Tramp Kanadaning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifini bekor qildi
Olam
−
23 yanvar 3755 2 daqiqa
AQSH prezidenti Donald Tramp 22 yanvar kuni Kanadaning global mojarolarni hal qilishga qaratilgan “Tinchlik kengashi” tashabbusiga qo‘shilish taklifini qaytarib oldi. Bu haqda bugun, 23 yanvar kuni “Reuters” xabar qildi.
Qayd etilishicha, Trampning bu gaplari Kanada Bosh vaziri Mark Karnining Davosdagi Jahon iqtisodiy forumidagi nutqidan keyin paydo bo‘lgan. Mark Karni forumda kuchli davlatlarning iqtisodiy integratsiyani qurol, tariflarni esa ta’sir o‘tkazuvchi vosita sifatida ishlatishini ochiqchasiga qoralagan.
Karni Davosdagi nutqida davlatlarni qoidalarga asoslangan global tartibning tugashini qabul qilishga chaqirdi. Shuningdek, u Amerika gegemoniyasi qurboni bo‘lmaslik uchun “o‘rta kuchlar” qanday qilib birgalikda harakat qilishi mumkinligi haqida o‘ylash kerakligini aytgan.
Tramp unga qarata, Kanada “Qo‘shma Shtatlar tufayli yashaydi”, deb javob berdi. Karni Qo‘shma Shtatlarning avvalgi saxovatpeshaligi uchun minnatdor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Iltimos, ushbu xat “Tinchlik Kengashi” sizga Kanadaning istalgan vaqtda yig‘ilgan eng nufuzli Rahbarlar Kengashiga qo‘shilishi haqidagi taklifini qaytarib olayotganini ko‘rsatsin. Mark, keyingi safar bayonot berganingizda buni yodingizda tuting”, deb yozgan Tramp Karniga yo‘naltirilgan “Truth Social” postida.
Trampning Kanadadan taklifni qaytarib olishi, kengashni rasman ishga tushirganidan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘ldi. AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, doimiy a’zolar har biri 1 milliard AQSH dollaridan to‘lov bilan kengashni moliyalashtirishga yordam berishlari kerak.
“Ushbu kengash to‘liq shakllantirilgandan so‘ng biz deyarli nima qilishni xohlasak, shuni qila olamiz. Va biz buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiramiz.”, – dedi Tramp 22 yanvar kuni Shveysariyada.
Kengashning tashkil etilishi Trampning G‘azo tinchlik rejasining bir qismi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan ma’qullandi va BMT vakili Rolando Gomes BMTning kengash bilan aloqalari faqat shu kontekstda bo‘lishini aytdi.
A’zo davlatlar qatoriga Argentina, Bahrayn, Marokash, Pokiston va Turkiya kiradi. AQSHning boshqa ittifoqchilari, masalan, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya hozircha qo‘shilmasligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davos shahrida O‘zbekiston yetakchisi AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etgani hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.