Toshkentda “svet” o‘chishi 55 ming iste’molchiga ta’sir qilgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
29 iyun 3162 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahridagi “Yuksak” podstansiyasida sodir bo‘lgan avariyaviy holat sabab poytaxtdagi 4 tumanda va Toshkent viloyatidagi 1 tumanda elektr energiyasi uzilib qolgani haqida xabar berilgan edi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, podstansiyadagi 110 kV tarmoqda texnik nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda “Toshkent IEM”dagi 2 ta gaz turbina qurilmasi jami 60 MVt quvvat bilan o‘chgan. Shu sababli Toshkent shahrining Yakkasaroy, Chilonzor, Mirobod va Uchtepa tumanlari hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 55 mingta iste’molchi, shuningdek, ayrim kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalarining elektr ta’minoti uzilgan.
Bildirilishicha, tezkor avariya-tiklash ishlari natijasida:
- 21:50 da Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi 90 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti tiklangan;
- 29 iyun soat 00:08 da Mirobod tumanidagi 50 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti tiklangan;
- 00:09 da Yakkasaroy va Chilonzor tumanlaridagi yana 8 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti tik tiklangan;
- 00:25 da Chilonzor tumani hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 55 MVt yuklamadagi iste’molchilarning elektr ta’minoti tiklangan.
Bugun, tonggi 03:56 dagi xabarga ko‘ra, “Yuksak” podstansiyasida kuzatilgan nosozlik oqibatida elektr ta’minotida uzilish yuzaga kelgan barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvaoroq elektr energiyasi o‘chib qolishi oqibatida Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida joylashgan istirohat bog‘idagi attraksionlarda fuqarolar qolib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi