Turkmaniston Yevropaga gaz yetkazib bermoqchi

Olam

image

Turkmaniston Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan energetika sohasida hamkorlik qilish uchun katta salohiyatga ega bo‘lib, mintaqaga o‘z gazini yetkazib berishga tayyor. Bu haqda Turkmanistonning sobiq prezidenti, turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov “Euronews” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Energetika sohasida ulkan salohiyat mavjud bo‘lib, bugungi kunda unga bo‘lgan o‘zaro qiziqish tobora ortib bormoqda. Buning sababi shundaki, Yevropa energiya resurslari bozori dunyodagi eng yirik bozorlardan biridir. Hozirgi sharoitda Yevropa iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun energiya xomashyosi uzluksiz va katta hajmda yetkazib berilishini talab qiladi. Turkmaniston tabiiy gaz yetkazib berish masalasida Yevropa hamkorlari bilan yaqindan ishlashga tayyor”, dedi u.

Berdimuhamedovning fikricha, gaz yetkazib berish yo‘llaridan biri trans-Kaspiy yo‘nalishi bo‘lishi mumkin.

“Biz har doim Kaspiyda to‘laqonli energetik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdori bo‘lib kelganmiz, jumladan, g‘arb yo‘nalishida dengiz ostidan quvurlar yotqizish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu bizning qonuniy huquqimiz bo‘lib, u Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi Konvensiyada mustahkamlab qo‘yilgan”, deya ta’kidladi u.

Berdimuhamedovning qo‘shimcha qilishicha, Kaspiy dengizida suvosti infratuzilmasini yaratish qirg‘oqbo‘yi davlatlarining iqtisodiy manfaatlariga mos keladi, bu esa, o‘z navbatida, energiya resurslari ishlab chiqaruvchilari, iste’molchilari va tranzit davlatlar manfaatlarini teng hisobga olishni anglatadi.

“Natijada bularning barchasi Yevroosiyoda energetik xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omiliga aylanadi”, deya xulosa qiladi u.

Bundan tashqari, Prezident Turkmaniston YeIga elektr energiya yetkazib berishga, “yashil” va vodorod energetikasi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Evropa Ittifoqi Turkmaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing