Turkmanistonda masjidlar qayta ochilyapti
Olam
−
29 mart 2022 9530 1 daqiqa
Turkmanistonda koronavirusning oldini olish maqsadida avval yopilgan barcha masjidlar ertaga, 29 mart kuni Ramazon oyi arafasida ish boshlaydi. Bu haqda “Turkmenportal” nashri xabar berdi.
“Yaqinlashib kelayotgan, 2 apreldan boshlanadigan Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha masjidlar odatdagidek ishlay boshlaydi. Masjidlarni ziyorat qilish sanitariya-gigiyena me’yorlariga qat’iy rioya qilgan holda mumkin", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Turkmaniston Muftiyati joriy yil Ramazon oyida mamlakatning barcha besh viloyati va Ashxobod shahri uchun saharlik va iftorlik (ertalab va kechki ovqat) taqvimini tasdiqlagan. 30 kunlik Ramazon oyi tugagach, Hayit bayrami butun mamlakat bo‘ylab nishonlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish munosabati bilan 2020 yil 13 iyulda Turkmanistonda masjidlarga borishga cheklovlar joriy qilingandi. O‘tgan yilning aprel oyida esa masjidlar o‘z faoliyatini qayta tikladi. Keyinchalik esa yana yopilgan.
Avvalroq, O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda Ramazon oyining boshlanish sanasi e’lon qilgandi. Ahamiyatlisi, Qozog‘iston diniy idorasi vakillari muqaddas oyning boshlanishi haqidagi qaror O‘zbekiston va Qirg‘iziston ulamolari bilan kelishib, qabul qilinganini bildirdi.
Live
Barchasi