Tramp Netanyaxuga qarshi sud ishini to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
26 iyun 4096 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi olib borilayotgan sud ishini to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxuga qo‘yilgan ayblovlar darhol olib tashlanishi kerak.
“Men hozirgina Netanyaxuni sudga chaqirishgani haqida eshitdim. U bu dahshatli “shou”ni 2020 yilning mayidan beri boshidan kechirmoqda – bu misli ko‘rilmagan holat! Bu ishlar sigaralar va yana boshqa ko‘plab adolatsiz ayblovlarga taalluqlidir. Sud darhol bekor qilinishi yoki Netanyaxu afv qilinishi lozim!” degan Tramp.
Qolaversa, Tramp Netanyaxuni o‘zining eng yaqin va uyg‘un ishlagan siyosiy hamkorlaridan biri deb atagan.
“Menimcha, hech kim bilan Netanyaxu bilan bo‘lganchalik uyg‘un ishlamaganman. AQSH qanday qilib Isroilni qutqargan bo‘lsa, endi Netanyaxuni ham qutqaradi”, degan Oq uy rahbari.
Ma’lumot uchun, 2016 yil dekabrida Netanyaxuga qarshi korrupsiya, shaxsiy va hukumat manfaatlarini suiiste’mol qilish kabi bir necha ayblovlar bilan jinoyat ishlarini tergov qilish boshlangan. 2020 yilning may oyida bu ishlar bo‘yicha sud jarayoni start olgan, biroq ko‘plab sharhlovchilar bu jarayonni haddan tashqari sekin va siyosiy tusdagi sud deb baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Bosh prokurori, Buyuk Britaniya fuqarosi Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning hibsga olinishi bo‘yicha order berilishiga aloqadorligi sababli AQSH sanksiyalari ostiga tushgandi.
Live
Barchasi