Tramp Suriyaga qarshi sanksiyalarni rasman bekor qildi

Olam

image

Kecha, 30 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qarshi joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Ushbu qaror “barqarorlik va tinchlik sari yo‘ldagi qadam” sifatida izohlandi. Bu haqda Oq uy bayonot berdi.

“AQSH barqaror, bir butun va o‘zi hamda qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashaydigan Suriyani qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Yagona Suriya – terroristik tashkilotlarga boshpana bermaydigan, diniy va etnik ozchiliklar xavfsizligini ta’minlaydigan Suriya mintaqaviy xavfsizlik va farovonlikni mustahkamlashi mumkin”, deyiladi farmonda.

Rossiyaga qochgan Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad, uning oila a’zolari va ag‘darilgan tuzum tarafdorlariga nisbatan sanksiyalar amalda qolmoqda.

Oq uy bayonotida aytilishicha, AQSH yangi Suriya hukumati harakatlarini, jumladan, “Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan aniq choralarni” kuzatib boradi.

Muvaqqat Suriya hukumatining tashqi ishlar vaziri Asad al-Shiboniy sanksiyalarning bekor qilinishi Suriya iqtisodiyotini tiklash yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishini va mamlakatni xalqaro hamjamiyat uchun ochishini bildirgan.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bayonotida farmon Suriya xalqiga “Bashar Asadning zolim rejimi ag‘darilgach, hayotni yangidan boshlash imkonini beradi”, deyiladi.

“Bugungi qarorlar Suriya iqtisodiyotini global savdoga qayta bog‘lash va mamlakat infratuzilmasini tiklash imkonini yaratadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Tramp Suriyaga nisbatan sanksiyalar joriy yilning may oyida, yangi Suriya yetakchisi Ahmad ash-Shara bilan Ar-Riyodda uchrashuvdan oldin olib tashlashini bildirgan edi.

Ahmad ash-Shara boshchiligidagi guruh hujumi ortidan o‘tgan yil dekabr oyining boshida Bashar Asad rejimi ag‘darilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Donal'd Tramp Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing