Tramp va Putinning Budapeshtdagi uchrashuviga qo‘shilishga tayyorman – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 17 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv paytida, uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda rejalashtirilayotgan uchrashuviga qo‘shilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Zelenskiy NBC News'ga bergan intervyusida bu masala ularning suhbati davomida ko‘tarilganini aytdi.

“Mening fikrim shunday: agar haqiqiy va barqaror tinchlikni istasak, bu fojianing ikki tarafini ham jalb qilishimiz kerak. Ha, u okkupant, lekin Ukraina aziyat chekmoqda va kurashmoqda. Albatta, bizni ishtirok ettirmasdan, biz haqimizda qandaydir kelishuvlar bo‘lishi mumkin emas”, dedi Zelenskiy.

Budapeshtga borish haqidagi fikri qat’iy ekanini aytganmi, yo‘qmi degan savolga javoban Zelenskiy shunday dedi:

“Men juma kuni Trampqa aytdim: “Men tayyorman”.

Shu bilan birga, Ukraina rahbari Putinning “bu urushni shunchaki tugatishga tayyor” ekaniga shubha bildirdi.

Bundan oldin Zelenskiy Sky News’ga bergan intervyusida ham Donald Tramp va Vladimir Putin bilan uch tomonlama uchrashuvga tayyorligini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp avval Ukraina va Rossiya rahbarlarining “birma-bir, yuzma-yuz fikr almashuvi”ni taklif qilgan, shundan keyin umumiy sammitni o‘tkazish g‘oyasini aytgan.

“Men ikki tomonlama ham, uch tomonlama ham hech qanday shartlarsiz ishtirok etishga tayyor ekanimni tasdiqladim. Prezident Tramp va Putin bilan uchrashishga tayyorman. Takrorlayman: ha, men hech qanday oldindan qo‘yilgan shartlarsiz uchrashuvga tayyorman”, dedi Ukraina rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing