Tojik-qirg‘iz mojarosidan so‘ng, Qirg‘iziston Prezidenti ilk bor Tojikistonga boradi
Olam
−
24 iyun 2021
4527Joriy yilning 28-29 iyun kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan Tojikistonga boradi. Bu Sadir Japarovning Qirg‘iziston Prezidenti sifatida Tojikistonga birinchi tashrifi bo‘ladi, deb xabar bermoqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, davlatlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini, shu jumladan qirg‘iz-tojik davlat chegarasidagi masalalarni muhokama qiladi.
Davlat rahbarlari ushbu uchrashuv haqida joriy yilning 30 aprel kuni telefon orqali suhbatda kelishib olgandi. O‘shanda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Sadir Japarovni eng qulay vaqtda mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilgandi, faqat tashrifning aniq sanalarini diplomatik kanallar orqali kelishish qolgandi.
O‘sha suhbatda davlat rahbarlari chegaraoldi hududlaridagi so‘nggi mojaro haqida so‘z yuritib, tojik-qirg‘iz chegarasidagi mavjud vaziyatni muhokama qilgan.
Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Sadir Japarov Tojikistonga safar oldidan joriy yilning 27-28 iyun kunlari Turkmanistonda bo‘ladi.
Turkmanistonda davlat rahbarlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, shuningdek mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi.
1 may kuni tomonlar otishmani to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.
LiveBarchasi