Ukraina Rossiyaning muhim neft konlariga zarba berdi
Olam
−
14:01 1298 2 daqiqa
Kecha, 10 aprelga o‘tar kechasi Ukraina Mudofaa kuchlari bo‘linmalari Kaspiy dengizi shelfidagi Rossiyaning ikkita burg‘ilash platformasiga hujum qildi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi va Ukraina Maxsus operatsiyalar kuchlari (MOK) xabar qildi.
Qayd etilishicha, operatsiya Rossiyaning harbiy-iqtisodiy salohiyatini pasaytirish strategiyasi doirasida amalga oshirilgan. Hujum oqibatida muzga chidamli statsionar platformalar – Valeriy Grayfer nomidagi kondagi LSP-2 va Yuriy Korchagin nomidagi kondagi LSP-1 platformalari zarbaga uchragan. Ukraina MOK ikkala platforma ham Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga tegishli ekanini qayd etgan. Ular Kaspiy dengizining shimoliy qismida, front chizig‘idan deyarli 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan va Rossiya armiyasini yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlashda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala konning yillik eng yuqori qazib olish hajmi 1,2 million tonna xom neft (kuniga taxminan 24 ming barrel)ga mo‘ljallangan. U yerda, shuningdek, tabiiy gaz va kondensat ham qazib olinadi.
Qayd etish joiz, so‘nggi haftalarda Ukraina Rossiyaning energetika ob’ektlariga – neftni qayta ishlash zavodlaridan tortib, Boltiq va Qora dengizdagi eksport terminallarigacha bo‘lgan hujumlarini kuchaytirdi. “Bloomberg”ning yozishicha, Kiyev shu yo‘l bilan Moskvaning Erondagi urush tufayli jahon xomashyo narxlari ko‘tarilishidan oladigan moliyaviy foydasini kamaytirishga intilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi yirik neft haydash markazlaridan biri – Krimsk chiziqli ishlab chiqarish-dispetcherlik stansiyasi Ukraina hujumi oqibatida yonib ketgan edi.
Live
Barchasi