Ukrainada endi 60 yoshdan kattalar ham urushga borishi mumkin
Olam
−
29 iyul 3868 2 daqiqa
Endi Ukrainada 60 yoshdan oshgan fuqarolar ham mamlakat Qurolli kuchlari safida shartnoma asosida xizmat qilishi mumkin. Bu haqdagi qonunni bugun, 29 iyul kuni mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy qabul qildi.
Qonunga ko‘ra, harbiy holat davrida harbiy bo‘linma komandirining yozma roziligi bilan 60 yoshdan katta bo‘lgan, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan erkaklar shartnoma asosida xizmatga olinishi mumkin. Hujjatga ko‘ra, bunday shaxslar oddiy harbiy xizmatchi, serjant, katta serjant, kichik va katta ofitser lavozimlarida xizmat o‘tashlari mumkin.
Bu yoshdagi shartnoma asosidagi xizmat muddati bir yil bilan cheklanadi, ammo keyinchalik yangi shartnoma tuzish imkoni bor. Ofitserlar esa faqat Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining roziligi bilan xizmat shartnomasini imzolay oladi.
Qonun, shuningdek, ushbu toifadagi fuqarolar uchun ikki oylik sinov muddatini belgilaydi. Agar sinovdan o‘ta olmasa, shartnoma bekor qilinadi. Bundan tashqari, Ukrainadagi harbiy holat tugatilgan taqdirda, shartnoma amal qilmay qoladi.
Ma’lumot uchun, shu paytga qadar Ukrainada 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar harbiy xizmatga borishga majbur edi.
60 yoshdan kattalarni ham shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi aprel oyida bir guruh deputatlar tomonidan parlamentga kiritilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 aprel kuni Ukrainada harbiy holat va umumiy safarbarlik rejimi 90 kunga uzaytirilgani, u 9 may kunidan boshlanishi va ushbu qonun joriy yilning 6 avgustigacha amal qilishi haqida xabar berilgandi.
Shundan so‘ng, 15 iyul kuni bu muddat yana uzaytirildi. Unga ko‘ra, keyingi uzaytirish 7 avgustdan kuchga kiradi hamda 90 kun, ya’ni 5 noyabrgacha davom etadi.
Live
Barchasi