Tutanxamon maqbarasi yaqinidan yashirin xonalar belgilari aniqlandi
Olam
−
12:18 1129 2 daqiqa
Tutanxamon maqbarasi yaqinida o‘tkazilgan geofizik tadqiqotlar yer ostida noma’lum xonalar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu haqda joriy yilning 17 sentyabr kuni Amarna Royal Tombs Project seriyasida e’lon qilingan yangi hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Ayn-Shams universiteti arxeologi Mamduh al-Damati boshchiligidagi guruh Podshohlar vodiysidagi KV62 – Tutanxamon maqbarasini o‘rgangan. Hisobotda 2023–2024 yillarda o‘tkazilgan dala tadqiqotlari hamda avvalgi izlanishlar natijalari qayta ko‘rib chiqilgan.
Tadqiqotlar georadar va mikrogravimetriya usullari yordamida amalga oshirilgan. Mikrogravimetriya – yer ostidagi jinslar zichligidagi juda kichik o‘zgarishlarni aniqlash orqali yashirin bo‘shliqlarni izlash imkonini beradi.
Olimlar olingan signallarning bir qismini ko‘milgan yo‘lak va ehtimoliy xonalar mavjudligining belgilari sifatida talqin qilgan. Shu bilan birga, dafn kamerasi devorlarining bevosita ortida, taxminan ikki metrgacha bo‘lgan hududda georadar aniq bo‘shliqlarni ko‘rsatmagan.
Tadqiqotda taklif qilingan hajmiy sxema aniqlangan xonalar xaritasi emas, balki turli darajadagi ishonchga ega model hisoblanadi. Unda 2 ta xona mavjudligi haqidagi taxmin nisbatan ishonchli deb baholangan. Boshqa ehtimoliy xonalar va ularni bog‘lovchi yo‘laklar haqidagi xulosalar esa kamroq ishonchli ekani qayd etilgan.
Bildirilishicha, mazkur tadqiqot 2015 yilda misrshunos Nikolas Rivz ilgari surgan gipotezani ham qayta kun tartibiga olib chiqdi. Uning fikricha, Tutanxamon uchun kichik maqbara kattaroq shohona dafn majmuasining tashqi qismida joylashgan bo‘lishi mumkin. Rivz bu maqbara dastlab Nefertitiga tegishli bo‘lgan bo‘lishi ehtimolini bildirgan.
Biroq avvalgi geofizik tadqiqotlar turlicha natijalarni bergan. Yangi natijalar ham ushbu gipotezani hozircha to‘liq tasdiqlamaydi.
“Nature” nashri so‘roviga javob bergan mustaqil mutaxassislar tadqiqot natijalarini qiziqarli deb baholagan, ammo yakuniy xulosa chiqarishga hali erta ekanini bildirgan.
Tadqiqotchilar ehtimoliy bo‘shliqlarni kichik burg‘ulash ishlari va kamera yordamida tekshirishni taklif qilmoqda. Buning uchun Misr hukumatining ruxsati talab etiladi.
Hatto yer ostidagi bo‘shliqlar tasdiqlangan taqdirda ham, bu yerda kim dafn etilganini aniqlash uchun qo‘shimcha dalillar kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misr poytaxti Qohira yaqinida “Buyuk Misr muzeyi” nomli dunyodagi eng katta arxeologik muzey ochilgani haqida xabar berilgan edi. h
Live
BarchasiPutin To‘qayev bilan ham telefonlashdi
21 sentabr
Qashqadaryoda 2300 yillik ossuariy topildi
21 sentabr