Ukrainada Isroil bergan Patriot tizimi joylashtirilgan – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlariga Isroil tomonidan yetkazilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi joylashtirilganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 27 sentyabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan brifingda so‘z ochdi.

Zelenskiyga ko‘ra, bu kompleks Ukrainada bir oydan beri ishlamoqda. Shuningdek, Ukraina Prezidenti joriy yil kuzda Germaniyadan yana ikki dona Patriot tizimi kelishini aytdi.

“Bir oydan beri Isroil kompleksi Ukrainada ishlayapti. Kuzda yana ikkita Patriot tizimini olamiz”, deydi u.

Zelenskiy shuningdek, matbuot anjumanida agar Rossiya Ukrainani elektrsiz qoldirishga urinsa, Kiyev Rossiya energetika ob’ektlariga javob zarbalari berishi haqida ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “madaniyatli davlatlar hech qachon birinchi bo‘lib hujum qilmaydi va tajovuzkor bo‘lmaydi, biroq bu ularning kuchsizligini anglatmaydi”.

Ma’lumot uchun, joriy yilning iyun oyida Isroilning Ukrainadagi elchisi Mixael Brodskiy Kiyevga AQSHdan olingan va 1990 yillarning boshlarida Isroilda xizmatda bo‘lgan Patriot qurilmalari topshirilganini bildirgan. U “Isroil harbiy jihatdan yordam bermagan” degan fikrni rad etgan. Keyinchalik Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu so‘zlarni inkor etib, elchi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, Rossiya ham Isroildan izoh talab qilgan.

Patriot – bu AQSHning Raytheon kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘rta masofali zenit-raketa majmuasi bo‘lib, u samolyotlar, qanotli va ballistik raketalarni urib tushirish uchun xizmat qiladi. Kompleks tarkibiga boshqaruv punkti, radar, yo‘naltirish stansiyalari va uchirish qurilmalari kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Isroil Patriot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing