Tramp ma’muriyati qariyb 76 ming meksikalikni AQSHdan quvdi
Olam
−
02 avgust 2607 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning yanvarida lavozimiga kirishganidan beri deyarli 76 ming meksikalik fuqarolar AQSHdan vataniga deportatsiya qilindi. Bu haqda Meksika Ichki ishlar vaziri Rosa Isela Rodriges ma’lum qildi.
“20 yanvardan hozirgacha biz AQSHdan deportatsiya qilingan 75 900 dan ortiq vatandoshlarimizni qabul qildik, ulardan 13 978 nafari havo yo‘li orqali yetib keldi”, dedi Rodriges.
Vazir “Meksika quchog‘ini ochadi” deb nomlangan hukumat strategiyasining oraliq natijalarini taqdim etdi. Bu dastur deportatsiya qilingan meksikaliklarni qabul qilishga qaratilgan bo‘lib, 34 ta federal idora va hududiy boshqaruv organlari ishtirokida muvofiqlashtirilmoqda.
Chegara hududlar – Quyi Kaliforniya, Sonora, Chiuaua, Koauila, Nuevo-Leon va Tamaulipas shtatlarida jami 25 ming kishini qabul qila oladigan migrantlarni qabul qilish markazlari tashkil etilgan. Joriy yilning yanvar oyidan beri bu markazlar orqali 36 mingdan ortiq deportatsiya qilingan shaxslar o‘tgan.
“Biz Mudofaa vazirligi va Harbiy-dengiz kuchlari sa’y-harakatlari tufayli 145 900 dan ortiq ovqat tarqatdik, 13 800 tibbiy va 5300 psixologik maslahat xizmatlarini ko‘rsatdik”, deydi Rodriges.
Deportatsiya qilinganlarga vatanga qaytganidan so‘ng yuridik va tibbiy yordam, gender zo‘ravonligi masalalari bo‘yicha maslahatlar ko‘rsatilgan, 9 mingdan ortiq tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar berilgan, 50 mingdan ziyod kishi ijtimoiy sug‘urta tizimida ro‘yxatga olingan.
“Meksika quchog‘ini ochadi” dasturi vataniga qaytganlarga ish topishda yordam berish, ijtimoiy imtiyozlar berish va 100 dollarlik bir martalik to‘lovni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shma Shtatlar Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga tayanib, AQSH Migratsiya tadqiqot markazi mustaqil ilmiy-tadqiqot tashkiloti Donald Tramp joriy yilning boshida mamlakatdagi noqonuniy migrantlarga qarshi kurashni boshlagach, ularning soni deyarli bir millionga kamaygani xabar qilingandi.
Live
Barchasi