Tramp Erdo‘g‘anning huzurida Putin va Rossiya–Ukraina urushi haqida gapirdi
Olam
−
08 iyul 4827 3 daqiqa
Kecha, 7 iyul kuni Anqarada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Uchrashuvda Tramp turli mavzularda gap ochgan hamda unga berilgan savollarga erkin va ochiq javob bergan. AQSH yetakchisi bergan bayonoti davomida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqoti va umuman, Rossiya–Ukraina urushi masalasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
“Prezident Putin bilan juda yaxshi suhbatlashdim. Putin muhtaram Erdo‘g‘annga ham katta hurmat bilan qaraydi. U bilan gaplashganimdan keyin darhol Prezident Zelenskiy bilan ham suhbatlashdim”, degan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat rahbarlari ham kelishuvga erishishni istaydi. Ular ham bu urushning yana shuncha davom etishini xohlamaydi.
“Biror yechim paydo bo‘ladi. Muhtaram Prezident ham bu jarayonda yordam bermoqda. Men “sakkizta urushni tugatamiz”, degan edim va buni ham tugatishga o‘xshayapmiz. Hozircha bunday imkoniyat bor. Albatta, ba’zan urushlar eng kutilmagan paytda boshlanishi ham mumkin”, degan AQSH rahbari.
Donald Trampning ta’kidlashicha, u butun hayoti davomida kelishuvlar tuzgan, muzokaralarga vositachilik qilgan. Shu sababli Prezident bu masalani ham hal qilishga ishonishini aytgan. Shuningdek, u Ukraina urushidagi halok bo‘lganlar haqida ham gapirgan.
“O‘tgan oyda asosan harbiylardan iborat 35 ming kishi halok bo‘ldi. Undan avvalgi oyda 24 ming, yana oldingi oyda 47 ming, undan avval esa 29 ming kishi o‘lgan. Faqat o‘tgan oyning o‘zida 35 ming yosh inson, asosan harbiylar halok bo‘ldi. Bu aqlga sig‘maydigan holat”, degan Tramp.
Donald Tramp bayonoti davomida Ukraina urushida avvalgi prezident Bayden hukumati Ukrainaga bepul qurol berganini eslab, uni tanqid ostiga olgan. O‘zi esa endi qurollarni pullayotganini bildirgan.
“Ko‘p narsa o‘zgardi. Bu Amerikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmaydi. Bayden yuzlab milliard dollarlik qurol-yarog‘ni bepul berardi. Men esa bugun ularni adolatli narxda sotyapman. Biz ularni Yevropa Ittifoqiga sotamiz, ular esa haqini to‘laydi. Men esa faqat odamlarning hayotini saqlab qolishni xohlayman.
AQSH rahbari urushdan Qo‘shma shtatlarga katta zarar yo‘qligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush ko‘p narsani o‘zgartirdi va bu yangi texnologiyalar urushi.
“Biz Yevropaga yordam beryapmiz, ammo bu bizga ta’sir qilmaydi. Oramizda okean bor. Biroq frontlarda bo‘layotgan voqealarga qarab turolmayman. Endi bu dronlar urushiga aylandi. Bu yangi texnologiyalar urushi. Biz dronlar bo‘yicha dunyoda eng ilg‘or davlatmiz. Eng mukammal dronlarga egamiz”, deb aytgan Tramp.
Uning aytishicha, Pentagon rahbari Pit Hegset Trampga urushdagi voqeiyliklardan olingan kadrlarni ulashib turadi.
“Biroq bu urush qanchalik shafqatsiz ekanini hamma ko‘rib turibdi. Rasmlarni ko‘rganimda... Mana shu yerdagi do‘stimiz Pit menga doim suratlar yuboradi, men esa unga: “Pit, men bularni ko‘rishni istamayman”, deyman. Men bunday manzaralarni hech qachon ko‘rmaganman. Bu haqiqiy qirg‘in. Bu tugashi kerak”, deydi AQSH Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, 4 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp telefon orqali muloqot o‘tkazgandi. Qariyb bir yarim soat davom etgan suhbat haqida Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov izoh bergandi.
“Prezidentlar, tabiiyki, Ukraina inqirozini hal qilish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdilar. Amerika yetakchisi harbiy harakatlarni tezroq tugatishga hamda inqirozni bartaraf etish bo‘yicha tinchlik yo‘llarini izlashga ko‘maklashishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Uning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettiradilar va qulay vaqtda Moskvaga kelishga tayyor bo‘lishadi”, degandi Yuriy Ushakov.
Live
Barchasi