Toshkentda yong‘in xavfsizligiga rioya qilmagan binolar yopildi
Jamiyat
−
11:03 584 1 daqiqa
Kecha, 5 fevral kuni Toshkent shahri hududida odamlar gavjum bo‘lishi mumkin bo‘lgan binolarning favqulodda vaziyatlar, xususan, yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar FVBB QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Tekshiruvlar natijasida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot, Yunusobod, Bektemir hamda Yashnobod tumanlarida joylashgan jami 10 ta ko‘ngilochar savdo majmualarida yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan. Keltirilishicha, mazkur kamchiliklar insonlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf solgan.
Shu sababli, belgilangan tartibda ushbu ob’ektlarning faoliyati aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilguniga qadar vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Aviator” savdo-ko‘ngilochar markazida yong‘in sodir bo‘lgandi va oqibatda 3 yoshli qizaloq vafot etgandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11- (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 259-moddalari (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Live
Barchasi