Ukraina, Eron va sanksiyalar... Oq uy Bayden va Putin uchrashuvi tafsilotlarini ochiqladi
Olam
−
08 dekabr 2021
5971AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukraina atrofidagi vaziyatni yumshatishga chaqirdi. Oq uy Matbuot xizmati ikki davlat rahbarining onlayn uchrashuvidan keyin e’lon qilgan xabarida shu haqida yozgan.
Muzokara chog‘ida Bayden AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasi yaqinida “to‘planishi”dan xavotirda ekanini aytib, Putinni Ukraina atrofida vaziyatni yumshatishga va murosaga qaytishga chaqirgan.
“Prezident Bayden Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari harbiy vaziyat keskinlashgan taqdirda qat’iy iqtisodiy va boshqa choralar bilan javob berishini aniq aytdi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Oq uy egasi AQSH har doim Ukraina davlatining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Tomonlar shuningdek, strategik barqarorlik va kiberxavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama muloqotni ham muhokama qilgan. Bundan tashqari, ular mintaqaviy mavzularga masalan, Eronga to‘xtalib o‘tgan.
Qayd etish kerakki, muzokaralar keskinlashgan qarama-qarshiliklar fonida o‘tdi. G‘arb Moskvani Ukrainaga “bostirib kirishni” rejalashtirganlikda ayblamoqda va yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Rossiya esa barcha da’volarni rad etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yuzma-yuz formatda Prezidentlar ilk bor joriy yilning iyun oyida Jenevada uchrashgandi. O‘shandan keyin yetakchilar bir necha bor telefon orqali gaplashgan.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi