Turkiya 15 yoshgacha bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaydi
Olam
−
24 aprel 1370 4 daqiqa
Kecha, 23 aprel kuni Turkiya parlamanti 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi “Ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonun va ba’zi qonunlarga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq provayderi 15 yoshga to‘lmagan bolalarga xizmat ko‘rsata olmaydi va ushbu xizmat ko‘rsatilmasligini ta’minlash uchun yoshni tekshirish (age verification) kabi zarur choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi. Provayder 15 yoshdan oshgan bolalar uchun alohida ajratilgan maxsus xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi. Ushbu doirada ko‘rilgan chora-tadbirlar provayderning o‘z internet saytida e’lon qilinadi. Shuningdek, ochiq, tushunarli va foydalanish uchun qulay bo‘lgan ota-ona nazorati vositalarini taqdim etiladi. Ota-ona nazorati vositalari esa hisob sozlamalarini nazorat qilish, sotib olish, ijaraga olish va pullik a’zolik kabi to‘lovga asoslangan amallarni ota-ona ruxsati yoki tasdig‘i bilan bog‘lash, shuningdek, foydalanish vaqtini kuzatish va cheklash mexanizmlarini o‘z ichiga oladi.
Turkiyadan turib kunlik kirishlar soni 10 milliondan ortiq bo‘lgan ijtimoiy tarmoq provayderi kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda berilgan qaror ijrosini darhol va eng kechi bilan bir soat ichida amalga oshiradi. Qonunga muvofiq berilgan mazmunni olib tashlash yoki kirishni taqiqlash qarorlariga mavzu bo‘lgan nashrning o‘z saytida qayta e’lon qilinmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
Berilgan ma’muriy jarima bildirilgan kundan boshlab 30 kun ichida majburiyat bajarilmasa, Axborot texnologiyalari va aloqa kengashi (BTK) raisi tomonidan Turkiyada soliq to‘lovchi bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning ushbu provayderga yangi reklama berishi taqiqlanadi. Bu doirada yangi shartnomalar tuzib bo‘lmaydi va unga oid pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin emas. Reklama taqiqi qarori berilgan kundan boshlab 3 (uch) oy ichida majburiyat bajarilmasa, BTK raisi provayderning internet trafigi o‘tkazish qobiliyatini (bandit kengligini) 50 foizga toraytirish uchun jinoiy sudga murojaat qilishi mumkin.
Agar sud qarori ijro etilganidan keyin 30 kun ichida majburiyatlar bajarilmasa, BTK raisi trafikni 90 foizgacha toraytirish uchun yana sudga murojaat qilishi mumkin. Sud ikkinchi murojaat bo‘yicha xizmatning xususiyatini inobatga olgan holda pastroq foiz (lekin 50 foizdan kam bo‘lmagan holda) belgilashi mumkin. Majburiyatlar to‘liq bajarilgan taqdirda, reklama taqiqi bekor qilinadi va trafikka qo‘yilgan cheklovlar to‘xtatiladi.
Qonun bilan o‘yin platformalariga oid tartiblar ham joriy etilgan. Unga ko‘ra, o‘yin platformasi belgilangan tartibda tasniflanmagan (yosh reytingi berilmagan) o‘yinlarni taqdim eta olmaydi. Bunday o‘yinlarni faqat eng yuqori yosh mezoniga ko‘ra belgilagan holdagina taqdim etish mumkin.
Turkiyadan kunlik kiruvchilar soni 100 mingdan ortiq bo‘lgan xorijiy o‘yin platformasi Turkiyada jismoniy yoki yuridik shaxs ko‘rinishida o‘z vakilini tayinlashi va bu haqdagi ma’lumotlarni BTK’ga bildirishi shart. O‘yin platformalari ham ochiq va tushunarli ota-ona nazorati vositalarini ta’minlaydi.
Majburiyatlarini bajarmagan o‘yin platformasiga BTK tomonidan bildirishnoma yuboriladi. 30 kun ichida kamchilik tuzatilmasa, 1 milliondan 10 million turk lirasigacha ma’muriy jarima solinadi. Agar yana 30 kun ichida bajarilmasa, jarima miqdori 10 milliondan 30 million liragacha oshirilishi mumkin.
Agar ikkinchi jarimadan keyin ham talablar bajarilmasa, BTK raisi o‘yin platformasi trafigini avval 30 foizga, keyin esa 50 foizgacha toraytirish bo‘yicha sudga murojaat qiladi. Agar platforma majburiyatlarini bajarsa, solingan jarimalarning to‘rtdan bir qismi undiriladi va trafik cheklovlari bekor qilinadi.
Hujjat kuchga kirishi uchun Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uni 15 kun ichida imzolashi kerak. Cheklovlar 6 oy o‘tgach boshlanadi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 10 dekabrda Avstraliyada dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshdan kichiklar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan edi. 2026 yil boshidan esa Malayziya voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqladi. Shu yilning yanvar oyida Fransiya Milliy assambleyasi ham 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun shunga o‘xshash taqiqni ma’qullagan edi, biroq u hali Senat tomonidan tasdiqlanmagan. Daniya, Ispaniya, Avstriya, Germaniya, Gretsiya va boshqa bir qator Yevropa davlatlari ham 14–16 yoshli bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash niyatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiyada ham voyaga yetmaganlarnining ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Mamlakat hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini cheklash bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlagan.
Live
Barchasi