Ukraina kafolat berishi kerak – Rossiya TIV
Olam
−
01 noyabr 2022 12650 2 daqiqa
Ukraina Qora dengizdagi “don yo‘lagi”dan harbiy maqsadlarda foydalanilmasligiga kafolat berishi kerak. Bu haqda bugun, 1 noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin Turkiyaning Rossiyadagi elchisi Mehmet Samsar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Rossiya tomoni Ukrainaga Qora dengizdagi gumanitar yo‘lakdan harbiy maqsadlarda foydalanilmasligiga kafolat berish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi Rossiya TIV saytida e’lon qilingan bayonotda.
Uchrashuvda xalqaro platformalarda ikki davlat hamkorligining asosiy yo‘nalishlari, birinchi navbatda, Kiyevning Sevastopolga yaqinda amalga oshirgan terrorchilik harakati kontekstida Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha “Qora dengiz tashabbusi” ham tahlil qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini ta’kidamoqda.
Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.
Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.
Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.
Live
Barchasi