Turkiya sanksiyalar sabab Rossiyadan neft xaridini qisqartirdi – “Reuters”
Olam
−
03 noyabr 1675 3 daqiqa
Turkiyaning neft qayta ishlash zavodlari AQSH, Yevropa Ittifoqi va Britaniyaning Rossiya neft sanoatiga qarshi sanksiyalaridan keyin Iroq va Qozog‘istondan ko‘proq neft sotib ola boshladi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Reuters” agentligi kecha, 2 noyabr kuni xabar berdi.
Sanksiyalar Moskva Ukrainadagi urushni to‘xtatmaganidan keyin joriy etilgan edi.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning eng yirik neft qayta ishlash zavodlaridan biri — SOCAR Turkey Aegean Refinery, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasiga tegishli bo‘lib, yaqinda “Iroq, Qozog‘iston va boshqa rossiyaniki bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilardan to‘rt partiya neft xomashyosi”ni dekabr oyida yetkazib berish uchun xarid qilgan.
Yana bir yirik turk qayta ishlovchi – Tupras ham Rossiyadan tashqari manbalardan neft olishni oshirgan, jumladan Iroqdan keltirilayotgan Urals’ga o‘xshash sortlar ham bor. “Reuters”ning suhbatdoshlari aytishicha, ikkita katta zavodga ega Tupras yaqin vaqtda zavodlardan biri uchun rus nefti importini butunlay to‘xtatishi mumkin. Shu bilan birga, kompaniya ilk bor Braziliyadan neft xarid qilgan va noyabr boshida Angoladan Mostarda sortidagi ikkinchi partiyani kutmoqda.
Xitoy va Hindiston bilan bir qatorda, Turkiya ham Rossiya neftining yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. “Reuters” manbalariga ko‘ra, noyabr oyida Turkiya kuniga 141 ming barrel Iroq neftini qabul qiladi – bu oktyabrdagi 99 ming barrelga va yil boshidan buyongi o‘rtacha 80 ming barrelga nisbatan ancha ko‘p.
Shu bilan birga, oktyabrgacha Turkiyaning neft importining 47 foizi yoki 317 ming barreli kunlik hisobda Rossiyaga to‘g‘ri kelgan.
22 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Kreml Ukrainadagi urushni to‘xtatishdan bosh tortganidan so‘ng, Rossiyaning ikki eng yirik neft kompaniyasi — “Rosneft” va “Lukoyl”, shuningdek, ularning 34 ta tutash tuzilmalariga qarshi sanksiyalar joriy etdi. AQSH Moliya vazirligi sanksiya ostidagi kompaniyalar bilan operatsiyalarni tugatish uchun bir oy muhlat bergan.
Yevropaga “Gazprom” gazining Turkiya orqali yetkazilishi oktyabr oyida oshib bordi. Bu haqda 1 noyabr kuni Yevropaning Gaztransport tizimlari operatorlari tarmog‘i (ENTSOG) saytidagi ochiq ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya va Bolgariya chegarasidagi “Strandja 2 / Malkochlar” nuqtasi orqali oktyabrda 17 403 GVt*soat gaz o‘tgan. Bu sentyabrga nisbatan 8,7 foizga, 2024 yil oktyabriga nisbatan esa 13 foizga ko‘p. Joriy yil boshidan buyon ushbu yo‘nalish orqali 152 000 GVt*soat gaz yetkazilgan – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,5 foizga ko‘p.
Yevropaga qaratilgan “Turk oqimi” gaz quvuri – “Gazprom”ning Yevropaga neft quvur orqali yetkazib berishi uchun qolgan yagona yo‘nalish bo‘lib qolgan. “Shimoliy oqim” portlatilgandan, Ukraina orqali va “Yamal–Yevropa” quvuri orqali tranzit to‘xtaganidan keyin aynan shu yo‘l faoliyatda qolgan.
Turkiya va Rossiyani yana “Ko‘k oqim” gaz quvuri ham bog‘lab turadi, ammo undan faqat Turkiya ichki bozori uchun gaz yetkaziladi.
Yevropa Ittifoqi 2028 yil 1 yanvarga qadar Rossiyadan har qanday quvur orqali gaz importini butunlay to‘xtatishni, suyultirilgan tabiiy gazdan esa 2027 yil 1 yanvargacha voz kechishni rejalashtirgan.
Live
Barchasi