18 yil maktabga piyoda borib kelgan o‘qituvchiga mashina berildi
Olam
−
14 noyabr 2025 17664 2 daqiqa
Kecha, 13 noyabr kuni Tojikistonning Dushanbe shahridagi Yuriy Gagarin nomidagi o‘rta maktabda Rossiya-Tojikiston ta’lim muassasalariga avtomobil topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Tadbirda Rossiya Federasiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko va Majlisi Milliy spikeri, Dushanbe hokimi, Prezident Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomali ishtirok etdi. Unda rus tili o‘qituvchisi Orif Partoyev ham taqdirlandi. U Temurmalik tumanidagi 24-maktab o‘qituvchisi. 18 yil davomida u kuniga taxminan 16 kilometr piyoda yurgan: bir tomonga 8 kilometr va ortga qaytish uchun yana shuncha masofa.
Aytilishicha, u yashaydigan Yerbuloq qishlog‘i tuman markazidan 8 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u yerdagi yo‘l yurish uchun qiyin va notekis. Shunga qaramay, o‘qituvchi hech qachon dars qoldirmagan va o‘qituvchilar yetishmaydigan maktabda ishlashda davom etgan.
Partoyev yana uchta maktabdan o‘tib, aynan yordami kerak bo‘lgan maktabni tanlagan. Nashrning yozishicha, o‘quvchilar u mehribon va o‘z kasbiga fidoyi ekanini aytib keladi. U ko‘p yillik mehnati uchun avval Tojikiston Ta’lim va fan vazirligining “Ta’lim va fan a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Muallim dastlab mamlakatdagi blogerlardan birining u haqida tayyorlagan videosi ortidan tanilgan. Aynan shu videodan so‘ng jamoatchilik o‘qituvchini faol qo‘llab-quvvatlay boshlagan: avvalroq xayriya tashkiloti unga skuter sotib olishga yordam bergan va bu uning ishga borishini qisman osonlashtirgan.
Marosimda uning fidoyiligi va ta’limga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, unga avtomobil sovg‘a qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik professional bokschilar Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov va Bahodir Jalolov ustozi – To‘lqin Qilichevga avtomobil sovg‘a qilgandi.
Live
Barchasi