Toshkent metrosining uzunligi 103 kilometrga yetkaziladi

Jamiyat

image

Toshkentda metropoliten tarmog‘i uzunligi 103 kilometrga, shuningdek, aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 60 foizga yetkaziladi. Bu haqda Prezidentning kecha, 4 dekabr kuni qabul qilingan “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Qaror bilan Toshkent shahri transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutildi, jumladan:

  • Aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish;
  • elektrobuslarning jamoat transportidagi ulushini 50 foizga yetkazish;
  • avtobusning o‘rtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish;
  • metropoliten tarmog‘i uzunligini 103 kmga yetkazish;
  • Toshkent shahridagi 1000 km avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlarini tashkil etish;
  • transport vositalari uchun 150 ming o‘rinli to‘xtab turish joylarini tashkil etish;
  • 16 ta yo‘lo‘tkazgich va tonnellar barpo etish;
  • 2 600 ta avtobus avtobus bekatlarini bekatlarini namunaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilish;
  • yagona boshqaruv tizimiga ega intellektual svetoforlar bilan jihozlangan "aqlli" chorrahalar sonini 700 taga yetkazish;
  • 200 km piyodalar yo‘lagi va 170 km velosipedlar uchun maxsus yo‘laklar tashkil etish.

Shuningdek, Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etiladi. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

  • Zamonaviy raqamli va “yashil” texnologiyalarni qo‘llash orqali Toshkent shahrida transport, yo‘lovchi va piyodalar oqimlarini uzluksiz monitoring qilish asosida yo‘l harakatini tashkil etish, 
  • Toshkent shahrining transport master rejasini yaratish; 
  • hududlardan kirib keladigan asosiy avtomobil yo‘llaridagi jamoat transporti bosh bekatlari (avtobus va metro) kesishmalarida transport vositalarining ko‘p qavatli to‘xtab turish joylarini tashkil qilish;
  • Toshkent shahri yerusti metro liniyalari hamda yo‘lo‘tkazgichlari ostida, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda, transport vositalarining to‘xtab turish joylarini tashkil qilish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentda transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish choralariga doir taqdimot bilan tanishgandi. Unda Toshkent shahrida yagona yo‘l harakatini tashkil etish markazi yaratilishi aytilgandi. Markaz intellektual transport tizimining operatori hisoblanadi. Mazkur platforma kameralar, datchiklar, GPS vositalari orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni, xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilib, tirbandliklar statistikasini yuritish va ularni bashorat qilish, marshrutlarni optimallashtirish, svetofor fazalarini adaptiv tarzda o‘zgartirish, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan paytda favqulodda xizmatlarni chaqirish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing