“Toshkent issiqlik markazi” asossiz olingan pullarni qaytaradi
Jamiyat
−
29 iyul 2024 4868 1 daqiqa
“Toshkent issiqlik markazi” MCHJga 2,5 milliard so‘mdan ziyod ortiqcha olingan daromadni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatning 2021-2023 yillar davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) shakllanishi va qo‘llanilishi yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlarida tariflar bo‘yicha haqiqatda qilingan xarajatlar o‘rganilganda, har bir Gkal uchun belgilangan me’yor 14,01 m3ga oshirilgani aniqlangan.
Oqibatda, jamiyat tomonidan suv sarfiga belgilangan me’yor 0,71 m3ga oshirilib, 4 728,85 ming m3 ortiqcha suv sarflangan, buning oqibatida 2023 yil davomida sotilgan 6 667 124,3 Gkal issiqlik energiyasi hajmiga nisbatan 2,5 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad olingan.
Raqobat qo‘mitasi jamiyat tomonidan Vazirlar Mahkamasining belgilangan nizom talablari buzilgan deb topib, unga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atgan va natijasi yuzasidan ortiqcha olingan daromadni ixtiyoriy ravishda iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd” kompaniyasi tomonidan asossiz olingan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilinib, kompaniya mablag‘ni qaytarishi kerakligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi