Tramp Eronni muzokaralarga qaytarishning yagona yo‘lini aytdi
Olam
−
16 aprel 8817 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni tezroq tugatishni xohlashini bildirdi. Bu haqda rasmiy manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Tehronni muzokaralar stoliga qaytarishning yagona yo‘li – bosimni yanada kuchaytirishdir.
Avvalroq, Niderlandiya hukumati AQSHning Eron portlarini blokada qilish rejasini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi. Bosh vazir Rob Yetten Yevropa davlatlari Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash uchun xalqaro koalitsiya tuzishi mumkinligini, ammo bu faqat janglar tugaganidan keyin amalga oshishini aytgan.
Shunga qaramay, AQSH tomonidan va’da qilingan blokadada ishtirok etuvchi davlatlar ro‘yxati haligacha taqdim etilmagan. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt esa, AQSH bu operatsiyani boshqa davlatlar yordamisiz ham muvaffaqiyatli amalga oshirayotganini ta’kidlagan.
Tramp Erondan boyitilgan uranni topshirish va uni boyitishni kamida 20 yilga to‘xtatish majburiyatini talab qilmoqda. Tehron esa 5 yillik muddatni taklif qilib, uran mamlakat ichida qolishini istamoqda.
Ayrim tahlilchilarning fikrlariga ko‘ra, iqtisodiy bosim natija berishi uchun oylar kerak bo‘lishi mumkin. Biroq Tramp ma’muriyati Eron yaqin orada kelishuvga tayyor bo‘ladi deb hisoblamoqda.
Shu bilan birga, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSHning tahdid va bosimga asoslangan siyosati vaziyatni faqat yomonlashtirishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Tehron faqatgina Eron xalqi huquqlari himoya qilingan taqdirdagina muzokaralarni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp yaqin ikki kun ichida Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, uchrashuv Pokistonda bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori, chunki bu jarayonda Pokiston vositachilik qilmoqda.
Live
Barchasi