Midweek: Jo‘loniy Tramp bilan gaplashmoqchi, Oq uydagilar Putindan norozi
Tahlil
−
08 may 7867 11 daqiqa
Qodirov ketmoqchi
Haftaning eng e’tiborni tortuvchi xabarlaridan biri bu – Rossiya tarkibidagi avtonom o‘lka Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘z lavozimidan ketish uchun ruxsat so‘ragani bo‘ldi. 5 may kuni u to‘satdan jurnalistlar bilan suhbatda iste’foga chiqish niyati borligini ma’lum qildi. Qodirov o‘zi haqida shunday mazmundagi juda ko‘p mish-mishlar borligi, ammo bu tashabbus faqat unga tegishli ekanini aytib, uning ketish haqidagi iltmosi qabul qilinishiga umid bildirgan. Ammo u o‘zining bu bayonotidan ko‘p o‘tmay, telegramdagi kanalida iste’fo haqidagi gaplarining ma’nosini ko‘pchilik tushunmagani, rahbarlik lavozimida qolish qolmasligini faqat bir kishi – Oliy Bosh Qo‘mondon Putin hal qilishini ta’kidladi. U o‘zini piyoda askar deb tariflagancha, mazvjud buyurtmalarni bajarishini eslatdi. Bu orada Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 7 may kuni Putin va Qodirov o‘zaro uchrashishi keyin esa Checheniston rahbari Rossiya prezidentining ba’zi xalqaro uchrashuvlarida qatnashishini ma’lum qildi. 7 may kuni Qodirov aytilganidek Putin bilan uchrashdi, u telegram kanalida Rossiya rahbarini hokimiyatdagi 25 yillik yubileyi bilan tabriklab, uni rosa alqadi. Bundan tashqari Qodirov Putinning Maduro bilan uchrashuvida ham ko‘rinish berdi.
Ma’lumot uchun, Ramzan Qodirov 2007 yil 5 aprelda Checheniston rahbari lavozimini egallagan bo‘lib, Rossiyadagi amaldagi mintaqa rahbarlari orasida eng uzoq ishlayotgan siyosatchi hisoblanadi. U so‘nggi marta 2021 yil sentyabr oyida qayta saylangan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qodirov saylovda 99,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Qodirov saylovdagi mazkur foizlari orqali Shimoliy Koreya diktatori Kim Chen In bilan bemalol raqobat qila oladi. Qodirovning hozirgi vakolat muddati 2026 yilgacha amal qiladi. U joriy yil hisobida atrofida juda ko‘plab mish-mishlar va boshqa xabarlar yurgani bois tarmoqlarda, matbuotda eng ko‘p tilga olingan shaxslardan biri bo‘ib turibdi. Masalan, “Medialogiya” tadqiqotiga ko‘ra, 2025 yil mart oyida Qodirov ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tilga olingan mintaqa rahbari bo‘ldi. Chunki u haqda 166 mingdan ortiq xabar yozilgan. So‘nggi paytda u haqdagi yangiliklar asosan kasallik bilan bog‘liq. Ko‘plab nashrlar Qodirovning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqida tez-tez xabarlar chiqarib turadi. Masalan, “Novaya Gazeta” nashri Qodirov Chechenistondan tashqariga kam chiqayotgani, deyarli butun vaqtini Grozniy shahridagi «Aymed» klinikasida shifokorlar nazorati ostida o‘tkazib, hatto u yerda tunab qolayotgani haqida yozgan. Ma’lum qilinishicha, 6 yil avval Qodirovda davolab bo‘lmaydigan oshqozon osti bezi nekrozi aniqlangan.
Shuningdek, o‘tgan oylar davomida Checheniston rahbarining Rossiyani tark etib, oilasini xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yaqin Sharqdagi monarxiyalarga murojaat qilayotgani taxmin qilindi. Rus mediasida Qodirovning qochoqqa aylanish ehtimoli bor degan mavzudagi materiallar ancha ko‘paydi. Nashr shuningdek, Qodirovning anchadan beri og‘ir kasalligi, uning buyragi va oshqozonosti bezida jiddiy muammolar borligiga ham alohida e’tibor qaratgan. Qodirovning sog‘lig‘idagi jiddiy muammolar va o‘limidan keyin qarindoshlari, oilasining xavfsizligi borasidagi xavotirlar bugun uning oldiga jiddiy tanlov qo‘yayotgani haqida OAVlarda tez-tez xabarlar chiqdi. Ma’lum qilinishicha, ko‘p sonli qarindoshlarining kelajagiga bo‘lgan ishonchsizlik uni Yaqin Sharq musulmon mamlakatlaridan ular uchun kafolat izlashga majbur qilgan. Chunki ularning rahbarlari bilan Qodirov uzoq yillik do‘stona munosabatlarga ega. Checheniston rahbari esa tabiiyki bu muzokaralarni Kremldan yashirishga uringan. “Vajniye istorii” nashri holatdan darhol xabar topgan Federal xavfsizlik xizmati buni Putinga yetkazgani haqida yozgandi. Nashr o‘shanda “Checheniston rahbari o‘z mintaqasida hokimiyat qanday tuzilganini va u ketgan taqdirda oila a’zolarini nima kutayotganini yaxshi biladi”, deya so‘nggi voqeliklarga izoh bergandi.
Albatta, bu gap-so‘zlar va taxminlar o‘z-o‘zidan o‘rtaga chiqqan emas. Qodirov rostdan ham so‘nggi paytlarda Yaqin Sharqqa jiddiy talpinmoqda. Hoynahoy BAA uning asosiy nishoni. Chunki 19 mart kuni Checheniston rahbari BAAga tashrif buyurdi va mamlakat prezidenti Zayd Ol Nahayon bilan uchrashdi. Qodirov mazkur tashrif sababini iftorlikka yo‘ygan holda, Nahayonni katta aka deb nomlagan. Putin bilan uzoq yillik yaqin aloqalardan yaxshigina hadis olgan Qodirov “katta aka“ nomli munosabatlarni maromiga yetkazishi tabiiy. U shuningdek, o‘zining Telegram kanalida uchrashuv haqidagi tafsilotlar haqida yozib, Nahayonni rosa alqagan.
“Men uchun u bilan bo‘lgan har bir uchrashuv shunchaki diplomatik voqea emas, balki donoligi va matonati, samimiy hurmat-ehtirom uyg‘otadigan buyuk yo‘lboshchi va haqiqiy musulmon bilan muloqot qilish quvonchidir. Men birodarlik, do‘stligimiz va ishonch va o‘zaro tushunishga asoslangan munosabatlarimizdan cheksiz faxrlanaman. Biz umumiy qadriyatlar va maqsadlarga egamiz, bu bizning hamkorligimizni, ayniqsa kuchli va samarali qiladi. Men doimo Shayxdan madad va hurmat his qilaman”, deb yozgan Qodirov.
Nahayondan doim madad his qilgan Qodirov uning 2024 yil oktyabr oyida Rossiyaga qilgan tashrifi chog‘ida ham alohida ehtirom ko‘rsatgandi. Bu va boshqa jihatlarni shunchaki Ramzan Qodirov va Yaqin Sharq monarxi o‘rtasidagi iliq munosabatlarga yo‘yish mumkin. Biroq Qodirov va Putin bunday gap-so‘zlarga izoh bermay kelmoqda.
Qodirovning lavozimdan ketishni istayotgani haqidagi gapidan so‘ng, 7 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida Putin Qodirovga so‘nggi yillardagi faoliyati natijalari bilan «faxrlanishi» mumkinligini aytgan. Checheniston rahbari Putinga mintaqaning iqtisodiy yutuqlari va ishsizlikning qisqarishi haqida hisobot bergan. Putin va Qodirov Ukrainadagi harbiy harakatlarni muhokama qilgan va bu jarayon boshlanganidan buyon harbiy harakatlar ketayotgan zonaga 55,5 ming jangchi yuborilgani, ulardan 21,6 ming nafari ko‘ngillilar ekani qayd etilgan. Kreml e’lon qilgan matnga ko‘ra, yig‘ilishda iste’foga chiqish haqida gap bo‘lmagan.
AQSHdan O‘zbekistonga jiddiy taklif
Kecha, 30 aprel kuni AQSH Ichki xavfsizlik departamenti O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy maqomdagi o‘zbekistonliklarning deportatsiyasini amalga oshirgani uchun AQSH O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgandi. Bu amaliyot doirasida AQSH Ichki xavfsizlik departamenti O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda nafaqat o‘zbekistonliklar, balki Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham bo‘lgan 100 dan ortiq noqonuniy muhojirni deportatsiya qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliyotni amalga oshirdi. Mazkur operatsiyada O‘zbekiston o‘z fuqarolarining vatanga qaytarilishi uchun to‘liq moliyaviy xarajatlarni qoplagan. Eng qizig‘i, bu Donald Tramp prezident lavozimiga qaytganidan beri xorijiy davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilk deportatsiya reysi bo‘lgan. O‘zbekistonning mazkur tashabbusi Oq uy bilan keying munosabatlarga ijobiy ta’sir qilgan chog‘i. Chunki joriy haftada “Washington Post” nashri Donald Tramp ma’muriyati O‘zbekistonga Qo‘shma Shtatlardan deportatsiya qilingan boshqa davlat muhojirlarini qabul qilishi uchun unga bir qator maxsus imtiyozlarni taklif qildi deya xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Tramp uchinchi davlatlar fuqarolarini deportatsiya qilishda ba’zi mamlakatlardan tranzit punktlari sifatida foydalanmoqchi. Xususan, O‘zbekiston bilan muzokaralar doirasida AQSH rasmiylari mamlakatdan deportatsiya qilinayotgan rossiyaliklar va belaruslar uchun tranzit punkti sifatida foydalanishga qaror qilingan. Muhojirlarni O‘zbekistonga jo‘natishga asosiy sabab qilib esa Rossiya, Belarus va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar to‘xtatilgani ko‘rsatilgan. Bu ortda qolgan 3 yil davomida yuz bergan voqeliklar bilan bog‘liqdir. WP'ga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiysi bu g‘oyani darhol qabul qilgan. Unda ta’kidlanishicha, amerikalik amaldor bir qator aniq rag‘batlarni, jumladan, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi telefon suhbati yoki yuqori darajadagi boshqa muloqotni taklif qilgan. Ya’ni yaqin orada Tramp va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev orasida muloqot bo‘lib o‘tishi mumkin. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi esa nashrning izoh so‘roviga javob bermagani xabarda qayd etilgan. Shu bois QALAMPIR.UZ mazkur xabar yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bilan bog‘landi. Vazirlik voizi ikki o‘rtada shunday ehtimoliy kelishuv bormi degan savolga unda hozircha bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘qligini bildirdi. Burhonov shuningdek, mazkur xabarlar fonida Vashingtondagi elchixona bilan gaplashgani, vakolatxonaga bu masala yuzasidan hech qanday so‘rov kelib tushmaganini ma’lum qildi.
Putindan norozi bo‘layotgan Oq uydagilar
AQSH Prezidenti vakili Kit Kellogg Ukrainaga Rossiya bilan ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatishning barcha shartlari yoqmayotgan bo‘lsada, tomonlar kelishuv tuzishga yaqin ekani haqida gapirib, Kiyev “yerda, suvda va osmonda” uzaytirilishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli 30 kunlik sulhga roziligini ma’lum qildi. Kellogg har doim tinimsiz takrorlashdan charchamaydigan o‘sha gapi – ya’ni “aniq natijaga faqat bir kishi – AQSH Prezidenti Donald Tramp erisha oladi” deya ta’kidladi. Ammo Kellog bu boradagi to‘siqlar qatoriga Putin nomini qo‘shib o‘tdi.
“Menimcha, biz yaqinmiz. Natijaga erisha oladigan yagona inson – Prezident Tramp. Ehtimol, bizning to‘sig‘imiz Rossiya Prezidentidir, u rozi bo‘lmayapti”, degan Kellogg.
Ammo Kellog Tramp ma’muriyatida Kreml va u yerdagilarning pozitsiyasidan norozi bo‘layotgan yagona shaxs emas. Vitse-prezident ham Rossiya o‘rtaga tashlayotgan talablardan hafsalasi pir. 7 may kuni Vashingtonda Myunxen xavfsizlik konferensiyasi tomonidan tashkil etilgan forumda Jeyms Devid Vens Rossiya Ukraina bo‘yicha muzokaralarda haddan tashqari ko‘p talablarni ilgari surayotganini aytib o‘tdi.
“Men rossiyaliklar kelishuvdan manfaatdor emas, deb aytmagan bo‘lardim. Men hozirgi vaqtda rossiyaliklar mojaroni to‘xtatish uchun ma’lum bir talablar, ma’lum bir imtiyozlar to‘plamini ilgari surmoqda, deb aytgan bo‘lardim. Biz ular juda ko‘p narsa so‘rashadi, deb hisoblaymiz, tushunyapsizmi?” degan AQSH vitse-prezidenti.
Vensning so‘zlariga ko‘ra, urushni tugatishdagi Trampning eng katta xizmatlaridan biri shundaki, u Rossiyani mojaroni hal qilish shartlarini aytishga majbur qilgan. Ya’ni Kremlning Ukrainadagi asl maqsadini bilib olgan. Ungacha esa Rossiya bir so‘z ham demay urush zonalarida oldinga boravergan. Vitse-prezidentning ta’kidlashicha, Moskvaning dastlabki pozitsiyasi bilan tanishib chiqqach, Vashingtonning reaksiyasi juda hayratlanarli bo‘lgan. Vensning bu gaplaridan shunday xulosa kelib chiqadiki, Putin bu bosqindan juda ko‘p narsa xohlagan. Balki Ukrainani to‘liq anneksiya qilish vahokazolar.
Jo‘loniyga Yevropa eshiklari ochildi
7 may kuni Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara Yevropaga ilk tashrif buyurdi. U qit’adagi dastlabki qadamini Fransiyadan boshladi va mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi. Ahmad ash-Sharaa Fransiyaga qo‘ngach, Yelisey saroyiga yo‘l oldi. Saroy ostonasida uni Makron kutib olgan va ikki o‘rtada muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Tashrif haqida avvalroq e’lon qilingan xabarlarda prezidentlar Suriyaning xavfsizlik muammolarini va uning barqarorligini saqlash yo‘lida hamkorlik zarurligini muhokama qilishi qayd etilgandi. Ammo ash-Sharaning mazkur tashrifi fransuzlarning ko‘pchiligi, xususan, muxolifat vakillariga yoqmadi. Jumladan “Milliy birlik” partiyasining jazoga hukm qilingan rahbari Marin Le Pen o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida bu hodisani “provokatsion va mas’uliyatsiz” tashrif deb atadi. Uning fikricha «jihodchi»lar bilan uchrashuv juda xatarli. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Ahmad as-Sharaning tashrifini umumiy ma’noda “shok va daxshat” deya tasvirladi. Suriya prezidentining Fransiyaga tashrifi esa aslida ancha avvalroq, aniqrog‘i, fevral oyi boshida ma’lum qilingandi. Ikki rahbar o‘shanda telefon orqali muloqot qilgani, Makron uni muvaffaqiyat bilan tabriklab, Fransiyaga taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi. Umuman olganda, 2024 yil dekabrdagi o‘zgarishlardan so‘ng, Yevropa Ittifoqi va dunyo hamjamiyatining katta qismi Ahmad ash-Shara bilan muloqot o‘rnatishga shoshildi. Germaniya delegatsiyalari bir necha bor Damashqda bo‘lib qaytdi. BMT darajasida Suriyaning yangi ma’muriyati bilan hamkorlik qilish va uni qayta tiklash tashabbuslari ilgari surildi. Ayni kunlarda esa druzlar va Isroil bilan kechayotgan ichki muammolarni inobatga olmasa, Suriya tashqi maydonda ancha yaxshi imijga ega bo‘lib boryapti. Ayniqsa yangi hukumat tarkibida inklyuzivlik aks etgani bunda muhim ro‘l o‘ynadi deyish mumkin. Makron bilan uchrashuvni ham Suriyadagi yangi ma’muriyat uchun qaysidir ma’noda oldinga siljish deb tariflash mumkin.
Ammo Makron Ahmad ash-Shara «short-list»idagi G‘arbning so‘nggi yuqori darajali rahbarimas chog‘i. Chunki “The Wall Street Journal” nashri Suriya hukumati vakillariga tayanib Ahmad ash-Shara yaqin fursatlarda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan ham uchrashmoqchi ekani haqida yozdi. Manbalarga ko‘ra, Ahmad ash-Shara Oq uyga xabar yo‘llab, Trampning 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa qiladigan safari chog‘ida uchrashuv o‘tkazishni so‘ragan. Chunki Donald Tramp 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa safar uyushtirishi kutilmoqda. Safar doirasida u Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi. «Axios»ga ko‘ra, Tramp Saudiya Arabistonida bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu tadbir Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning taklifi bilan bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, ya’ni Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt, BAA va Ummon yetakchilari ishtirok etishi mumkin. Mazkur uchrashuv 14 may kuni o‘tkazilishi kutilmoqda. Ahmad ash-Shara esa Tramp bilan uchrashuvda Amerika va G‘arb investitsiyalarini Suriyaga jalb qilish masalasini muhokama qilmoqchi ekani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta Tramp tarafdori bo‘lgan AQSHning Argent LNG gaz kompaniyasi bosh direktori Jonatan Bass Damashqqa parvoz qilgan. U yerda Ahmad ash-Sharaga G‘arb kompaniyalari hamda yangi tuzilayotgan Suriya milliy neft shirkati ishtirokida mamlakat energetika resurslarini qazib olish rejasini taqdim etgan. Bassning so‘zlariga ko‘ra, agar sanksiyalar yumshatilsa, Ahmad ash-Shara bu fikrni ijobiy qabul qiladi.
Live
Barchasi