Ukrainadagi urushda qancha o‘zbekistonlik halok bo‘lgani aytildi
Olam
−
10 iyul 52441 6 daqiqa
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida jang qilgan kamida 3 589 nafar xorijlik halok bo‘lgan. Shulardan 229 nafari O‘zbekiston fuqarolari. Bu haqda BBC va “Mediazona” e’lon qilgan surishtiruv materialida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda yuritilayotgan halok bo‘lganlarning ro‘yxatida hozirda Rossiya armiyasining 233 033 nafar harbiy xizmatchisining ismi mavjud. Ulardan 1 285 nafari xorijiy davlatlar fuqarolari bo‘lib, ularning o‘limini ochiq manbalar: hukumatlar bayonotlari, qarindoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari yoki qabrlar va harbiy memoriallarning fotosuratlari asosida tasdiqlashga muvaffaq bo‘lindi.
Yana 2304 nafar Shimoliy Koreya askari 2024 yil avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga uyushtirgan hujumi paytida Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan. Ularning ma’lumotlarini BBC Koreya xizmati Pxenyandagi halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan yangi harbiy memorialning rasmiy fotosuratlari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqib aniqlagan.
Qayd etilishicha, Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan xorij fuqarolari talafotining haqiqiy raqamlari bundan ancha yuqori. Ushbu ismlar ro‘yxatini tuzishda Ukraina tomonining ma’lumotlaridan va G‘arb razvedkasining nashrlaridan foydalanilmagan. Rossiya tomonida jang qilgan xorijliklarning umumiy soni (tirik qolganlarni ham hisobga olganda) bir necha baravar ko‘p.
NATOdagilarning hisoblashicha, Rossiya kuchlari tarkibida 44 ta davlatdan taxminan 24 ming nafar xorijlik yollanma askar jang qilmoqda. Bu haqda alyansning yuqori martabali mulozimi Anqarada bo‘lib o‘tgan sammitda BBC’ga ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning aksariyat qismini Afrika davlatlaridan bo‘lganlar tashkil etadi.
“Ehtimol, yuzlab afrikaliklar shartnoma imzolagan. Kimdir o‘z ixtiyori bilan, kimdir esa majburlash oqibatida”, deydi u.
Ugandalik 45 yoshli Edson Kamvesigiye muqaddam notinch hududlarda bir necha bor ishlagan. U 2000-yillarda Iroq va Afg‘onistonga soqchi bo‘lib ishlash uchun borgan, deya so‘zlab bergan Edsonning rafiqasi Karolina Mikuza jurnalistlarga. Biroq u erining jangovar harakatlarda qatnashish tajribasi bo‘lmaganini alohida ta’kidlagan.
“Uganda Radio Network” ma’lumotlariga ko‘ra, 2004 yildan 2021 yilgacha 30 mingdan ortiq ugandalik Iroqdagi Amerika ob’ektlarida soqchi bo‘lib ishlagan. Ammo 2021 yilda AQSH qo‘shinlari Iroq va Afg‘onistondan olib chiqilganidan keyin xorijdagi yaxshi haq to‘lanadigan shartnomalar tugagan va Edson uyiga qaytgan.
Ugandada Edson taksichilik qilgan, dehqonchilikda o‘z kuchini sinab ko‘rgan, biroq topilgan pul oilasi va ikki farzandini boqishga zo‘rg‘a yetgan.
2025 yil dekabr oyida Edson xotiniga Rossiyaga soqchi bo‘lib ishlash uchun ketayotganini aytgan. Ammo borgach, hammasi boshqacha bo‘lib chiqqan. Joriy yilning 16 yanvar kuni Edson xotini bilan bog‘lanib, front chizig‘iga ketayotganini ma’lum qilgan.
“U o‘zi uchun duo qilishni so‘radi, chunki harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotgani va tez orada frontga yuborilishini aytdi”, deydi Mikuza Germaniyaning “Taz” nashri jurnalistlariga.
Oradan atigi bir hafta o‘tib, Edson Ukrainaning Xarkov viloyati Kupyansk tumanida halok bo‘lgan.
Kamvesigiyening rafiqasi hali ham erining jasadini uyiga qaytarishdan umid qilmoqda, biroq rasmiy hukumat bu ish bilan shug‘ullanishdan bosh tortgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil iyun oyiga kelib, Rossiya kuchlari tomonida jang qilib, Ukrainada yana ikki nafar Uganda fuqarosi halok bo‘lgan. Ularning ham jasadlarini uyga qaytarishning imkoni bo‘lmagan. Halok bo‘lganlarning BBC’dagi ismlar ro‘yxatida jami yettita Afrika davlati fuqarolari bor.
2022 yil o‘rtalaridan 2023 yil oxirigacha Rossiya tomonida jang qilgan xorijliklarning asosiy qismini qamoqxonalardan frontga jalb etilgan mahbuslar tashkil etgan. Ularga 6 yoki 12 oylik jangovar harakatlarda ishtirok etish evaziga qamoqdan ozod etilish taklif qilingan. Avvaliga bu bilan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK), keyinchalik esa Rossiya Mudofaa vazirligi shug‘ullangan.
Ushbu sxema, birinchi navbatda, sobiq SSSR davlatlari fuqarolariga, ayniqsa, Markaziy Osiyodan bo‘lganlarga daxl qilgan. Masalan, Tojikiston va O‘zbekistonning halok bo‘lgan fuqarolarining yarmidan ko‘pi Rossiyadagi ozodlikdan mahrum qilish joylaridan frontga yo‘l olganlar.
Top-3 Ukrainada Rossiya uchun halok bo‘lgan MDH davlatlari fuqarolari:
- O‘zbekiston – 229 qurbon;
- Tojikiston –199 qurbon;
- Ozarbayjon –108 qurbon.
Xorijliklarni jalb qilishning shartli ikkinchi bosqichi 2024 yildan 2025 yilning o‘rtalarigacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgan.
2024 yil boshida Rossiya rasmiylari Mudofaa vazirligi bilan yangi shartnomalar imzolaganlik uchun to‘lovlarni sezilarli darajada oshirgan. Taxminan shu vaqtda turli mamlakatlar: Kuba, Nepal, Hindiston, Shri-Lanka, Yaman aholisini faol jalb qilish boshlangan.
Ko‘pchilik aynan yuqori maosh bilan qiziqqan. Kimdir armiyaga borishini tushungan holda o‘z ixtiyori bilan shartnoma imzolagan. Boshqalar esa Rossiyaga o‘qish yoki qurilishda ishlash uchun boryapman deb o‘ylagan, yakunda esa aldov yo‘li bilan frontga tushib qolgan.
Top-3 Ukrainada Rossiya uchun halok bo‘lgan boshqa xorij davlatlari fuqarolari:
- Shimoliy Koreya – 2304 qurbon;
- Nepal – 72 qurbon;
- Kuba –20 qurbon.
Huquq himoyachilarining fikriga ko‘ra, 2025 yilning o‘rtalaridan boshlab sobiq SSSR davlatlaridan Rossiyaga borgan mehnat migrantlariga nisbatan yangi bosim to‘lqini kuzatilmoqda. Ularga urushda qatnashish evaziga, masalan, mamlakatga kirish taqiqini olib tashlash, tezlashtirilgan tartibda fuqarolik berish yoki deportatsiya qilish qarorini bekor qilish va’da qilinmoqda.
Advokatlar migrantlarni tahdidlar orqali Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlashgan ko‘plab holatlarni qayd etgan.
Xalqaro inson huquqlari federatsiyasi hisoboti va “Reuters” surishtiruvida qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda turmush darajasi past bo‘lgan Afrika mamlakatlari aholisini urushga jalb qilish harakatlari faollashgan.
Halok bo‘lgan xorijliklar soni bo‘yicha Shimoliy Koreya yetakchilik qilmoqda. Biroq boshqa barcha xorijliklardan farqli o‘laroq, ular urushda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi rasmiy shartnoma asosida ochiqchasiga qatnashgan. Ular haqida ma’lumot kam.
BBC’ning halok bo‘lganlar ro‘yxatida, shuningdek, Rossiya tuzilmalari tarkibida frontda halok bo‘lgan 25 nafar Ukraina fuqarosi ham tilga olingan. Ular faqat keng ko‘lamli urush boshlangan paytda Ukraina nazorati ostida bo‘lgan hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan (propiskada bo‘lgan) shaxsla.
Ularning aksariyati urushga axloq tuzatish koloniyalaridan jalb qilingan. Rossiya tomonida jang qilayotgan Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari aholisi alohida hisoblab boriladi, ularning yo‘qotishlari ushbu hisobotda aks ettirilmagan.
Shuni ta’kidlash joizki, umumiy manzarada xorijliklar hamon Rossiya tomoni yo‘qotishlarining kichik bir qismini tashkil etadi. Ismlari aniqlangan 233 ming nafar halok bo‘lgan rossiyalik harbiylardan xorij davlatlari fuqarolari (Shimoliy Koreya harbiylarini hisobga olganda) 2 foizdan kamroqni tashkil qiladi.
Shu tariqa, xorijdan odam yollash Rossiya uchun armiyani to‘ldirishning asosiy manbasi bo‘lgan o‘z fuqarolari o‘rnini bosa olmaydi. Biroq katta yo‘qotishlar va o‘z ixtiyori bilan shartnoma imzolashga tayyor bo‘lgan rossiyaliklar sonining borgan sari kamayib borishi fonida frontni ushlab turish uchun Kreml, ehtimol, askar yig‘ishning boshqa usullarini izlashiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyoning qariyb 13 ming fuqarosi Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi