Tojikistonda 20 daqiqalik majburiy badantarbiya joriy etildi

Olam

image

Endi Tojikistonda barcha ish beruvchilar xodimlar uchun har kuni davomiyligi 15-20 daqiqadan kam bo‘lmagan jismoniy mashqlarni tashkil etishi shart. Bu haqda tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash kodeksida so‘z boradi.

Adliya vaziri Muzaffar Ashuriyonning tushuntirishicha, ushbu yangilik mamlakat Prezidentining 2026 yil 14 fevraldagi farmoni asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, aholi o‘rtasida semirish va qandli diabet kasalliklarining oldini olish hamda salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu talab mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarga taalluqli.

“Ish beruvchilar va mansabdor shaxslar zimmasiga kuniga kamida 20 daqiqa davomida muntazam jismoniy mashqlar o‘tkazish majburiyati yuklatildi”, deydi vazir.

Bundan tashqari, tashkilot rahbarlari sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratishi va jismoniy faollikda o‘zlari ham ishtirok etishlari kerak. Ilgari ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari ayrim davlat va xususiy muassasalarda ixtiyoriy ravishda o‘tkazib kelinar edi. Keyinchalik esa mamlakatda barcha davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari shanba kunlari ertalabki badantarbiyada qatnashishga majbur qilingan. Unda istisnosiz barcha davlat xizmatchilari ishtirok etishi shart edi.

Idoralar shanbalik badantarbiyani qaysi vaqtda o‘tkazishi bo‘yicha jadval tuzilgan, shuningdek, har bir idora jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan joylar belgilab berilgan. Badantarbiya mashg‘ulotlari ertalab soat yettida boshlanib, taxminan yarim soat davom etardi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing