Ukraina haqiqiy tinchlik muzokaralariga tayyor – Zelenskiy
Olam
−
14 fevral 4547 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy dushman Rossiya bilan “juda qiyin” tinchlik muzokaralarini kutmoqda. Bu haqda bugun, 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida (MSC) jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
U har qanday vaqtda “haqiqiy muzokaralar”ga tayyor ekanini aytdi. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina tomoni Rossiya harbiy agressiyasini to‘xtatishning turli yo‘llarini – tinchlikparvar qo‘shinlar kontingentidan tortib, xavfsizlik kafolatlari va NATOga qo‘shilishgacha bo‘lgan masalalarni muhokama qilishga tayyor.
“Biz Putinni to‘xtatish uchun har qanday choralarni ko‘rishga tayyormiz”, deb ta’kidladi Ukraina Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u Myunxenda Rossiya vakillari ishtirokida bo‘lishi mumkin bo‘lgan muzokaralardan bexabar bo‘lgan:
“Men bu haqda hech narsa bilmayman, balki mendan ko‘ra kimdir yaxshiroq biladi. Avvalo, AQSH va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan muzokaralar olib boriladi, va shundan keyingina rossiyalik muzokarachilar bilan uchrashuvlar mumkin bo‘ladi”, deb ta’kidladi u.
Zelenskiy, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Turkiyaga rejalashtirilgan bir qator xorijiy tashriflarni e’lon qildi, u yerda ham Rossiya vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilmagan.
DPA'ning yozishicha, Zelenskiy yana bir bor tinchlik muzokaralarida muhokama qilinmaydigan “qizil chiziq”ni tortgan.
“Qonuniy jihatdan biz hech qachon bosib olingan hududlarni Rossiya deb tan olmaymiz. Ular konstitutsiyada mustahkamlangan va chegaralarni o‘zgartirish to‘g‘risida faqat Ukraina xalqi qaror qabul qilishi mumkin”, dedi Zelenskiy.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina hududida tinchlikni ta’minlash uchun xorijiy qo‘shinlarni joylashtirish rejasi allaqachon tayyor va “harbiylar buning ustida ishlamoqda”, biroq qo‘shinlarning ehtimoliy joylashtirilishi xaritasi hali e’lon qilish uchun mo‘ljallanmagan.
Zelenskiy, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha “yakuniy rejasi” yo‘qligini aytdi.
“Biz Amerika va ittifoqchilarimiz bilan muhokama qilishga tayyormiz. Agar ularda bizning aniq talablarimizga aniq javoblar bo‘lsa va Putin xavfi haqida umumiy tushuncha mavjud bo‘lsa, biz – shu umumiy pozitsiya bilan – ruslar bilan gaplashishga tayyormiz”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq MSC'da ishtirok etayotgan AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Ukrainaga qo‘shin yuborishni istisno etmagandi.
Live
Barchasi