Urushning 653-kuni. Isroil G‘azoda yordam olmoqchi bo‘lgan 92 kishini o‘qqa tutdi
Olam
−
21 iyul 2025 2236 2 daqiqa
Isroil armiyasi G‘azoning turli hududlarida kamida 115 nafar falastinlikni o‘ldirdi. Ularning 92 nafari shimoldagi Zikim, janubdagi Rofiya va Xon-Yunusdagi yordam punktlarida oziq-ovqat olishga harakat qilgan paytda o‘ldirilgan. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Halok bo‘lganlarning asosiy qismi Zikimda BMT yordam karvoni un tarqatayotgan paytda yordam olmoqchi bo‘lgan. Tibbiy manbalarga ko‘ra, bu yerda 79 kishi o‘ldirilgan. Rofiya va Xon-Yunusdagi hujumlarda esa 9 va 4 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Rofiya hududida bir kun avval yana 36 kishi halok bo‘lgani bildirilgan.
G‘azoda davom etayotgan blokada fonida vaziyat yomonlashib bormoqda. So‘nggi bir sutka ichida ochlikdan kamida 19 kishi vafot etgani ma’lum qilingan. G‘azoliklar omon qolish uchun yordam punktlariga borishga majbur bo‘lmoqda, ammo bu ularning hayotiga keskin xavf tug‘dirmoqda.
Zikim punktidagi hujumdan omon qolgan g‘azolikning aytishicha, u yarador yigitni velosipedda shifoxonaga olib borgan, ammo atrofda tez yordam mashinalari yo‘qligi va umumiy og‘ir vaziyat tufayli yordam ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan.
Isroil armiyasi Zikimdagi voqeani tasdiqlagan, ammo o‘z bayonotida “tahdidlarga qarshi o‘t ochgani”ni ta’kidlagan. Ammo bu tahdidga oid dalillar taqdim etilmagan.
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) esa bu da’volarni rad etgan va o‘q uzilgan paytda yordam karvoni atrofini ochlikdan aziyat chekayotgan odamlar o‘rab olganini bildirgan. WFP vakillariga ko‘ra, karvon 25 yuk mashinasidan iborat bo‘lib, Zikimdan o‘tganidan so‘ng tanklar, snayperlar va boshqa qurolli kuchlar tomonidan o‘qqa tutilgan.
Tashkilot G‘azoda ochlik misli ko‘rilmagan darajaga yetganini aytadi. 90 ming ayol va bola zudlik bilan davolanishga muhtoj, har uchinchi kishi bir necha kundan beri ovqat yemagan.
G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zining so‘nggi byulletenida Isroilning G‘azoga qarshi urushida 2023 yil 7 oktyabrdan beri kamida 58 895 kishi halok bo‘lgani, 140 485 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni Isroil zarbalari oqibatida G‘azo sektorida kamida 70 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Halok bo‘lganlar orasida gumanitar yordam olish uchun taqsimot markazlari yonida kutib turgan 36 nafar fuqaro ham bor.
Live
Barchasi