“U endi yo‘q”. Tramp Eronning yangi Oliy rahnamosi o‘lganini taxmin qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning yangi Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy haqida anchadan beri hech qanday yangilik olmaganini ta’kidlab, uning vafot etganini taxmin qildi. Bu haqda u “Financial Times” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Tramp intervyu davomida urush boshida va undan keyingi zarbalar oqibatida Eronning ko‘p yillik oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va ko‘plab boshqa yuqori martabali mulozimlar halok bo‘lganidan keyin mamlakatda allaqachon “rejim o‘zgarishi” sodir bo‘lganini aytgan.

Shuningdek, Tramp Ali Xomanaiyning o‘g‘li va Eronning yangi Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy yo o‘lgan, yoki og‘ir jarohatlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volarini takrorlagan.

“O‘g‘li yo o‘lgan, yoki ahvoli o‘ta og‘ir. Biz u haqda umuman hech narsa eshitmadik. U endi yo‘q”, deydi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 mart kuni Eronda yangi Oliy rahnamo saylangani e’lon qilingan edi. Ushbu lavozimni halok bo‘lgan Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li – 56 yoshli Mujtabo Xomanaiy egallagan.

Ko‘p o‘tmay, yangi Oliy rahnamoning go‘yoki jarohatlangani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu ma’lumotni dastlab mamlakat prezidentining o‘g‘li inkor etgan edi. Keyinroq esa Islom Respublikasi TIV vakili Ismoil Bag‘oiy Mujtabo Xomanaiy haqiqatan ham yaralanganini, biroq o‘zini yaxshi his qilayotganini ma’lum qildi.

17 mart kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning yangi Oliy rahnamosi salomatligi joyida ekani va tez orada jamoatchilikka murojaat qilishini bildirdi. Biroq, 20 mart kuni AQSH Milliy razvedkasi rahbari Tulsi Gabbard Mujtabo Xomanaiyning ahvoli bo‘yicha bayonot berib, u jiddiy jarohat olganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oyatulloh Ali Xomanaiy Mujtabo Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing