Trampni ta’qib qilgan prokurorga nisbatan tergov boshlandi
Olam
−
02 avgust 3756 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi mustaqil federal agentlik bo‘lgan Maxsus maslahat idorasi AQSHning amaldagi rahbari Donald Trampga nisbatan jinoiy ta’qiblar bilan shug‘ullangan sobiq maxsus prokuror Jek Smitga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda juma kuni “New York Post” nashri xabar berdi.
2025 yil yanvarida iste’foga chiqishdan oldin Smit Trampning maxfiy hujjatlarni noto‘g‘ri saqlashi, shuningdek, 2021 yil yanvarida prezidentlik saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, hokimiyatni saqlab qolishga urinishi kabi ayblovlar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqdi. Natijada Trampga qarshi ochilgan ikkala ish ham to‘xtatildi.
“New York Post” nashrining yozishicha, Smit Prezident, vitse-prezident va ma’muriyatning yuqori lavozimli amaldorlaridan tashqari hukumat amaldorlariga saylov natijalariga ta’sir o‘tkazish, jumladan, nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab chiqish uchun o‘z vakolatlaridan foydalanishni taqiqlovchi “Hetch qonuni”ni buzganlikda gumon qilinmoqda.
Tergovni senator Tom Kotton boshlagan, u Smitning faoliyatini 2024 yilgi saylovlarga aralashish deb hisoblagan va maxsus maslahat idorasidan tergov boshlashni so‘ragan.
“Jek Smitning qonuniy faoliyati Bayden va Harrisning kampaniyalari vositasi bo‘lgan. Smitning ko‘p harakatlari 2024 yilgi saylovga ta’sir o‘tkazishdan boshqa hech qanday asosga ega emas edi, bu federal qonunni buzadi”, deydi Kotton.
ABC News telekanali AQSH bosh prokurori Pam Bondi Smitga Trampga nisbatan tergov o‘tkazishda yordam bergan kamida 20 kishini ishdan bo‘shatgani haqida xabar berdi. Ishdan bo‘shatilganlar orasida prokurorlar ham, sud jarayonlarida muhim rol o‘ynamagan yordamchilar ham bor. Ularning xizmatdan chetlatilishiga fevral oyida Bondi tomonidan tashkil etilgan maxsus tezkor guruhning faoliyati yordam berdi. Uning xodimlari Trampga nisbatan siyosiy sabablarga ko‘ra tergovlarni tahlil qilishlari kerak edi.
Live
Barchasi