Turkmanistondan noqonuniy olib kirilayotgan 1,3 mlrd so‘mlik dizel to‘xtatildi
3-sahifa
−
10 fevral 6075 1 daqiqa
Turkmaniston mamlakatidan O‘zbekiston hududiga 1,3 mlrd so‘mlik noqonuniy tarzda dizel yoqilg‘isini olib kirish holati aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zenergoinspeksiya” va Bojxona qo‘mitasi Buxoro viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Turkmanistondan O‘zbekiston hududiga dizel yoqilg‘isini noqonuniy tarzda hujjatlarda “Bitumnaya mastika” tarzida ko‘rsatib olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etilgan.
“Xususan, Buxoro viloyatidagi “Olot” chegara posti orqali og‘irligi 115 tonna (qiymati 1 mlrd 300 mln so‘mlik) hujjatlarda “Bitumnaya mastika” deya ko‘rsatilgan tovar “O‘zenergoinspeksiya” kimyo laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra dizel yoqilg‘isi ekanligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu qonunbuzarlik holati yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, yoqilg‘i mahsulotlari vaqtincha saqlovga olingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 fevral kuni DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining O‘zbekistonga olib kirilishiga qarshi navbatdagi tadbirda 2986 dona supurgining dastaklari orasidan qoradori topilgandi.