Trampdan Klintongacha. Epshteyn hujjatlarida yashiringan sirlar ochiladimi?

Tahlil

image

Jeffri Epshteyn bu – tarixdagi eng yirik jinsiy savdo tarmog‘i asoschisi. Uning shaxsiyati, hayoti va o‘limi nihoyatda sirli hamda shov-shuvli va bu shovqin to‘lqini hatto uning o‘limidan keyin ham davom etib kelmoqda.

Joriy 2025 yilning 12 noyabr kuni Jeffri Epshteyn ishi to‘g‘risidagi 20 ming hujjat ommaga oshkor qilingach, internetda tom ma’noda katta to‘polon boshlandi. Negaki ochiqlangan elektron xatlarda AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampdan tortib Buyuk Britaniya sobiq shahzodasigacha eslab o‘tilgan.  Puldorlarga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun imkoniyatlar yaratib berishi bilan tanilgan Epshteyn bilan aloqada bo‘lish hech kim uchun maqtanarli hol emas. Ayniqsa bu hol bugunda dunyoning eng qudratli davlati rahbari bilan sodir bo‘lishi siyosiy doiralarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

19 noyabr kuni Jeffri Epshteynga bog‘liq uzoq yillik tergov materiallarini oshkor qilish to‘g‘risida qarorni imzolagan Trampning boshiga hali yana qanday ko‘rgiliklar tushishi hozircha noma’lum. Sababi internetga sizdirilgan ma’lumotlarda u va sobiq prezident Bill Klinton haqida turli suyakda turmaydigan gaplar tarqalgan. Bu mish-mishlar qanchalik rost yoki yolg‘on barchasini endi vaqt ko‘rsatadi.

Kim u Jeffri Epshteyn?

Jeffri Edvard Epshteyn 1953 yil 20 yanvarda Nyu-York shtatining Bruklin shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Seymur Jorj Epshteyn (1916-1991) va Paulin “Paula” Stolovskiy (1918-2004) yahudiy edi.

21 yoshida Epshteyn Manxettendagi Dalton maktabida o‘smirlar uchun fizika va matematika o‘qituvchisi sifatida ishlay boshladi. Uning qizlarga suyagi yo‘q fe’li o‘sha paytlardayoq namoyon bo‘la boshlagan edi. Keyinchalik tasodifiy tanishuvlar ortidan uning karerasi Bear Stearns investitsiya bankida davom etdi. Besh yillik qisqa ish faoliyati davomida Jeffri bankning boy mijozlari bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi va 1981 yilda ochiqlanmagan sabablarga ko‘ra bankdagi faoliyatini to‘xtatdi. Shu yilning o‘zida u “International Assest Group” (IAG) nomli moliyaviy konsultatsiya kompaniyasiga asos soldi va bakda tanishgan millioner do‘stlariga aktivlarini tiklash va yo‘qolgan aktivlar bo‘yicha maslahatlar berish bilan shug‘ullanadi. Tarmoqlarga chiqarilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u aynan shu faoliyati ortidan besh yilda juda katta daromad topgan va Financial Trust Sompany moliyaviy boshqaruv kompaniyasiga asos soladi.

Bir qarashda hammasi ishonarlidek, lekin voqealar rivoji Gollivud filmlarinikidanda tez rivojlanib, qahramonimiz juda qisqa vaqt ichida oddiy o‘qituvchidan mamlakatning eng yirik moliyaviy kompaniyasiga asos solishi ba’zilar uchun notabiiy tuyulishi mumkin.

Epshteyn familyasi tarixda muvaffaqiyatli moliyachi sifatida emas, dunyoda eng yirik jinsiy savdo tarmog‘ini yaratganligi va bu xizmati orqali nomdor siyosiy arboblar yoki boshqa sohadagi mashhurlarga o‘z ta’sirini o‘tkaza olgan shaxs sifatida qoldi. Turli manbalarga ko‘ra, Epshteyn 2000 yillar boshidan ko‘plab qizlarni o‘ziga jalb qilish, ekspluatatsiya qilish va ulardan shantaj mexanizmi sifatida foydalanish bilan shug‘ullangan.

1998 yilda Jeffri Epshteyn 7.95 million dollarga AQSHning Virjin orollaridan birini sotib oladi va barcha kompaniyalarini shu orolga ko‘chiradi. Bu orol nafaqat Jeffrining moliyaviy imperiyasi markazi, balki dunyoning mashhurlariga jinsiy ehtiyojlarini qondirish imkonini beruvchi xizmat ko‘rsatish makoni sifatida ham nom qozondi. Orolning norasmiy nomlari orasida “Ishrat oroli”, “Gunohlar oroli” va “Pedofillar oroli” kabilar borligi ham bejiz emas.

Jeffri Epshteynga nisbatan 2005-2019 yillar oralig‘ida ikki marta jinoiy ish ochilib, 2011 yilda 13 oylik yumshatilgan (kunduzi ishga chiqishga ruxsat berilgan) qamoq jazosi belgilanadi. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas degandek, qamoqdan chiqqan Epshteyn voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lishdan to‘xtamadi. Unga nisbatan 2019 yil ikkinchi jinoiy ish ochiladi va tergov boshlanadi. Tergov jarayonida hibsda bo‘lgan Jeffri noma’lum sabablarga ko‘ra qamoqxonada o‘lik holda topiladi. Video kameralar o‘chirilgan, tungi qo‘riqchilar uxlab qolgan, xullas haqiqiy Gollivud kinosi.

Ammo uning o‘limi olamshumul jinoiy ishning boshlanishi edi xolos.

Bu voqea ortidan qisqa muddat ichida Epshteynning yaratgan jinsiy savdo tarmog‘i va uning mijozlari ro‘yxati internetda tarqala boshlaydi.

Uning faoliyatini AQSHdagi Isroil lobbisi bilan bog‘lovchi farazlar ham yo‘q emas. Juda qisqa vaqt ichida o‘qituvchilikdan milliardlarga egalik qiluvchi iqtisodchiga aylanish - bu Isroil o‘ylab chiqqan ssenariy va syujetdan asosiy maqsad turli darajadagi siyosachi yoki inflyuenserlarni Isroil manfaatlariga bo‘ysundirish ekanligiga ishonuvchilar ham topiladi. Chunki ba’zi manbalar shuni ko‘rsatadiki, Epshteyn o‘z mijozlariga xizmat ko‘rsatar ekan, ularni zimdan suratga olgan bo‘lishi mumkin va bu uning asosiy shantaj quroli bo‘lgan.

Hujjatlarni oshkor qilish

Shu yilning 15 iyulida Kongressda HR4405 – Epshteyn fayllarini ochiqlash bo‘yicha akt taklif qilingan edi. Avvaliga Trampning o‘zi ham buni qo‘llab quvvatladi.  Ammo, keyinchalik uning pozitsiyasi keskin o‘zgardi, negaki internetda Epshteyn bilan aloqalarini isbotlovchi dalillar tarqala boshlagan edi.

CNN Tramp va Epshteynning bir qancha tadbirlarda birga ko‘rinish bergan suratlarini e’lon qildi. Suratlarning birida Epshteyn Tramp va uni ikkinchi rafiqasi Marla Meyplzning to‘yida mehmonlar orasida ko‘rinadi. Boshqa bir suratda esa 1999 yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Victoria's Secret moda ko‘rgazmasida Epshteyn va Trampning muloqotda bo‘lgani aks etgan.

Trampdan suratlar yuzasidan izoh so‘ralganda, u: “Siz hazillashyapsiz, shekilli”, deb javob bergan edi. Bu voqea ortidan CNN Tramp tomonidan “soxta yangilik tarqatuvchi” sifatida ham bir necha bor ta’riflangan edi. Buni qarangki, omma bu suratlarga ishondi va Epshteyn fayllarini ochish talabi kuchayib ketdi.

Iyul oyida internetda shov-shuv ko‘targan Epshteyn mijozlarining extimoliy ro‘yxati ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ro‘yxat shu qadar uzun ediki, unda prezidentlardan tortib, Nobel mukofoti sovrindorlarigacha topish mumkin edi.

E’tiborli mijozlardan biri sobiq prezident Bill Klinton. Klinton bilan bog‘liq mish-mishlar avval ham bo‘lgan edi, ammo sud tomonidan buning tasdiqlanishi ommani siyosiy doiralarga shubhasini jiddiy oshirib yubordi. 

Ro‘yxatdagi yana bir qiziq ism bu Stiven Xoking. Amyotrofik lateral skleroz ya’ni motor neyron kasalligiga chalingan olimning bu ro‘yxatda bo‘lishi bir qarashda mutlaqo mantiqqa zid. Turli kulgili konsperologiyalarga sabab bo‘lgan voqeaga keyinchalik Epshteyn tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy tadbirlarda Xoking ishtirok etganligi, uning bu jinoiy tarixga aloqasi yo‘qligi bilan izoh berildi.

12 noyabrda e’lon qilingan 20 mingdan ortiq hujjatlar Kongress qo‘mitasi tomonidan ommaga taqdim qilindi. Bu hujjatlar orasida elektron pochta yozishmalari, moliyaviy bitimlar, kundaliklar, uchrashuv rejalari va Epshteynning shaxsiy tarmoqlarini ko‘rsatib beruvchi kalendarlar mavjud. Manbalarga ko‘ra, bu hujjatlarning aksariyati avvalgi yillarda tergov materiallari sifatida mavjud bo‘lgan, ammo ayrim yangi faktlar — xususan, Epshteynning siyosiy arboblar haqida yozgan izohlari hamda shantaj mexanizmlariga oid qaydlari — jamoatchilik e’tiborini qayta qaratdi.

8 noyabr  Vakillar Palatasi Epshteyn fayllarini ochiqlash haqidagi qarorini qayta ovozga qo‘ydi va 427-1 natija bilan tasdiqlandi. Natijada 19 noyabr kuni Donald Tramp Adliya vazirligiga jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteyn bo‘yicha uzoq yillik tergov materiallarini oshkor qilishni majburiy etuvchi qonunni imzoladi. 

"Demokratlar Respublikachilar partiyasidan ko‘ra o‘zlariga ko‘proq ta’sir qiladigan “Epshteyn” muammosidan bizning AJOYIB G‘alabalarimizdan chalg‘itish uchun foydalanishdi", deb yozdi Tramp Truth Social'da.

Bundan avvalroq matbuot anjumanida Bosh prokuror Pem Bondi Adliya vazirligi Epshteynga oid materiallarni 30 kun ichida e’lon qilishini tasdiqladi.

“Biz qonunga amal qilishda davom etamiz va maksimal oshkoralikka intilamiz”, dedi Bondi.

Biroq katta ehtimol bilan hujjatlar to‘liq e’lon qilinmasligi mumkin.

Chunki Kongress qabul qilgan qonun Adliya vazirligiga Epshteyn qurbonlarining shaxsiy ma’lumotlari va amalga oshirilayotgan tergovga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan materiallarni yashirishga ruxsat beradi.

Nima bo‘lganda ham tez orada olam jinsiy savdoni o‘zining quroli qilib olgan shaxsning sirlaridan boxabar bo‘ladi.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Bill Klinton Jeffri Epshteyn Seymur Jorj Epshteyn Stiven Xoking

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing