To‘rt yillik qonli tugun: Ukrainadagi urush nega yechilmayapti?

Olam

image

Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganiga 1 418 kundan oshdi. Bu raqam ramziy ahamiyatga ega: aynan shuncha vaqt Ikkinchi jahon urushida Moskvaga natsist Germaniyasini mag‘lub etish uchun kerak bo‘lgan edi. Biroq bu safar Kreml tezkor g‘alabaga erisha olmadi – urush cho‘zildi va hal qiluvchi natija hali ham noma’lum. Bu haqda APP yozdi.

2022 yil fevral oyida Rossiya Kiyevni qisqa muddatda egallab, hukumatni almashtirishni ko‘zlagan edi. Bu reja amalga oshmadi. Janglar mamlakat sharqi va janubidagi uzoq pozitsion to‘qnashuvlarga aylangan.

RF 2014 yilda Qrimni anneksiya qilganidan buyon Ukraina hududining taxminan 20 foizini nazorat qiladi. Biroq 2022 yildan keyingi ilgarilash sust kechgan. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Moskva harakatini “bog‘ ulitkasi tezligi”ga qiyoslagan. So‘nggi ikki yilda rus qo‘shinlari Donetsk viloyati ichiga atigi 50 kilometrgacha kirib borgan.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya harbiy yo‘qotishlari 1,2 million nafarga yetishi mumkin, shundan 325 mingga yaqini halok bo‘lgan. Ukraina tomonidagi yo‘qotishlar 600 minggacha, halok bo‘lganlar esa 140 minggacha baholanmoqda. Bu – Yevropada Ikkinchi jahon urushidan beri eng halokatli mojaro.

Dronlar urushi va transheyalar

Urush ilk bosqichda tezkor manyovrlar bilan boshlangan bo‘lsa, hozir u 1 200 kilometrlik front chizig‘i bo‘ylab transheya urushiga aylangan. Ilk bor harbiy tarixda dronlar hal qiluvchi omilga aylandi.

Ukraina dronlar orqali Rossiyaning artilleriya ustunligini muvozanatlashtirishga urinmoqda. Rossiya esa uzoq masofali, optik tolali dronlardan foydalanib, front ortidagi hududlarni ham nishonga olmoqda. Bu esa ta’minot va evakuatsiyani yanada qiyinlashtirgan.

Energetika va uzoq masofali zarbalar

Qish oylarida Rossiya Kiyev energetika infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirgan. Poytaxtda elektr ta’minoti bir necha soat bilan cheklangan kunlar qayd etilgan. Ukraina esa Rossiya hududidagi neft qayta ishlash zavodlari va harbiy ob’ektlarga dron va raketa hujumlari uyushtirgan. Qora dengizda bir nechta rus kemalari yo‘q qilingan. Iyun oyida “O‘rgimchak to‘ri” amaliyoti doirasida bir nechta aviabazalar nishonga olingan.

Vashington vositachiligi va keskin talablar

AQSH prezidenti Donald Tramp urushni to‘xtatishga urinib, muzokaralarni faollashtirgan. Biroq tomonlar pozitsiyasi keskin farq qiladi. Vladimir Putin Ukrainadan Donetsk viloyatining nazorat qilinayotgan qismidan qo‘shinlarini olib chiqishni, NATOga qo‘shilishdan voz kechishni va qator siyosiy talablarni qo‘ymoqda. Kiyev esa front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish va xavfsizlik kafolatlarini talab qilmoqda.

Ukraina va uning ittifoqchilari Kreml muzokaralarni cho‘zib, hududiy yutuqlarni mustahkamlashga urinmoqda, deb hisoblaydi. Moskva esa Kiyev va Yevropa davlatlarini kelishuvni buzishda ayblamoqda.

Tinchlik nega cho‘zilmoqda?

Putin Donetskdan to‘liq chiqish talabida turibdi, Zelenskiy esa buni rad etmoqda. AQSH tomoni iyun oyiga qadar kelishuvga erishishni istashi mumkin, biroq hozircha tezkor yechim ehtimoli past. Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalar va inflyatsiya bosimi ostida qolmoqda, ammo mudofaa sanoati ishlab chiqarishni oshirgan. Hukumat asosiy ijtimoiy qatlamlarni himoya qilishga harakat qilmoqda.

Xulosa shuki, to‘rt yillik urushda hech bir tomon hal qiluvchi ustunlikka erisha olmadi. Jang maydonidagi sekin siljishlar, siyosiy hisob-kitoblar va geosiyosiy raqobat tinchlikni yanada uzoqlashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy to‘rt yillik sinovdan qanday omon qolgani haqida to‘xtalgan edik.
 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing