Umrini o‘zbek tili uchun kurashga bag‘ishlagan olim vafot etdi
Jamiyat
−
09 noyabr 2025 21539 3 daqiqa
1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi yo‘lida ulkan xizmat ko‘rsatgan tilshunos olim Baxtiyor Isabek (O‘rdabekli) 80 yoshida olamdan o‘tdi. Janoza bugun, 9 noyabr kuni peshin namozida Kulolqo‘rg‘on masjidida o‘qiladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Baxtiyor Isabek 1945 yilda Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyati, Sulton Rabot qishlog‘ida tug‘ilgan. 1961-1966 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi pedagogika universiteti) tarix-filologiya fakultetini tamomlagan.
Ilk mehnat faoliyatini 1966 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasida laborant sifatida boshlagan. 1968-1993 yillarda sobiq ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1980-yillarning oxirlarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib chiqqan ziyolilardan biri bo‘lgan va bu harakatlarda uning talabalari ham faol ishtirok etgan.
1993 yilda demokratik qarashlari sababli ishdan bo‘shatilgan Isabek nafaqaga chiqqunga qadar ishsiz qolgan. U o‘z xotiralarida til masalasi bilan bog‘liq harakatlarda “butun kaltak o‘z boshimda sindi” deb yozgan.
“O‘zbek tilining davlat tili bo‘lishi uchun menga o‘xshagan ko‘p odam azob tortgan, ammo butun kaltak menda singan. Keyin esa o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishida tashabbus ko‘rsatganlar ko‘payib ketdi. Mayli, yaxshi ishning sohiblari ko‘p bo‘ladi. Millatning birinchi belgisi — til. Agar tilning o‘lmasligi uchun harakat qilgan odamni ko‘rsangiz, bilingki, u millatning o‘lmasligi uchun ham harakat qilgan insondir”, degan edi u.
Baxtiyor Isabek universitetda ishlagan davrda ham ijodiy va ilmiy faoliyatni to‘xtatmagan. Uning ilk kitobi 1984 yilda Iristoy Qo‘chqortoyev bilan hamkorlikda yozilgan va nashr etilgan “Turkiy filologiyaga kirish” qo‘llanmasidir. 1995 yilda “Sayram” risolasini, 2006 yilda esa Qozog‘istondagi o‘zbek maktablarining 10-sinfi uchun “O‘zbek tili” darsligini yozgan. Shuningdek, “Sulton Rabot”, “Erk yo‘lida”, “Turkologiyaga kirish”, “Qiziqarli ona tili”, “O‘g‘uznoma”, “Yassaviy hikmatlari lug‘ati” kabi o‘nlab asarlar muallifi va “Yassaviy nasabnomasi va Amir Temur” kitobiga so‘zboshi yozgan.
Bundan tashqari, Turkiston va Markaziy Osiyo bo‘yicha tarixchi va sharqshunos olim Boymirza Hayitning “Turkiston Rossiya va Xitoy oralig‘ida”, Fuod Ko‘pruluning “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar”, Lev Gumilyovning “Qadimgi turklar” asarlarini hamda qozoq yozuvchisi O‘ljas Sulaymonovning “Az i Ya” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Olimning shu kunga qadar beshta ilmiy asari va 200 dan ortiq maqolalari chop etilgan. U Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi xalqaro mukofot sohibidir.
QALAMPIR.UZ tahririyati marhumning yaqinlari va oila a’zolariga chin dildan hamdardlik bildiradi.
Live
Barchasi