Tramp G‘azoda yaqin orada sulh tuzilishi mumkinligini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp G‘azo sektorida sulhga erishish kelasi haftadayoq amalga oshishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 27 iyun kuni Oq uyda jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“Ko‘p so‘rashadi va menimcha, bu juda yaqin. Men hozirgina bu jarayonda ishtirok etayotgan ba’zilar bilan gaplashdim. G‘azoda sodir bo‘layotgan voqea dahshatli. Biz o‘ylaymizki, keyingi hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatishga erishamiz. Biz bu hududga, bilganingizdek, ko‘p pul va ko‘p oziq-ovqat yetkazmoqdamiz, chunki buni qilishimiz kerak. Nazariy jihatdan biz bunga aralashmaymiz, lekin amalda aralashyapmiz, chunki odamlar o‘lyapti”, deydi Donald Tramp G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishish ehtimoli haqida berilgan savolga javob berarkan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Donald Tramp AQSH G‘azo sektorini egallab olishga va u yerda iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga tayyorligini bildirgandi. O‘shanda u G‘azo aholisini boshqa davlatlarga ko‘chirish taklifini ilgari surgandi.

Keyinroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Trampning bu taklifini “a’lo g‘oya” deb atadi. Isroil armiyasi esa ko‘chirish rejasini ishlab chiqishga kirishdi. Ko‘p o‘tmay AQSH tomonidan G‘azodan falastinliklarni ko‘chirish mumkin bo‘lgan Misr va Iordaniya kabi davlatlar nomi e’lon qilindi. Arab ligasi davlatlari esa Trampning bu taklifini rad etdi.

May oyi boshlarida esa Isroil armiyasi G‘azo sektorida o‘z operatsiyalarini “kuchaytirish va kengaytirish” uchun o‘n minglab zaxira askarlarni safarbar qilishni boshladi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik bo‘yicha hukumat kengashi HAMASga qarshi hujumni bosqichma-bosqich kengaytirishni ma’qullagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing