Trampning tahdidlari ortidan Panama kanali AQSH kemalari uchun tekin bo‘ldi
Olam
−
06 fevral 2025 4662 3 daqiqa
Panama hukumati AQSHga tegishli kemalar uchun Panama kanalidan foydalanish to‘lovini bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.
“Endilikda AQSH hukumatiga tegishli kemalar Panama kanalidan to‘lovsiz o‘tishi mumkin. Bu esa AQSHga har yili millionlab dollar tejash imkonini beradi”, deyiladi idora bayonotida.
Qayd etish joiz, Panama hukumatining bu qaroridan avval AQSH Prezidenti Donald Tramp bir necha bor Panama kanalini qaytarib olish bilan tahdid qilgan edi. U Amerika kemalarini kanaldan o‘tkazish uchun haddan tashqari ko‘p to‘lov qilishini ta’kidlagan. Tramp, shuningdek, Xitoyning kanal ustidan katta ta’sirga ega ekanini qayd etib, yuk terminali ikkala tomondan Gonkong kompaniyasi Hutchison Whampoa Ltd bo‘linmalari tomonidan boshqarilishini bildirgan.
“Biz uni Xitoyga bermaganmiz, biz uni Panamaga berganmiz va endi qaytarib olamiz”, degan Tramp 20 yanvar kungi inauguratsiya nutqida.
Shundan so‘ng, AQSHning yangi davlat kotibi Marko Rubio xorijiy davlatga ilk tashrif sifatida Panamani tanladi. Uning Panama Prezidenti Raul Mulino bilan uchrashuvi natijasida mamlakat Xitoyning “Bir kamar – bir yo‘l” global loyihasidan chiqishini e’lon qildi. Ushbu loyiha Pekinning logistika, infratuzilma va savdo sohasida global strategiyasini ifodalaydi. Mulino bunday qarorga kelish sababini AQSHning Xitoy ishtirokini kanal zonasi bo‘yicha 1999 yilda Vashington Panamaga kanalni topshirish haqidagi shartnomaga zid deb hisoblashi bilan izohlagan.
Panama hukumatining AQSHga bergan imtiyozlariga qaramay, Tramp kanalni Vashington nazoratiga qaytarish niyatidan voz kechmadi.
“Biz Panama kanalini qaytarib olishga harakat qilyapmiz. Bu sodir bo‘ladi”, dedi u Davlat departamenti rahbarining Lotin Amerikasiga tashrifi ortidan.
Ma’lumot uchun, 1903 yilda AQSH Panama mustaqilligini qo‘llab-quvvatlab, Kolumbiyadan ajralishiga yordam bergan va shu asosda kelgusida Panama kanali joylashadigan hududdan “abadiy” foydalanish va uni nazorat qilish huquqini olgan edi. Biroq 1977 yilda kuchaygan antiamerikanistik kayfiyat fonida AQSH va Panama ikkita yangi kelishuv imzoladi. Ulardan biriga ko‘ra, 1999 yilga kelib kanalni boshqarish butunlay Panama hukumatiga o‘tishi lozim edi. Ikkinchi kelishuv esa AQSHning kanal hududida harbiy ob’ektlar joylashtirish imkoniyatini cheklagan, biroq amerikalik harbiy kemalar tranzit qilish huquqini saqlab qolgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Panama BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga AQSH Prezidenti Donald Trampning Panama kanali ustidan nazoratni qo‘lga kiritish niyati haqidagi bayonotlari yuzasidan shikoyat bilan maktub yo‘llagan edi. Maktubga Panama Prezidenti Xose Raul Mulinoning bayonoti ilova qilingan bo‘lib, u o‘z mamlakati va xalqi nomidan Trampning so‘zlarini rad etgan. Shuningdek, maktubda BMT Nizomining a’zo davlatlarga hududiy yaxlitlik yoki siyosiy mustaqillikka qarshi tahdid va kuch ishlatishni taqiqlovchi ikkita moddasi keltirilgan.
Live
Barchasi