Trampga yaqin, Messiga xayrixoh Janni Infantinoning imperiyasi qulayaptimi?
Tahlil
−
12 iyul 44051 17 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino haqiqatdan ham futbolda xolis rahbarmi? Yoki u so‘nggi yillarda o‘zi istagan futbol tarixi yozilishiga bevosita yoki bilvosita ta’sir o‘tkazayotgan shaxsga aylanib qoldimi? Uning Lionel Messi haqidagi ko‘plab iliq bayonotlari, Argentina milliy terma jamoasiga nisbatan ochiq xayrixohligi haqidagi bahslar va 2026 yilgi Jahon chempionatida Folarin Balogun bilan bog‘liq bahsli qaror bu savollarni yanada kuchaytirdi. Ayrim muxlislar va tahlilchilar hatto Misrga qarshi bahsli uchrashuvda amaldagi chempion Argentinaning g‘alabasiga FIFA rahbariyatining ta’siri bo‘lganmi, degan savolni ham o‘rtaga tashlamoqda. Bunday qarashlarni tasdiqlaydigan ochiq dalillar mavjud emas. Biroq FIFA’ning o‘zi ham bugun ishonch inqiroziga duch kelgani, qabul qilinayotgan ayrim qarorlar esa tashkilotning siyosiy betarafligi va mustaqilligi haqidagi bahslarni yana avj oldirgani inkor etib bo‘lmaydi. Folarin Balogun ishi esa aynan shu bahslarning eng yorqin namunasiga aylandi.
Balogun ishi
Joriy yilning 2 iyul kuni AQSH hamda Bosniya va Gersegovinaga uchrashuvida mezbonlar hujumchisi Balogun raqib himoyachisi Tarik Muharemovichga nisbatan qo‘pol harakat qilgani uchun qizil kartochka olgan edi. Keyinchalik FIFA Intizom qo‘mitasi AQSH milliy terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga nisbatan qo‘llanilgan diskvalifikatsiyani shartli jazoga almashtirdi va unga Belgiyaga qarshi Jahon chempionati 1/8 final uchrashuvida maydonga tushishga ruxsat berdi. OAV xabariga ko‘ra, qaror FIFA prezidenti Janni Infantino Oq uydan qo‘ng‘iroq olganidan so‘ng qabul qilingan.
Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, FIFA tarkibiga huquqshunos mutaxassislar, amaliy yuristlar va futbol federatsiyalari rahbarlari kiradi. Qo‘mitaga advokat Al Kamali raislik qiladi. Uning o‘rinbosari Xorxe Palasio esa kolumbiyalik sobiq sudya hisoblanadi. A’zolar orasida Tonga futbol assotsiatsiyasi rahbari Lord Ve’yehala hamda avval Milliy jandarmeriyada polkovnik bo‘lib xizmat qilgan Togo futbol assotsiatsiyasi prezidenti Kossi Gay Akpovi ham bor.
Qo‘mita a’zolari mintaqaviy futbol konfederatsiyalari tomonidan nomzod sifatida ko‘rsatiladi va FIFA’ning 211 a’zodan iborat Kongressi tomonidan saylanadi. Rais yiliga 160 ming dollar maosh oladi. Qolgan a’zolarning yillik haqi 7 500 dollarni tashkil etadi va ular FIFA’da boshqa lavozimni egallashi mumkin emas. Qo‘mitaning o‘tgan yilgi umumiy xarajatlari, jumladan, xizmat safarlari va kunlik to‘lovlar bilan birga, 1,2 million dollardan biroz oshgan.
Qo‘mita rasman 18 nafar a’zodan iborat bo‘lsa-da, intizomiy ishlar bilan tanish manbalarga ko‘ra, yirik turnirlar davomida qarorlarni kichikroq guruh qabul qiladi. Ular odatda ochiq eshituvlar o‘tkazmaydi. Ishlar FIFA’ning onlayn huquqiy portaliga yuklangan hujjatlar orqali ko‘rib chiqiladi.
Huquqshunoslar ta’kidlashicha, qo‘mita avtomatik diskvalifikatsiyalarni bekor qilish vakolatiga ega emas. Uning vazifasi faqat mazkur holat qo‘shimcha intizomiy jazo talab qiladimi-yo‘qmi, shuni aniqlashdan iborat.
O‘tgan yil oxirida ham qo‘mita Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq holatga aralashgan edi. U Jahon chempionati saralash o‘yinida qizil kartochka olgach, avtomatik tarzda uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan.
Biroq qo‘mita jazoni qayta ko‘rib chiqib, Ronaldu faqat bitta uchrashuvni o‘tkazib yuborishi bilan cheklandi va unga Jahon chempionatida ishtirok etishga ruxsat berdi. Bu qaror Ronaldu Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Oq uyga tashrif buyurganidan bir hafta o‘tib qabul qilingan.
FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, apellyatsiyalar juda kam uchraydi. Qo‘mita 2024-2025 yilgi mavsumda qabul qilgan qariyb 3 500 ta qarordan (ularning 300 tadan kamrog‘i o‘yinlardagi intizomiy holatlarga oid) atigi 31 tasi yuzasidan shikoyat berilgan. Keyinchalik ularning ayrimlari qaytarib olingan. Jami 19 ta ish FIFA Apellyatsiya qo‘mitasigacha yetib borgan. Ularning 13 tasi rad etilgan, to‘rttasi qabul qilib bo‘lmaydigan deb topilgan, bitta qaror qisman, yana bittasi esa to‘liq o‘z kuchida qoldirilgan.
FIFA qo‘mita faoliyati yoki Folarin Balogun ishi bo‘yicha qaror qanday va nima asosida qabul qilinganiga izoh berish haqidagi so‘rovlarga javob bermagan.
Tanqidlarga javoban qo‘mita raisi nomidan bayonot tarqatilib, Balogun ikki qoidabuzarlikda aybdor deb topilgani ma’lum qilindi: qizil kartochka olgani va maydondan chetlatilganidan keyin o‘yin tugagach maydonga qaytib, g‘alabani nishonlagani. Unga bir o‘yinlik diskvalifikatsiya va 40 ming dollar jarima belgilangan, biroq diskvalifikatsiya bir yillik sinov muddati bilan to‘xtatib turilgan.
Bayonotda nega aynan shunday qaror qabul qilinganiga aniq izoh berilmagan. Faqatgina “hodisa bilan bog‘liq barcha holatlar va mavjud dalillar hisobga olindi”, deyilgan. Qo‘mita qizil kartochkaning o‘zi bekor qilinmaganini ta’kidlab, “qizil kartochkaning huquqiy oqibatlarini qayta ko‘rib chiqish futbol amaliyoti uchun yangilik emas”, deya qo‘shimcha qilgan.
Bayonotda, shuningdek, “masalan, UEFA’ga a’zo ko‘plab milliy assotsiatsiyalarning yuqori divizionlarida qizil kartochka bo‘yicha intizomiy qarorlarni qayta ko‘rib chiqish keng qo‘llaniladi”, deyilgan.
Biroq milliy assotsiatsiyalarda bunday qarorlar huquqshunoslar qo‘mitasi tomonidan emas, balki maxsus intizomiy yoki hakamlar organlari tomonidan qabul qilinadi. FIFA intizom kodeksida esa, shaxsni noto‘g‘ri aniqlash holatlaridan tashqari, qizil kartochkani bekor qilishga ruxsat beruvchi norma mavjud emas.
FIFA intizom bo‘limi sobiq rahbari Paolo Lombardining ta’kidlashicha, agar FIFA avtomatik jazolarni o‘zgartirish huquqiga ega bo‘lishni istasa, avval o‘z intizom kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritishi lozim. Bu esa keng muhokama va rasmiy tartib-taomillarni talab qiladi.
“Agar bu faqat bir marta qo‘llangan istisnoiy qaror bo‘lsa, FIFA kelajakda jiddiy obro‘ muammosiga duch kelishi mumkin”, dedi Lombardi.
UEFA esa mazkur qarorni “tushunarsiz va asossiz” deb baholadi. Belgiya o‘sha bahsda AQSHni 4:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, mamlakat futbol federatsiyasi FIFA intizom qoidalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilib, qarorni “qayta ko‘rib chiqishni” so‘raganini tasdiqladi.
Shundan so‘ng Infantino FIFA sud organlari “mustaqil” ekanini va “har bir ishni amaldagi qoidalar hamda taqdim etilgan dalillar asosida ko‘rib chiqishini” ma’lum qildi.
“Ularning mustaqilligi futbolning ishonchliligi va yaxlitligi uchun juda muhim. Bu tamoyilga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lish kerak”, dedi u.
FIFA Balogun ishi bo‘yicha qaror matnini ommaga e’lon qilmagan va uni AQSH futbol federatsiyasidan boshqa hech kimga taqdim etishga majbur emasligini bildirgan. Ushbu qarordan keyin Angliya va Fransiya futbol federatsiyalari ham o‘z futbolchilariga ko‘rsatilgan kartochkalar yuzasidan e’tiroz bildirgan, ammo ularning murojaatlari qanoatlantirilmagan.
Infantino va Messi voqealigi
Shuningdek, joriy Jahon chempionatining nimchorak final uchrashuvidan so‘ng Misr terma jasoasi bosh murabbiyi rahbarini ochiqdan ochiq Argentina terma jamoasini qo‘llab-quvvatlayotgani aytib o‘tdi.
“Biz amaldagi jahon chempionlaridan har tomonlama ustun o‘ynadik. Biroq natijaga nafaqat maydondagi, balki undan tashqaridagi omillar ham ta’sir qildi. Balki ular jahon chempionini musobaqada saqlab qolishni xohlagandir, balki Lionel Messining turnirda ishtirokini davom ettirishni istagandir. Futbolda ba’zan texnik jihatlardan tashqari omillar ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Jahon chempionlari barcha darajada qo‘llab-quvvatlandi”, deydi Hasan.
Uning ta’kidlashicha, uchrashuv natijasiga ishonish qiyin.
“Men bu natijaga ham, o‘yinning qanday kechganiga ham ishonmayman. “Omadsizlik” deb atashni istardim, ammo bizga nisbatan adolatsiz munosabat bo‘ldi. Bu noqonuniy edi. Men hakamga ham Argentinaning g‘alabaga munosib emasligini aytdim. Mamlakatimga qaytganimdan keyin boshqa hech qachon Jahon chempionatini tomosha qilmayman, chunki bu musobaqada adolat yo‘q”, deydi misrlik mutaxassis.
Hussam Hasan o‘z fikridan qaytmasligini ham qo‘shimcha qildi.
“Oqibati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ylaganimni aytaman. Bu o‘yin aniq soxtalashtirilgan edi va butun dunyo buni ko‘rdi. Agar ular Argentinaning g‘alaba qozonishini shunchalik xohlagan bo‘lsa, nega boshqa jamoalarni ham musobaqaga chaqirishadi? Jahon chempionati marketing industriyasiga aylanib qolgani aniq”, deya xulosa qildi Misr terma jamoasi ustozi.
Argentinaning Misr ustidan 3:2 hisobidagi dramatik g‘alabasidan keyin bahslar faqat VAR qarorlari bilan cheklanib qolmadi. Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim xorijiy nashrlarda FIFA prezidenti Janni Infantinoning Lionel Messiga nisbatan iliq munosabati ham muhokama markaziga chiqdi. Infantino yillar davomida Messini futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri sifatida bir necha bor ochiqchasiga e’tirof etgan. Shuning uchun Misr bilan bahsli uchrashuvdan keyin ayrim muxlislar va sharhlovchilar “amaldagi chempion Argentinaga nisbatan alohida munosabat bo‘lganmi?” degan savolni ham o‘rtaga tashladi.
Bunday qarashlarning paydo bo‘lishiga uchrashuvdagi ikki epizod sabab bo‘ldi. Avvalo, Misrning hisobni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan goli VAR orqali bekor qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay Argentina hal qiluvchi golni urdi. Shuningdek, misrliklar Muhammad Salohga nisbatan qoidabuzarlik uchun penalti belgilanmaganini ham tanqid qildi. Natijada Misr futbol assotsiatsiyasi FIFA’ga rasmiy shikoyat yo‘lladi, bosh murabbiy Husam Hasan esa hakamlikning xolisligi haqida ochiq savol qo‘ydi.
Biroq nufuzli xalqaro nashrlar ushbu bahslarni yoritar ekan, muhim bir nuqtani alohida ta’kidladi: hozircha Infantino yoki FIFA rahbariyatining uchrashuv natijasiga aralashganini tasdiqlovchi hech qanday dalil taqdim etilmagan. “Reuters” FIFA hakamlar qo‘mitasi rahbari Perluiji Kollinaning so‘zlarini keltirib, barcha qarorlar mustaqil hakamlar tomonidan qabul qilinganini va Infantinoning uchrashuv jarayoniga ta’sir ko‘rsatgani haqidagi iddaolar asossiz ekanini yozdi.
Shu bilan birga, bu bahslarning o‘zi FIFA uchun jiddiy imij muammosiga aylandi. Masala faqat bitta o‘yinda emas edi. Agar futbol jamoatchiligi FIFA prezidenti muayyan jamoa yoki futbolchiga nisbatan ochiq xayrixohlik bildiradi, deb o‘ylay boshlasa, hatto qoidalarga muvofiq qabul qilingan qarorlar ham shubha ostida qoladi. Bugungi kunda Infantino oldidagi eng katta vazifa aynan shu – FIFA qarorlari nafaqat adolatli bo‘lishi, balki butun dunyoga adolatli ko‘rinishi ham kerak.
Bosim qayerdan kelmoqda?
Infantinoga nisbatan tanqidlar faqat futbol jamoatchiligi bilan cheklanib qolmayapti. Inson huquqlari bo‘yicha “FairSquare” tashkiloti uning Donald Tramp bilan munosabatlari hamda FIFA Tinchlik mukofotini AQSH Prezidentiga topshirish qarorini misol qilib, FIFA Axloq kodeksining siyosiy betaraflikka oid talablari buzilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Tashkilot avval FIFA Axloq qo‘mitasiga murojaat qildi, keyin esa ushbu masala bo‘yicha Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasiga ham shikoyat qilishini ma’lum qildi. Bu oddiy tanqid emas. Chunki Infantino 2020 yildan buyon XOQ a’zosi ham hisoblanadi.
Shu bilan birga, Yevropa parlamentining bir guruh deputatlari, Norvegiya futbol federatsiyasi hamda bir qator jamoat tashkilotlari mazkur murojaatni qo‘llab-quvvatlayotganini ma’lum qildi.
Folarin Balogun bilan bog‘liq bahs Janni Infantinoga nisbatan paydo bo‘lgan yagona e’tiroz emas. Aksincha, bu so‘nggi yillarda yig‘ilib kelayotgan tanqidlarning navbatdagi ko‘rinishi bo‘ldi.
“FairSquare” bayonotiga ko‘ra, Infantino 2020 yildan buyon XOQ a’zosi hisoblanadi va uning harakatlari XOQ hamda FIFA’ning siyosiy betaraflik tamoyillariga zid bo‘lishi mumkin.
Tashkilot 2025 yil dekabr oyidayoq FIFA Axloq qo‘mitasiga shikoyat kiritgan. Unda Infantino bir necha bor Donald Trampning harakatlari va siyosatini omma oldida qo‘llab-quvvatlagani qayd etilgan.
Shuningdek, “FairSquare” FIFA Axloq qo‘mitasidan FIFA Tinchlik mukofotini ta’sis etish jarayoni, uni Donald Trampga topshirish qarori va mazkur qarorlarning tashkilot ichki qoidalariga qanchalik muvofiq bo‘lganini ham tekshirishni so‘ragan.
Tashkilot fikricha, Infantino FIFA Axloq kodeksining siyosiy betaraflikka oid 15-moddasini buzgan bo‘lishi mumkin. Mazkur moddaga ko‘ra, FIFA mansabdorlari rasmiy faoliyati davomida siyosiy jihatdan betaraf bo‘lishi shart. Qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda, kamida 10 ming Shveysariya franki miqdorida jarima va ikki yilgacha futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
XOQ prezidenti Kirsti Koventri hozircha Axloq komissiyasiga rasmiy shikoyat kelib tushmaganini, ammo bunday murojaat kelib tushsa, u belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, FIFA Axloq qo‘mitasining Tergov palatasi kotibiyati FairSquare shikoyati 2025 yil dekabr oyida qabul qilinganini tasdiqlagan. Biroq tashkilot hozircha rasmiy tergov boshlangani haqida ma’lumot bermagan.
Bu Infantino uchun haqiqiy xavfmi?
FIFA prezidentini lavozimidan chetlatish yoki uni iste’foga chiqarish juda murakkab siyosiy jarayon hisoblanadi. Infantino hozir ham Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL)ning keng qo‘llab-quvvatloviga ega.
Ushbu uch konfederatsiya FIFA’ning 211 a’zosining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Bu esa har qanday prezidentlik saylovida hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Shu sababli Yevropa davlatlari yoki ayrim federatsiyalar tomonidan bildirilayotgan tanqidlar hozircha Infantinoga jiddiy siyosiy xavf tug‘dirayotgani yo‘q. Shunga qaramay, so‘nggi voqealar Infantinoga nisbatan ishonchning ma’lum darajada pasayganini ko‘rsatmoqda.
Infantino iste’foga chiqishi mumkinmi?
Shuncha bo‘lib o‘tgan ishlardan keyin ham Janni Infantino janoblari 2027 yil 18 mart kuni Rabot shahrida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida yana nomzodini qo‘yishini yashirmayapti. Agar Afrika, Osiyo va Janubiy Amerika konfederatsiyalari qo‘llab-quvvatlovini saqlab qolsa, uning yana bir muddatga saylanish imkoniyati yuqori bo‘lib qolaveradi. Biroq vaziyat mutlaqo xavfsiz ham emas.
Agar Yevropa mamlakatlari tanqidiga boshqa qit’alar ham qo‘shilsa yoki FIFA Axloq qo‘mitasi va XOQ darajasida rasmiy tekshiruvlar jiddiy tus olsa, bu Infantinoga nisbatan bosimni sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Folarin Balogun ishi shunchaki bir futbolchining diskvalifikatsiyasi haqidagi bahs emas. Bu voqea FIFA mustaqilligi, tashkilot rahbarining siyosiy betarafligi va xalqaro sport boshqaruvining shaffofligi haqidagi bahslarni yana markazga olib chiqdi.
Hozircha Janni Infantinoga qarshi aytilgan ayblovlar uning iste’fosiga olib keladigan darajaga yetgani yo‘q. Biroq so‘nggi mojarolar uning obro‘siga ta’sir qilmoqda. 2027 yilgi prezidentlik saylovigacha bo‘lgan davr esa ushbu bosimlar qanchalik kuchayishi yoki aksincha, susayishini belgilab beradi.
Infantino tanqidlari nima uchun ko‘paymoqda?
Janni Infantino rahbarligidagi FIFA’ning 2026 yilgi Jahon chempionati uchun qabul qilgan eng bahsli yangiliklaridan biri har bir uchrashuvning har ikki bo‘limida majburiy uch daqiqalik “hydration break” joriy etilishi bo‘ldi. Ilgari bunday tanaffuslar faqat havo harorati va namlik belgilangan xavfli chegaradan oshganida qo‘llanilardi. 2026 yilgi turnirda esa o‘yin qayerda o‘tayotgani, stadionning usti yopiq yoki ochiqligi va ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har bir bo‘limning taxminan 22-daqiqasida o‘yin to‘xtatilishi belgilandi. Xattoki kuchli yomg‘ir va momaqaldirok sabab bir soatga kechiktirilgan o‘yinlar ham ushbu tanaffuslardan chetda qolmadi.
FIFA bu qarorni futbolchilar salomatligini muhofaza qilish va barcha jamoalar uchun teng sharoit yaratish zarurati bilan izohladi. Biroq bahs faqat tanaffusning tibbiy samarasi bilan cheklanmadi. Qaror barcha 104 ta uchrashuvga, hatto havo nisbatan salqin bo‘lgan paytlarga ham tatbiq etilgani tanqidlarni kuchaytirdi. “Reuters” 10 iyul holatiga ko‘ra, turnirda o‘tkazilgan 94 ta uchrashuvning birortasida ham FIFA belgilagan “ekstremal issiqlik” chegarasi qayd etilmaganini hisoblab chiqdi. Bu ma’lumot majburiy tanaffuslarning har bir o‘yinda qo‘llanilishi haqiqatan ham faqat tibbiy zaruratga asoslanganmi, degan savolni yanada dolzarblashtirdi. Shu bilan birga, FIFPRO kabi futbolchilar manfaatini himoya qiluvchi tashkilotlar FIFA’ning rasmiy chegarasi juda yuqori ekanini va xavfsizlik choralari undan oldinroq boshlanishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Tanaffuslar o‘yinning tabiiy sur’atiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Marselo Belsa futbolning ikki bo‘limdan iborat an’anaviy tuzilishi amalda to‘rt qismga bo‘lib yuborilayotganini aytdi. Uning fikricha, bunday tanaffuslar o‘yinning yillar davomida shakllangan taktik va madaniy mohiyatini o‘zgartiradi. Angliya bosh murabbiyi Tomas Tuxel ham tanaffuslar o‘yin sur’ati va jamoalarning bosimiga dastlab o‘ylaganidan ko‘ra kuchliroq ta’sir ko‘rsatayotganini tan oldi. Murabbiylar uch daqiqadan kichik taktik yig‘ilish sifatida foydalanib, futbolchilarga yangi ko‘rsatmalar berish, sxemani o‘zgartirish va raqibning ustunligini to‘xtatish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Muxlislar noroziligi ham ochiq namoyon bo‘ldi. Angliya va Xorvatiya o‘rtasidagi uchrashuvda har ikki jamoa muxlislari tanaffus boshlanganida hushtakbozlik qilib, qarorga munosabat bildirdi. Tanqidchilar bu yangilik futbolni Amerika sportiga xos to‘rt qismli tomoshaga yaqinlashtirayotgani va o‘yinni telekompaniyalar uchun qulayroq mahsulotga aylantirayotganini aytmoqda.
Eng katta shubha tanaffuslarning tijoriy qiymati bilan bog‘liq. “Reuters”ning media bozoriga bag‘ishlangan tahliliga ko‘ra, har bir uchrashuvdagi olti daqiqalik qo‘shimcha to‘xtash telekompaniyalarga ilgari mavjud bo‘lmagan eng qimmat reklama vaqtlarini taqdim etdi. S&P Global tahlilchisi Maykl Jonson ayrim hal qiluvchi o‘yinlarda tanaffus vaqtidagi reklama joylari “Superboul darajasidagi” qiymatga ega bo‘lishi va eng yirik paketlar 7-9 million dollargacha baholanishi mumkinligini aytgan. Uning fikricha, bu imkoniyat translyatsiya huquqlari uchun raqobatni kuchaytirib, FIFA’ning kelgusi media daromadlarini ham oshirishi mumkin.
Amalda ham ayrim telekompaniyalar tanaffuslarni to‘liq ekranli reklama bloklariga aylantirdi. AQSHdagi “Fox” telekanali ilk o‘yinlardan boshlab o‘yin tasvirini butunlay uzib, reklama ko‘rsatgani uchun keskin tanqid qilindi. Meksika – Janubiy Afrika uchrashuvida reklama belgilangan vaqtdan oshib ketib, telekanal jonli efirga o‘yin qayta boshlanganidan keyin qaytgan. FIFA “Fox”ning tushuntirishini qabul qilib, unga nisbatan jazo chorasi ko‘rmadi. Bu holat tanaffuslar futbolchilar salomatligidan ko‘ra reklama manfaatlariga ko‘proq xizmat qilayotgani haqidagi qarashlarni kuchaytirdi.
Infantino tanqidlarga javoban tanaffuslar ortida hech qanday tijoriy maqsad yo‘qligini va qaror faqat sport hamda futbolchilar xavfsizligi nuqtai nazaridan qabul qilinganini ta’kidladi. FIFA rasman reklama tushumlarini mazkur qoida bilan bog‘lamadi. Ammo futbolchilar salomatligi uchun joriy etilgan tanaffusning telekompaniyalarga yuz millionlab dollarlik yangi reklama imkoniyatini taqdim etayotgani shubhalarni bartaraf etmadi.
Shu ma’noda muammo tanaffusning o‘zida emas, balki FIFA’ning qarorni qanday asoslayotgani va undan kimlar moliyaviy manfaat ko‘rayotganidadir. Futbolchilar xavfsizligi, albatta, muzokara mavzusi bo‘lishi mumkin emas. Biroq agar salqin havoda, tomi yopiq va iqlim nazorati mavjud stadionda ham majburiy tanaffus saqlansa, bu qarorning tibbiy sabablar bilan bir qatorda tijoriy manfaatlarga ham xizmat qilayotgani haqidagi savol tabiiy ravishda paydo bo‘ladi.
Infantinoning xatosi nima?
Infantino davrida qabul qilingan eng g‘ayrioddiy qarorlardan yana biri 2030 yilgi Jahon chempionatini olti davlat va uch qit’ada o‘tkazish bo‘ldi. Turnirning asosiy qismi Ispaniya, Portugaliya va Marokashda tashkil etiladi. Biroq Jahon chempionatining 100 yilligini nishonlash maqsadida dastlabki uchta uchrashuv Urugvay, Argentina va Paragvayda o‘tkaziladi.
FIFA bu qarorni futbol tarixiga hurmat sifatida taqdim etdi. 1930 yilgi ilk Jahon chempionati Urugvayda o‘tkazilgani sababli, yuz yillik turnirni Janubiy Amerika bilan bog‘lash ramziy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. FIFA’ning bildirishicha, musobaqaning 97 foizi Ispaniya, Portugaliya va Marokashda o‘tkaziladi. Bu uch davlat geografik jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun tashkilot ekologik va logistik ta’sirni nazorat qilish mumkin deb hisoblamoqda.
Ammo ekologlar bu tushuntirishni yetarli deb hisoblamadi. “Reuters” suhbatlashgan iqlim mutaxassislari FIFA’ning o‘z ekologik strategiyasi bilan amaldagi qarorlari o‘rtasida ziddiyat borligini ta’kidlagan. Jamoalar, rasmiy delegatsiyalar, jurnalistlar va minglab muxlislarni Atlantika okeanining ikki tomoni o‘rtasida tashish qo‘shimcha parvozlar, mehmonxona infratuzilmasi va transport yuklamasini keltirib chiqaradi. Bu esa FIFA’ning 2030 yilgacha uglerod chiqindilarini qisqartirish va keyinchalik “nol chiqindi” maqsadiga erishish haqidagi va’dalariga mos kelmasligi aytilmoqda.
2030 yilgi mezbonlik formati atrofidagi eng jiddiy siyosiy savol esa 2034 yilgi turnir bilan bog‘liq. FIFA’ning qit’alar rotatsiyasi qoidasiga muvofiq, bir mundialga mezbonlik qilgan konfederatsiyalar keyingi tanlov jarayonida ishtirok eta olmaydi. 2030 yilgi musobaqaga Yevropa, Afrika va Janubiy Amerika rasman jalb qilingach, 2034 yilgi Jahon chempionati uchun amalda faqat Osiyo va Okeaniya federatsiyalariga yo‘l ochildi.
“The Guardian” bu jarayonni “fitna nazariyasiga ehtiyoj qoldirmaydigan, ochiq ko‘rinib turgan reja” sifatida tanqid qildi. Nashrning tahliliga ko‘ra, 2030 yilgi mezbonlikning uch qit’aga tarqatilishi Saudiya Arabistoniga 2034 yil uchun asosiy va keyinchalik yagona real nomzodga aylanish imkonini berdi. Osiyo futbol konfederatsiyasi tezda Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatladi, FIFA esa nomzodlik hujjatlarini taqdim etish uchun juda qisqa muddat belgiladi. Natijada Avstraliya rejadan voz kechdi va Saudiya Arabistoni raqobatchisiz qoldi.
Shu bois tanqidchilar 2030 yilgi “yubiley formati”ni alohida qaror emas, balki 2034 yilgi turnirni Saudiya Arabistoniga berish jarayonining bir qismi sifatida ko‘rmoqda. 2030 yil mezbonlari uch qit’ani band qildi, keyingi tender Osiyo va Okeaniya bilan cheklandi, ariza berish uchun qisqa vaqt berildi va juda katta infratuzilma hamda moliyaviy imkoniyatlarga ega Saudiya Arabistoni amalda raqobatsiz qoldi.
Janni Infantino rahbarligida FIFA moliyaviy jihatdan tarixdagi eng katta daromadlarni qo‘lga kiritayotgan tashkilotga aylandi. Jahon chempionati ishtirokchilari soni oshirildi, musobaqalar ko‘paydi, teletranslyatsiya va tijorat shartnomalari rekord darajaga yetdi. Biroq bu muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda tashkilot rahbarining obro‘si ham tobora ko‘proq bahslar markazida qolmoqda.
Futbol tarixi ko‘plab buyuk prezidentlarni eslaydi. Ammo ularning aksariyati qo‘lga kiritilgan daromadlar yoki o‘tkazilgan turnirlar soni bilan emas, balki futbolning adolati va ishonchini qay darajada saqlab qolgani bilan baholanadi. Janni Infantino ham kelajakda aynan shu mezon asosida baholanadi. Uning nomi FIFA’ni tarixdagi eng boy tashkilotga aylantirgan rahbar sifatida qoladimi yoki futbolning betarafligi va ishonchini bahslar markaziga olib chiqqan prezident sifatidami – bu savolga javobni esa endi uning keyingi qarorlari beradi.
Live
BarchasiSariosiyoda terroristik guruh ushlandi
08 avgust