Toshkentda chet ellik shaxs 350 ming dollarlik narkotik bilan ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent xalqaro aeroportida sintetik narkotiklarni go‘yoki biologik faol qo‘shimcha sifatida olib kirishga uringan qo‘shni davlat fuqarosi to‘xtatib qolindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.  

Ma’lum qilinishicha, bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan ushbu shaxsning sumkasida sportchilar ozuqasi sifatida iste’mol qilinadigan 2 quti biologik faol qo‘shimchalar xodimlarning diqqatini tortgan. Sababi mazkur qutilarga qadoqlangan kapsulalar aslida oq rangda ishlab chiqariladi hamda qadog‘iga ko‘ra, ularda jami 760 dona kapsula bo‘lishi lozim.  Biroq tekshiruv vaqtida ikkala qutidagi jami kapsulalar soni 920 donani tashkil qilgan. Shuningdek, kapsulalar ham oq rangda emas, balki sariq va qizil ranglarda bo‘lgan. Bu esa qutilarga joylangan kapsulalar qo‘lbola tarzda qadoqlanganini bildiradi.

Shundan so‘ng olib borilgan tekshiruvlarga ko‘ra, mazkur kapsulalarga joylangan modda “Alfa PVP” turidagi sintetik narkotik moddaligi aniqlangan. Mazkur giyohvandlik vositalarining qora bozordagi chakana narxi 350 ming dollarga yetadi.

Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanida olib borilgan yana bir tezkor tadbir davomida ushbu yo‘lovchi tomonidan keyinchalik “zakladka” usulida tarqatish uchun mo‘ljallangan giyohvandlik vositasi yashirib ketilgan manzil-havola ham aniqlangan.  

Xabarga ko‘ra, ushbu manzil holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 1 dona politiliyen paket ko‘mib qo‘yilgani fosh bo‘lgan. Unda esa bir necha bo‘laklardan iborat og‘irligi taxminan yarim kilogramm “gashish” moddasi borligi aniqlangan. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hamda Yangiyo‘l shahrida ikki nafar bank xodimidan xorijdan olib kelingan sintetik narkotik moddalar topilgan edi.

Shahzoda Shukurullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent narkotik chet ellik shaxs

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing