga keldimi yoki bu Kannavaroning o‘yin uslubidan kelib chiqilgan xatolarmi?
Almashtirishlar ham savollarni ko‘paytirdi. Fabio Kannavaroning o‘yin davomida qabul qilgan ayrim qarorlari ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba’zi uchrashuvlarda o‘yindan tushib qolgan futbolchilar maydonda uzoq vaqt qoldirildi. Aksincha, o‘yinni o‘zgartira oladigan zaxira futbolchilari kech maydonga tushirildi yoki umuman imkoniyat olmadi. Har uchala uchrashuvda ham Kannavaro zaxiradan qo‘shilgan futbolchilar bilan o‘yinga ta’sir ko‘rsata olmadi yoki bu ta’sir deyarli ko‘rinmadi.
Uchta o‘yindan qanday xulosa chiqadi? Uchala uchrashuvni birgalikda tahlil qilganda bitta umumiy xulosa paydo bo‘ladi. O‘zbekiston Jahon chempionatiga tasodifan chiqqan jamoa emas. Ammo O‘zbekiston hali Jahon chempionatida o‘z futbolini raqiblarga qabul qildira oladigan jamoaga ham aylangani yo‘q. Terma jamoa ko‘proq raqibga moslashishga urindi.
Dunyoning kuchli jamoalari esa aksincha, raqibni o‘z futboliga moslashishga majbur qiladi. Mana shu farq O‘zbekiston bilan futbol elitasi o‘rtasidagi eng katta tafovut bo‘lib qoldi. Shu sababli uchta mag‘lubiyatning asosiy sababi individual mahoratdagi tafovut emas, balki o‘yin modeli, murabbiyning qarorlari va mavjud resurslardan maksimal darajada foydalana olmaslikda bo‘ldi.
4 million yevrolik loyiha nimani berdi? O‘zbekiston mundialdan foyda ko‘rdimi yoki faqat tarix yaratdimi?
O‘zbekiston uchun Jahon chempionati yakunlandi. Hissiyotlar asta-sekin bosilmoqda. Endi esa eng muhim bosqich – xulosa chiqarish vaqti keldi. Mundialning har bir ishtirokchisi turnirni o‘z maqsadi bilan boshlaydi. Kimdir kubok uchun kurashadi, kimdir chorak finalni orzu qiladi, yana kimdir futbolchilarini jahon bozoriga olib chiqishni maqsad qiladi. O‘zbekiston qaysi toifaga kiradi?
Birinchi qarashda javob oddiy: debyutant uchun mundialning o‘zi katta yutuq. Bu fikrni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin bugungi zamonaviy futbolda Jahon chempionatiga faqat ishtirok etish uchun borilmaydi. Mundial – bu futbolchilarni dunyoga ko‘rsatadigan eng katta transfer maydoni, murabbiylar malakasini sinovdan o‘tkazadigan platforma va milliy futbol tizimining qanchalik rivojlanganini ko‘rsatadigan ko‘zgu.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonning mundialdagi maqsadi yuqoridagi birorta toifaga kirmaydi. Sababi Fabio Kannavaro terma jamoa murabbiyligiga tayinlangandan beri faqat bitta narsani aytib keldi – “bu mundial biz uchun tajriba bo‘ladi”. Agar maqsad faqat tajriba orttirish bo‘lsa, Dide Desham, Ronald Kuman va Lionel Skalonidan ko‘p maosh oluvchi murabbiyni olib kelib u bilan tajriba orttirishga borish qay darajada to‘g‘ri qaror bo‘ladi? U “maqsadimiz tajriba orttirish”, deb shu darajada bot-bot takrorlandiki, hattoki ayrim futbolchilarning Jahon chempionatidan maqsadi yo‘qdek ko‘rindi, jumladan, Abduqodir Husanovda ham. Dostonbek Hamdamov va ayrim futbolchilarining mundialdagi asosiy maqsadi Krishtianu Ronaldu bilan o‘ynash bo‘lgani esa ularga ishongan butun boshli millat uchun hurmatsizlik.
Agar maqsad rostdan ham tajriba orttirish bo‘lsa, murabbiyga assotsiatsiya tomonidan vazifa yuklatilmagan va erkinlik berilgan bo‘lsa, bu nega Kapadze bilan emas? Mahalliy mutaxassisni jahon sahnasidagi ishtiroki mamlakat futbolining kelajagi uchun ham foydali bo‘lmasmidi? 3 ta o‘yinda 11 ta gol o‘tkazishni Termur Kapadze ham eplay olardi.
Kannavaroning Jahon chempionatidagi ishi mutaxassislar tomonidan qanday baholandi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining AQSHning Xyuston shahridagi NRG stadionida bo‘lib o‘tgan Portugaliyaga qarshi uchrashuvdagi 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatidan so‘ng mutasaddi va futbolchilarni ayovsiz tanqid qildi.
“Bu mundialda jamoani yarmi bo‘la oladigan darvozabon yo‘q edi, jiddiy bo‘shliq. Fikrim o‘zgardi, Osiyo kubogini olish degan xomxayol bilan birga tarkibdagi “xizmat ko‘rsatgan”lardan kechib, shu musobaqadayoq keyingi saralash davrida ishlaydigan tarkibni o‘ynatish kerak”, deb yozadi Qodirov.
Shuningdek, deputat terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Behruz Karimov, Abbos Fayzullayev va Abduqodir Husanov kabi futbolchilar atrofida terma jamoani shakllantirishini va kelasi ikki Jahon chempionati saralash bosqichida ham raqobatlasha oladigan 30 nafarlik tarkibni aniqlashtirishi kerakligini aytib o‘tdi.
“Ha, siz bunga loyiq emassiz deb ayta olmayman, chunki maydon tekis, to‘p yumaloq va ularda sizdan ortiq o‘yinchi, oyoq yoki qo‘l yo‘q edi, lekin siz bunga rozi emassiz, umid beradigan qismi shu yerda… Bosim bo‘ladimi, momaqaldiroq chaqadimi – Kongo bilan o‘yinni biz emas, o‘zingiz uchun o‘ynang, futbolchi nonini yeyapsiz, g‘ururingizga o‘t tushdi, adashmasam…”, deb yozadi Qodirov.
Fikrlari so‘ngida Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasini Osiyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kirmasligini ham aytib o‘tdi.
“Osiyoning zo‘r va eng zo‘rlari aniq va biz u yerda emasmiz”, deydi Qodirov.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi Server Jeparov Fabio Kannavaro boshqarayotgan jamoaga 2026 yilgi Jahon chempionatida tajriba yetishmaganini va to‘p bilan muomala qilishda qator kamchiliklar kuzatilganini aytdi.
“Bizda bunday yirik musobaqada ishtirok etish tajribasi yetishmadi. Bu O‘zbekiston terma jamoasining ilk Jahon chempionati edi. Kolumbiya va Portugaliya bizdan ancha kuchli jamoalar. Kongo Demokratik Respublikasi esa imkoniyatlarimiz doirasidagi raqib edi. Ammo biz futbolni to‘p bilan o‘ynashni o‘rganishimiz kerak. Futbol bu to‘p bilan o‘ynaladigan o‘yin. Biz esa har uchala uchrashuvda ham deyarli to‘psiz harakat qildik. Bu O‘zbekiston uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Biz to‘pga egalik qilishimiz, o‘yinni nazorat qilishimiz kerak. Bu bizning kuchli jihatimiz”, deydi Jeparov.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi terma jamoaning hujumni boshlashdagi kamchiliklarini tanqid qildi.
“Himoyalanish ham o‘yinning muhim qismi. Biroq to‘pni qaytarib olgandan keyin qanday harakat qilishimiz ham taktik jihatdan katta ahamiyatga ega. Shunchaki to‘pni oldinga tepib yuborish yechim emas. Uchta o‘yin statistikasi shuni ko‘rsatdiki, jamoamiz asosan to‘psiz o‘ynadi. Hozirda kuchli Yevropa chempionatlarida harakat qilayotgan atigi uch nafar futbolchimiz bor va bu juda kam. Biz to‘g‘ri tahlil qilishimiz hamda kelgusi Jahon chempionatlariga raqobatbardosh tarzda tayyorgarlik ko‘rish uchun to‘rt yildan sakkiz yilgacha mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqishimiz kerak. Eng muhimi, keyingi mundiallarda faqat ishtirok etish emas, balki munosib o‘yin ko‘rsatishga erishishimiz lozim”, deydi Jeparov.
Bundan tashqari, Rossiyaning “Baltika” klubi bosh murabbiyi Andrey Talalayev O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtirokini kutilganidan ko‘ra yomonroq ekanini aytdi.
“O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida ham bir necha og‘iz. Albatta, bu jamoa mundialda debyut qildi va undan katta natija kutilmagandi. Ammo uchta o‘yinda 2:11 hisobidagi to‘plar nisbati va birorta ham ochko to‘play olmagani, ayniqsa tarkibida Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev hamda Eldor Shomurodov kabi futbolchilar bo‘lgan jamoa uchun juda yomon natija. Bu murabbiy almashinuvining oqibati. Ular eskisidan voz kechishdi, ammo yangisini qura olishmadi”, deydi Talalayev.
Shuningdek, “Match TV” boshlovchisi va sharhlovchisi Dmitriy Guberniyev ham O‘zbekiston milliy terma jamoasining debyut Jahon chempionatidagi ishtirokini baholadi.
“Birinchi qadam doim ham muvaffaqiyatli chiqmaydi. Jamoada yetakchi bo‘lishi kerak bo‘lgan futbolchilar bor edi, ammo ular, afsuski, yakkakurashlarda raqiblariga yutqazishdi. Individual mahorat jihatidan ham jamoa raqiblaridan ancha past edi. Balki maydonda fidoyilik yetishmagandir, ammo bor holat shu. Shunga qaramay, jamoaga o‘yini uchun rahmat aytish kerak”, deydi Guberniyev “Match TV” dasturidan birida.
Agar transfer bo‘lmasa, mundialning sport qiymati kamayadi
Bugungi futbol iqtisodiyotida Jahon chempionatining eng katta yutuqlaridan biri – futbolchilarning transfer qiymatini oshirishdir. Har bir mundialdan keyin o‘nlab futbolchilar kuchli chempionatlarga yo‘l oladi. Skautlar aynan shu musobaqada yangi nomlarni izlaydi. Klublar millionlab yevrolik qarorlarni aynan Jahon chempionatidagi o‘yinlarga qarab qabul qiladi.
O‘zbekiston uchun ham asosiy mezonlardan biri shu bo‘lishi kerak edi. Agar mundialdan keyin kamida ikki yoki uch nafar futbolchi Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya yoki Fransiyaning Top-5 ligalariga yo‘l olsa, bu turnir sport nuqtai nazaridan o‘zini oqlagan bo‘ladi. Chunki bunday transferlar nafaqat o‘sha futbolchilarning, balki butun O‘zbekiston futbolining nufuzini oshiradi. Yevropa klublari o‘zbek futbol bozoriga jiddiyroq qaray boshlaydi, keyingi avlod futbolchilari uchun ham eshiklar ochiladi.
Agar bunday transferlar amalga oshmasa, unda og‘riqli savol tug‘iladi: mundial o‘zbekistonlik futbolchilarga nima berdi?
- Tarixiy suratlarmi?
- Muxlislarning quvonchimi?
- Yoki shunchaki “biz ham Jahon chempionatida o‘ynadik” degan xotirami?
Professional futbol bunday hissiyotlar bilan yashamaydi. Professional futbol natija va rivojlanishni talab qiladi.
Mundial ayrim futbolchilar uchun o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bo‘ldi. Eng avvalo, himoyachilar bosim ostida o‘ynash tajribasiga ega bo‘ldi. Kuchli hujumchilarga qarshi harakat qilish ular uchun katta maktab vazifasini o‘tadi. Biroq hujum chizig‘idagi futbolchilar haqida bunday deyish qiyin. Ular na statistikasi, na o‘yini bilan Yevropa skautlarini hayratga sola oldi.
4 million yevrolik savol
Fabio Kannavaroning maoshi mundial davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi. Xalqaro OAVda uning yillik maoshi 4 million yevroga yaqin ekani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu raqamni rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da, aynan shu summa keng muhokama qilindi. Ammo bu yerda asosiy masala pulning o‘zi emas. Asosiy savol – bu loyiha O‘zbekiston futboliga nima berdi?
Agar murabbiy uzoq muddatli tizim yaratsa, yosh futbolchilarni rivojlantirsa va futbol falsafasini o‘zgartirsa, katta maosh o‘zini oqlashi mumkin. Lekin agar loyiha faqat bir mundial bilan yakunlansa va shartnoma tugagach murabbiy mamlakatni tark etsa, unda bu xarajat qanday baholanadi?
Fabio Kannavaro ertaga boshqa terma jamoa yoki klubni boshqarishi mumkin. Uning tarjimai holida esa “Jahon chempionatida ishlagan murabbiy” degan yana bir muhim band paydo bo‘ladi. Ammo bunda O‘zbekiston futboliga foyda yo‘q. Faqat Kannavaroning rezyumesiga plyus, xolos. Mana shu savolga bugunning o‘zida aniq javob yo‘q.
O‘FA javob berishi kerak bo‘lgan savollar
Mundial yakunlangach, tanqid faqat murabbiyga qaratilishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Asosiy savollarni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga berish vaqti ham keldi. Nega murabbiylar shtabida o‘zbekistonlik mutaxassislar yo‘q edi? Nega bu loyiha mahalliy murabbiylar uchun tajriba maktabiga aylantirilmadi?
Axir Jahon chempionati nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar uchun ham eng katta tajriba maktabi hisoblanadi. Ravshan Haydarov, Mirjalol Qosimov, Temur Kapadze yoki Islom Ismoilov kabi ertaga milliy terma jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan nomlarga Kannavaroning yordamchisi sifatida mundilda ishlash imkoni berilmadi?
Va eng muhim savol: nima uchun O‘zbekiston terma jamoasi bilan tarixiy natijalarga erishgan, mamlakatni o‘z tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionatiga olib chiqqan Temur Kapadze emas, balki murabbiylik faoliyatida deyarli jiddiy natijaga erishmagan, avval ishlagan jamoalarining aksariyatidan iste’foga chiqarilgan va asosan futbolchilik faoliyati bilan nom qozongan Fabio Kannavaro tanlandi? Bu qaror qanday mezonlar asosida qabul qilindi?
Mundial nimani berdi?
Shunday qilib, O‘zbekiston 2026 yilgi Jahon chempionatidan uchta muhim yutuq oldi.
- Birinchisi – tarix.
- Ikkinchisi – tajriba.
- Uchinchisi – dunyo futboli bilan o‘z darajasini taqqoslash imkoniyati.
Ammo yo‘qotilgan jihatlar ham kam emas. Futbolchilarning aksariyati o‘z transfer qiymatini sezilarli oshira olmadi, murabbiylar shtabining qarorlari ko‘plab savollarni ochiq qoldirdi. Eng muhimi, O‘zbekiston hali Jahon chempionatiga chiqish bilan Jahon chempionatida raqobatbardosh bo‘lish o‘rtasida katta masofa borligini his qildi.
2026 yil O‘zbekiston futboli tarixida unutilmaydi. Ammo bu mundialning haqiqiy bahosi bugun emas, ikki-uch yildan keyin ma’lum bo‘ladi.
Agar shu davr ichida ikki-uch nafar futbolchi Top-5 ligalarda o‘ynashni boshlasa, mahalliy murabbiylar xalqaro tajribani amalda qo‘llasa, yoshlar tizimida islohotlar davom etsa va milliy terma jamoa keyingi yirik turnirlarda bundan kuchliroq ko‘rinsa, 2026 yilgi mundial O‘zbekiston futboli uchun burilish nuqtasi sifatida tarixda qoladi. Agar buning aksi yuz bersa, tarixiy ishtirok faqat chiroyli xotiraga aylanadi. Chunki futbol tarixida eng qimmat sovg‘a – mundialga chiqish emas. Eng qimmat sovg‘a — o‘sha mundialni burilish nuqtasiga aylantirish. Bugun O‘zbekiston futboli aynan mana shu tanlov oldida turibdi.
Live
Barchasi