Tojikiston qandolatiga bizda boj yo‘q, biznikiga esa bor – tadbirkor (video)
Olam
−
21 yanvar 9895 2 daqiqa
Bugun, 21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi elchilari va importyor tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor Bekzod Samigjanov Tojikiston bozoriga chiqishda yuzaga kelayotgan boj muammosini ko‘tardi. Bu haqda uchrashuvda qatnashgan QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar bermoqda.
Tadbirkorning ma’lum qilishicha, u hozirda Qozog‘istonda o‘nga yaqin do‘kon ochgan, ammo u yerda O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Xususan, bir necha yil davomida tayyorlangan xodimlaridan biri deportatsiya qilingan.
“Agar hech bo‘lmasa 4-5 nafar xodimimizni o‘z korxonamizga rasman ishga joylashtirish imkoni bo‘lsa, muammolarimiz hal bo‘lardi. Aynan shu holat biz uchun katta qiyinchilik tug‘diryapti”, dedi u.
Shuningdek, tadbirkor o‘z mahsulotlarini Tojikistonga eksport qila boshlaganini, biroq qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari 15 foizlik boj to‘lashga majbur bo‘layotganini ta’kidladi. Ayni paytda esa Tojikistonda ishlab chiqarilgan qandolat mahsulotlari O‘zbekiston bozoriga bojsiz kirib kelayotgani qayd etildi. Tadbirkor ushbu nomutanosiblikni bartaraf etishda yordam so‘radi.
Murojaatni tinglagan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Tojikiston bilan bunday masalalar ko‘payib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonning Dushanbedagi elchisiga Investitsiya vazirligi bilan hamkorlikda mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ushbu muammoni ko‘tarish vazifasini yukladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston o‘zbekistonlik eksportchilarga yuqori qiymatda boj qo‘llayotgani uchun javob qaytarish masalasi ko‘tarilgan edi.
Live
Barchasi