Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bo‘yicha sud boshlandi

3-sahifa

image

Bugun, 13 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudida 2025 yil sentyabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 11 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “b” bandi va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sudlanuvchilarning 10 nafariga “qamoqqa olish” va 1 tasiga “uy qamog‘i” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan. Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur ish doirasida 10 kishi qamoqqa olingani, 1 kishi uy qamog‘iga yuborilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

2025 yilning 25 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ovqatdan ommaviy zaharlangani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlandi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Keyinroq esa yana 694 bola davolangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Nurota tumanidagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida go‘sht mahsulotlarining 4/1 qismi yaroqsiz holatda ekani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Toshkent Bo'ka ommaviy zaharlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing