Toshkentda xotinini 7 yildan beri muttasil do‘pposlab kelayotgan erkak qamoqqa olindi

3-sahifa

image

Toshkentda 7 yildan buyon turmush o‘rtog‘ini muttasil ravishda do‘pposlab kelayottgani aytilgan erkak qamoqqa olindi. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. 

“1992 yilda tug‘ilgan Shirin D. Yakkasaroy tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, uning turmush o‘rtog‘i 1976 yilda tug‘ilgan Dilmurod D. unga tan jarohati yetkazganligini ma’lum qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dilmurod D. ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda”, deyiladi poytaxt IIBB xabarida. 

Qayd etilishicha, oilaning voyaga yetmagan uch nafar farzandi bo‘lib, kaltaklanishlar bolalarning ko‘z oldida yuz bergan. 2,5 oy ichida erkak xotinini to‘rt marta kaltaklab, uning qovurg‘alarini sindirgan. Shuningdek, u oxirgi vaqtlarda kaltaklashlardan tashqari kamar bilan bo‘g‘ishni ham boshlagan. Bu haqda qizning onasi Facebook'da post qoldirgan.

Oxirgi vaqtlarda burni singan, tishlari singan va miya chayqalishi bilan ayol tun bo‘yi yerto‘lada, hovuzdagi kafellar ustida qoldirilgan. Bunday kaltaklardan so‘ng, oshkoralikdan qo‘rqib, erkakning o‘zi uni tibbiy muassasalarga olib borgan va o‘zi yiqilganini va shifoxonaga yotishi mumkin emasligini aytishga majbur qilgan.

Shuningdek, ayolning bolalari kichik bo‘lgani hamda eri tomonidan ruxsat berilmagani uchun u shifoxonaga yotmagan.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, uning qizi bir marta tibbiy ekspertizaga borishga erishgan, ammo qovurg‘alari va tishlarining sinishi hamda miya chayqalishi yengil tan jarohati deb tasniflangan. Qovurg‘alari singani bo‘yicha tegishli hujjatlar taqdim etilgan bo‘lsa ham, umuman qayd etilmagan.

Ona postida qizi va o‘zida himoya orderi borligini aytib o‘tgan. Shu bilan birga, u kuyovi uning huquqlarini buzayotgani haqida bir necha marotaba Yakkasaroy tuman IIB Profilaktika bo‘limiga murojaat qilganini, shunga qaramay, xodimlar tomonidan hech qanday chora ko‘rilmayotganini bildirgan.

Bundan tashqari, ayolning onasi qizining kaltaklangan holatidagi suratni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Uning aytishicha, ekspert ushbu suratlarga qarab jiddiy jarohat emasligi haqida xulosa bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

611

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing