Ukraina Alyaskada yo o‘ladi, yo qoladi – Weekend

Tahlil

Tugab borayotgan hafta chinakamiga Tramp haftasiga aylandi. Siyosiy maydonda sodir bo‘lgan juda ko‘plab muhim jarayonlar aynan uning atrofida kechdi. Oq uyda 35 yillik tarixga ega Armaniston va Ozarbayjon urushiga nuqta qo‘yildi. Tramp Alyaskada Putin bilan uchrashishini ma’lum qildi. Kreml ham buni tasdiqladi.

QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida esa shu va dunyoda sodir bo‘lgan boshqa muhim voqea-hodisalarga batafsil to‘xtalamiz.

Kavkazdagi olov o‘chirildi

30 yildan ortiq tarixga ega Kavkazortidagi eng qonli mojaro yakuniga yetdi. Ozarbayjon va Armaniston nihoyat ziddiyatlarni to‘xtatishni hujjatlar bilan rasmiylashtirdi. Dunyo 8 avgust kuni Oq uyda tarixiy voqelikka guvoh bo‘ldi. Vashingtonda Tramp vositachiligida o‘tgan bu tarixiy uchrashuv bir-biridan qiziq va esda qolarli holatlarga boy bo‘ldi. AQSH Prezidenti huzuriga birinchi bo‘lib Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bordi. Undan so‘ng Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham Oq uyga tashrif buyurdi. Ikkisi ham Tramp tomonidan Oq uy bo‘sag‘asida kutib olindi. Aliyevni qarshi olish jarayonida uzoqdan turib “bu tinchlik uzoqqa cho‘zilishiga ishonasizmi” deb berilgan savolga AQSH Prezidenti “ishonchim komil”, deya javob qaytardi. Aliyev ham yuz ifodasi bilan Trampning ta’kidini tasdiqladi.

Shundan so‘ng ichkarida rostmanasiga tarixiy jarayonlar boshlandi. Tramp boshchiligida birgalikda sur’atga tushildi. Ammo yetakchilar ichida faqat Pashinyanning yuzida kulgu va o‘tgan voqealardan rozilik alomati ko‘rinmadi. Ehtimol Armaniston Bosh vaziri mag‘lubiyatni hali ham hazm qila olmagandir. Balki o‘zini ko‘proq badal to‘layotganday his qilgandir. Ammo o‘tmishga nazar tashlansa, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi urushda tomonlarning hech biri nisbatan kamroq bo‘lgan yo‘qotishlar bilan maqtana olmaydi. Ozarbayjon tarixiy adolatni tiklab, Qorabog‘ni qaytarib olish uchun yillar davomida juda og‘ir badal to‘ladi. Dunyoni tashvishga solgan va hali ham qo‘rquv va achinish hissi bilan eslanadigan shavqatsiz qatliomlar, uzoq yil o‘z yerlarining boshqa davlat nazorati ostida qolayotganiga chidab yashash – bu Ozarbayjon va uning xalqi tomonidan tortilgan azob-uqubatlar faqat bir qismi, xolos. Shu bois qaysidir davlatga nisbatan adolatsizlik bo‘ldi, deyish o‘rinli emas. Bu qora o‘tmishda barchaning o‘ziga yarasha  yo‘qotishlari bor. 

Endi Oq uydagi uch kishilik stol atrofida kechgan vaziyatlarga qaytsak. Hech kimga so‘z bermaydigan Tramp sahnani Aliyev yoki Pashinyanga bo‘shatib berishni istamadi. U o‘zini 35 yildan buyon urushib kelgan bu ikki davlatni yarashtirgan inson sifatida ko‘rsatishga anchagina tirishdi. AQSH Prezidenti Armaniston va Ozarbayjon juda uzoq yillik urushlardan so‘ng, nihoyat murosa qilishi va bu qandaydir o‘t ochishni to‘xtatish yoki harakatlarni muzlatish emas, balki doimiy va muddatsiz amal qiladigan tinchlik bitimi ekanini urg‘uladi. U shuningdek, kelajakda Ilhom Aliyev va Pashinyan o‘rtasida yaxshi munosabatlar bo‘lishiga ishonch bildirdi va bordiyu bunday bo‘lmasa, o‘sha zahotiyoq unga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi. Uchrashuv Tramp boshchiligida manashunday sodda til va erkin muhitda o‘tdi. Ozarbayjon, AQSH va Armaniston o‘rtasida uch tomonlama deklaratsiya imzolandi. Rahbarlar bir-birini maqtashni kanda qilmadi. Aliyev Tramp Kavkazga tinchlik olib kelganini aytgan bo‘lsa, Tramp undan necha yildan buyon boshqaruvda ekanini so‘radi va Aliyev 22 yil deb javob bergach, AQSH Prezidenti “demak u juda aqlli va kuchli” deya xushchaqchaq ohangda Ozarbayjon yetakchisini alqadi. 

Shu kuni Pashinyan voqealar markazidan chetda qolgandek ko‘rindi. Biroq u ham Trampga tahsin aytishni unutmadi. Armaniston Bosh vaziri tinchlik shartnomasining imzolanishi yangi tarixiy davrni ochishi, Baku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarda Trampning shaxsiy ishtirokisiz o‘zgarishlar bo‘lmasligini ta’kidladi. Bundan tashqari, uchrashuv davomida Aliyev va Pashinyanning gapi ilk bor bir joydan chiqqani ham tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Pashinyan Trampni Tinchlik uchun Nobel mukofotini olishga loyiq ekani aytganda, Aliyev ham bu borada Pashinyanning fikriga qo‘shilishi va Qo‘mitaga murojaat qilib, Tramp nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Tramp Aliyevni juda katta sovg‘a bilan siyladi.

Gap AQSH Prezidenti tomonidan Ozarbayjon yetakchisining bir etak nevaralari uchun berilgan esdalik sovg‘alari haqida ketmayapti. Bu Tramp tomonidan Ozarbayjonga qarshi 907-tuzatish bekor qilinganidir. 907-tuzatish bu – bundan 33 yil muqaddam, 1992 yilda Qo‘shma Shtatlar Kongressi tomonidan qabul qilingan AQSH hukumatining Ozarbayjonga bevosita yordamini taqiqlovchi tuzatish. U arman lobbisi tashabbusi bilan ishlab chiqilganligi aytiladi. Bu taqiq Ozarbayjonni iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash uchun AQSH hukumatidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam olmaydigan yagona postsovet davlatiga aylantirgandi. Endi esa mazkur taqiq Tramp tomonidan bekor qilindi.

Yana bir muhim kelishuv esa Ozarbayon va Armaniston o‘rtasidagi o‘ta ta’sirchan kuch – Zangezur yo‘lagining AQSHga tegishli kompaniyaga 99 yil muddatga ijaraga berilishidir. Zangezur endi 2125 yilga qadar AQSH nazorati ostida bo‘ladi va “Tramp mashruti” nomini oladi. Ozarbayjonga o‘ziga qarashli eksklav hudud bo‘lgan Naxichevanga chiqish uchun muhim bo‘lgan, Armanistonga esa ko‘proq iqtisodiy jihatdan tranzit uchun kerak bo‘ladigan bu korridor Kavkazortidagi eng asosiy yo‘nalishdir. Mazkur yo‘lakning AQSHga o‘tishi Rossiya uchun yoqimli xabar bo‘lmasligi tayin. Chunki Zangezurga egalik qilish Kavkazdagi ta’sir doiraning juda katta qismiga ega bo‘lishni anglatadi. Aliyev va Pashinyan esa bu yo‘lakning AQSHga ijaraga berilishini ijobiy baholadi. Yerevan bu qarorni investitsion rivojlanish vaji bilan, Baku esa tinchlikni mustahkamlash omili bilan izohladi.

Shunday qilib, Armaniston va Ozarbayjon ehtimoliy urushdan ancha uzoqlashdi. AQSH esa ikkisini yarashtirish orqali Kavkazortiga ancha chuqur kirib keldi. Kreml esa bu borada jim. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqalar Aliyevni, umuman olganda ikki tomonni ham ushbu tarixiy tinchlik shartnomasi bilan tabriklayotgan bir paytda Moskvadagi kayfiyat qandayligini tasavvur qilish qiyin emas. Bundan bir necha yil oldin Kavkazortidan siqib chiqarilishi boshlangan Rossiya uchun endi mintaqadagi asosiy arteriyalarning AQSHga o‘tishi yanada og‘irroq zarba bergan bo‘lsa ajab emas.

Ukraina taqdiri Alyaskada hal bo‘ladi

Rossiyaning Ukrainaga bosqini haddan ortiq cho‘zilib ketdi. Bosqin boshlanganiga 3,5 yildan oshdi. Shu kungacha bo‘lgan voqeliklar va mujmal muzokaralar birgina xulosaga yetaklamoqda. Bu bosqinni faqatgina sovuqqonlik bilan qilingan qarorlar to‘xtata oladi. Taqdir taqozosi bilan Ukraina kelajagini hal qilish bo‘yicha o‘ta jiddiy va tarixiy uchrashuv 15 avgust kuni AQSHning bir chetidagi sovuq o‘lka Alyaskada bo‘lib o‘tadi.  Tramp 15 avgust kuniga rejalashtirilgan ushbu muzokaralarni o‘z ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgach, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham buni tasdiqladi. U Alyaskaning Rossiyaga nisbiy yaqinligini hisobga olib, bu joy “juda mantiqiy” ekanini aytdi. Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Tramp ham Rossiyaga ehtimoliy ikkinchi sammit uchun taklif qilingan. Bu AQSH va Rossiya Prezidentining 4 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor uchrashishi bo‘ladi. So‘nggi bor 2021 yilda uchrashgan Jo Bayden va Vladimir Putin Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda yuzma-yuz kelgandi.

Ortda qolgan oylar davomida Ukraina va Rossiya o‘rtasida Istanbulda bo‘lib o‘tgan uch raundlik to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarda tinchlikka erishilmadi. Moskva tinchlik o‘rnatish uchun qo‘ygan o‘zining dastlabki harbiy va siyosiy shartlarini zarracha ham o‘zgartirmadi. Rossiya talablari orasida Ukrainani neytral davlatga aylantirish, harbiy kuchlarini keskin qisqartirish va NATOga intilishdan voz kechish, shuningdek, Rossiyaga nisbatan G‘arb sanksiyalarini bekor qilish nazarda tutildi. Moskva, shuningdek, Kiyevdan Rossiya Ukraina janubi-sharqida qisman bosib olgan to‘rtta hududdan o‘z harbiylarini olib chiqib, askarlarini demobilizatsiya qilishni istadi. Bu ochiq oydin ko‘rinib turgan tahqirli ultimatum bo‘lgani bois Zelenskiy hududiy imtiyozlarga qo‘yiladigan har qanday shartni qat’iyan rad etib keldi va hozir ham u o‘z pozitsiyasidan voz kechgani yo‘q.

Ayni damda esa AQSH Prezidenti bu uchrashuvning boshqa tafsilotlarini batafsil ochiqlamadi. Biroq xorij nashrlari o‘z manbalariga tayanib qator ehtimoliy ssenariylarni tamin qilmoqda.

Masalan, CBS News muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, Oq uy Yevropa yetakchilarini Rossiyaning Donbass va Qrim ustidan nazoratini tan olishni nazarda tutuvchi kelishuvga ko‘ndirishga urinmoqda. “Bloomberg” manbalariga ko‘ra esa, Ukraina Donetsk, Lugansk va Qrimdan voz kechishi kerak bo‘ladi. Buning evaziga Rossiya Xerson va Zaporojeda front chizig‘i bo‘yicha hujumni to‘xtatadi. “The Telegraph” ma’lumotiga ko‘ra esa, Ukraina xalqaro miqyosda Rossiyaning ushbu hududlar ustidan nazoratini tan olmaydi, lekin front chizig‘i bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor. Zelenskiy yo‘qotilgan hududlarni Rossiyaga berishni qat’iyan rad etgan, ammo vaqt o‘tishi bilan ularning bir qismini diplomatik yo‘l bilan qaytarish imkonini beradigan kelishuvni izlashga tayyorligini bildirgan. Moskva esa Kiyevga hududiy yon berish ehtimolini inkor etadi.

Ammo 8 avgust kuni Oq uydagi tarixiy uchrashuvda AQSH Prezidenti Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy “bir narsani imzolashi” kerakligi va unga tayyor turishi lozimligini aytdi. Biroq bu hududiy yon berish haqidagi hujjat bo‘lsa, Zelenskiyning bunga javobi aniq. 9 avgust kuni Ukraina Prezidenti mamlakat o‘z hududlarini Rossiya ixtiyoriga bermasligini qat’iy tarzda ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushni Rossiya boshlagan va tugatishni ham uning o‘zi bo‘yniga olishi kerak. Zelenskiy, shuningdek, Ukraina hech qachon o‘z yerlarini Rossiyaga berib qo‘ymasligini, bu qonunda ham belgilanganini bildirdi.

“Ukrainaliklar o‘zlariga tegishlisini himoya qilmoqda. Rossiya tomonida bo‘lganlar ham Rossiya yomonlik qilayotganini biladi. Albatta, Rossiya qilgan jinoyatlari uchun mukofotlanmaydi. Ukraina xalqi tinchlikka loyiq. Ammo barcha hamkorlar tinchlik qanday bo‘lishini tushunishi kerak. Bu urush tugatilishi zarur va uni Rossiya tugatishi kerak. Urushni boshlagan ham, barcha muddatlarni e’tiborsiz qoldirib, uni cho‘zayotgan ham Rossiyadir. Muammo shunda, boshqa narsada emas. Ukraina hududi masalasiga javob allaqachon Ukraina Konstitutsiyasida bor. Hech kim bu yo‘ldan chekinmaydi va bunga hech kim qodir bo‘lmaydi. Ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga bermaydi”, deya yozgan Ukraina rahbari. 
 

Zelenskiydan tashqari butun boshli Yevropa Ittifoqi ham Tramp va Putinning bir chetdagi o‘zaro uchrashuvidan qattiq xavotirda. Ularning qo‘rquvi huddi Ukraina rasmiylari kabi hududiy yaxlitlikning barbod bo‘lishi bilan bog‘liq. Masalan, Franskiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina taqdiri ukrainaliklarsiz hal bo‘lmasligi, shu o‘rinda bu masala Yevropa xavfsizligi bilan ham bog‘ligini eslatdi. Bundan tashqari, 9 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan telefon orqali suhbatlashdi. Zelenskiy Starmerga Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi bu suhbat Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga oz fursat qolgan bir paytda ro‘y bergani e’tiborga molik. Chunki Tramp Alyaskada faqat Putin bilan ko‘rishishni, u yerda boshqa hech kim bo‘lmasligini istayotgani tobora oydinlashmoqda.  

Ammo bo‘lajak muzokaralar haqidagi ma’lumotlardan xabardor bo‘lgan qator manbalarga egaligi aytilayotgan CBS News nashri, Ukraina Prezidenti ham Tramp va Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligi haqida xabar berdi. Nashrga ko‘ra, Zelenskiy Rossiya va AQSH rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda “muayyan darajada” ishtirok etishi mumkin. Uning aynan qaysi formatda qatnashishi mumkinligi aniqlashtirilmagan. Ukraina hukumati esa bu ma’lumotni hozircha izohlamagan.

Putin hammani xabardor qildi

Rossiyaning Ukrainaga bosqini burilish nuqtaga yetib keldi. 6 avgust kuni Trampning elchisi Stiv Uitkof va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasida kechgan 3 soatlik suhbat dunyo bo‘ylab geosiyosiy qo‘zg‘alishga sabab bo‘lmoqda. AQSH va Rossiya yetkachilari orasida bir necha kunlardan so‘ng tet-a-tet muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bungacha mazkur uchrashuvni o‘tkazish uchun Rim va Abu-Dabi asosiy davogar edi. Putinga bo‘lsa, ko‘proq BAA qulayligini uning o‘zi, Uitkoffni kuzatib yuborib, ortidan darhol amirlik Prezidentini qabul qilganda aytdi. Ammo tomonlar Alyaska degan yakuniy qarorda to‘xtashdi.
Ammo Markaziy Osiyo uchun uchrashuv joyi va sanasi muhim emas.

Mintaqa davlatlariga ko‘proq Tramp tomonidan Uitkoff orqali yetkazilgan signallar va Ukrainadagi bosqinni to‘xtatishda barter uchun nimalarni taklif qilgani qiziq. Uitkoff Kremlni tark etgach, Tramp va Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov uchrashuv ijobiy o‘tganiga ishora qilganidan so‘ng, tahlilchilar ikki o‘rtadagi “oldi-berdi”larga e’tibor qaratishdi. 

Ehtimoliy ssenariy esa quyidagicha. Ekspertlar G‘azodagi voqealar fonida G‘arbda Isroilga nisbatan oppozitsiya shakllangani, Falastinni tan olish kun tartibidan o‘rin olgani tufayli Tramp Rossiyadan sektordagi masala bo‘yicha neytral pozitsiyada turishni va Ukrainadagi urushni tugatishni so‘ragan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Buning evaziga esa Rossiya tomonidan Ukrainaning bosib olingan yerlarida Moskva nazorati tan olinishi ehtimoli bor. Aynan shu sababdan ham Zelenskiyning kabinetidan xavotirli bayonotlar va ukrainaliklar hech qachon bosqinchiga o‘z yerlarini berib qo‘ymasligi kabi signallar yangramoqda. 

Endi shu o‘rinda Rossiyadan neft sotib olayotgani uchun Tramp tomonidan qo‘shimcha bojlarga duchor qilingan Hindiston, huddi shu sabab bilan nishonga olinishga yaqin turgan Xitoy va ta’sir doiralar bo‘yicha Markaziy Osiyo xususidagi kutilmalar kabi yana qator masalalarchi, degan savol o‘rtaga chiqadi. 8 avgust kuni Putin va mazkur davlatlarning yetakchilari o‘rtasida kechgan telefon suhbatlari yuqoridagi savolni yanada dolzarb qildi. Rossiya yetkachisi bir kunning o‘zida 5 davlat yetkachisi bilan suhbatlashdi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Hindiston Bosh vaziri Naredra Modi, Xitoy raisi Si Szinpin bilan gaplashdi. Ular orasida esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor. Suhbatning asosiy mavzusi Uitkoff bilan kechgan muzokaralarning tafsilotlari ekani ma’lum qilindi.

Lukashenko, Si va Modi bilan nega gaplashilganini taxmin qilish qiyin emas. Lukashenko bugun Putin bilan har qanday sharoitda eng ko‘p muloqot qiladigan shaxs. Modi va Sida esa Rossiya bilan savdo qilayotgani uchun AQSHning sanksiyalari borasida turli muammolar bor. Ammo Putin Markaziy Osiyo yetakchilari To‘qayev va Mirziyoyevga Uitkoff bilan muzokaralar haqida ma’lumot berganidan muddao nimaligi qiziq. Kreml matbuot xizmatida barcha rahbarlar bilan suhbat tafsiloti deyarli bir xil “navbatchi so‘zlar” bilan yoritilgan. Uitkoff bilan uchrashuv tafsilotlarining o‘rtoqlashilgani, Ukraina mojarosini tinch va diplomatik yo‘l bilan hal qilish qo‘llab-quvvatlangani va hokozalar shular jumlasidandir. Ammo bir narsani unutmaslik lozim, odatda geosiyosiy kuchlar uzoq yillik ziddiyat va tortishuvlardan so‘ng kelishuvga harakat qila boshlasa, ularning atrofidagi mintaqalar ustidan ta’sir doirasini bo‘lishib olish yoki voz kechish asosiy ayirboshlash ob’ekti bo‘ladi.

Eron tirik qolgan olimlarini Isroildan yashirdi

Eronning yadroviy olimlari yana e’tibor markazida. “Telegraph” rasmiy Tehron mamlakat yadroviy dasturida ishlayotgan, so‘nggi urushdan so‘ng tirik qolgan olimlarini Isroil hujumlaridan himoya qilish maqsadida yashirin va xavfsiz hududlarga joylashtirganini iddao qilyapti. 12 kunlik urush davomida Isroil hujumlari davomida 30 dan ortiq eronlik tadqiqotchi o‘ldirilgani aytilgandi. Shu sababli Tehron xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirib, yadrovioy olimlarni oddiy uylaridan Tehron va shimoliy sohil bo‘ylab joylashgan xavfsiz villalarga ko‘chirgan. Olimlarning avvalgi uylarida yashashi va universitetlarda dars berishi taqiqlangan. Ularning oliy ta’lim muassalaridagi o‘rnini esa yadroviy izlanishlarga aloqasi yo‘q xodimlar egallagan. “The Telegraph” nashrining qayd etishicha, tirik qolgan mutaxassislar doimiy qo‘riqlanadigan rezidensiyalarda istiqomat qilmoqda. Nashr Isroil qo‘lidagi ro‘yxatdan 100 ga yaqin shaxsdan 15 dan ortig‘ining ismlarini ko‘rgani va ular hozir ikki yo‘l – hayotini xavf ostiga qo‘yib, ishni davom ettirish yoki butunlay kasbini o‘zgartirish oralig‘ida turganini ham ma’qlum qildi. Chunki Isroil ularni strategik nishon deb bilishda davom etmoqda.

Ammo razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron yadroviy dasturini shunday tashkil qilganki, har bir muhim olimning o‘rnini bosuvchi va undan keyin shu ishini davom ettiruvchi yordamchisi bor. Ular 2-3 kishilik kichik guruhlarda ishlaydi.

Qolganlar orasida portlovchi moddalar, neytron fizikasi va jangovar kallak ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar mavjudligi aytilmoqda. 

Shu o‘rinda iyun oyida sodir bo‘lgan Isroil hujumi paytida o‘ldirilgan nufuzli olimlar ro‘yxatini esga olsak. “Tasnim” axborot agentligi Isroil tomonidan o‘ldirilgan 6 nafar nufuzli yadroviy olimlar ro‘yxatini e’lon qilgandi. Ulardan biri Eron parlamentining sobiq deputati, yadro fizikasi bo‘yicha mutaxasis, 2011 yildan 2013 yilgacha Eron atom energiyasi tashkilotini boshqargan Faridun Abbosiy edi. Bundan tashqari, Eron Mudofaa sanoati o‘quv va tadqiqot institutida fotonika loyihasining rahbari bo‘lgan fizik – Muhammad Mehdi Tehranchi ham o‘sha hujumlarda o‘ldirilgandi. Shuningdek, bu ro‘yxatdan yana Shahid Behishti universitetining yadro muhandisligi fakulteti dekani Abdulhamid Manuchehr, shu universitetdagi professorlar Ahmadrizo Zulfiqoriy va Sayyid Amirhusayn va yadro olimi Motablizodalar joy olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Vladimir Putin Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Ozarbayjon Ilhom Aliev Ukraina Vladimir Zelenskiy Nikol Pashinyan Armaniston Alyaska Jeneva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing