Telegram’dagi terrorizm, “erkalatilgan” Zelenskiy va o‘yindagi prezidentlar — Weekend
Tahlil
−
02 avgust 2160 17 daqiqa
Endi Rossiya Telegram’ga ham bosim qilmoqda. Kompaniya rahbari Pavel Durov terrorist, messenjer esa Ukraina razvedkasining terroristik harakatlarini rejalashtiradigan maydoni emish. Ammo milliarder bu ayblovlar ortida boshqa sabablar borligini aytmoqda.
Joriy haftada Zelenskiy tinmadi. Bir qarasangiz Buyuk Britaniyaga, yana bir qarasangiz AQSHga safar qilmoqda. Birlashgan Qirollikning yangi Bosh vaziri ilk xorijiy mehmon sifatida aynan uni kutib oldi. Janob Bernemning ta’kidlashicha, London Kiyevni 100 foiz qo‘llab-quvvatlaydi. Ukraina Prezidentini AQSHda ham xafa qilishmadi. G‘arbga sayohat muvaffaqiyatli bo‘ldi demoqda Zelenskiy.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari ishtirokida norasmiy Maslahat uchrashuvi o‘tkazildi. Golf bilan boshlangan tadbir Cho‘lponota deklaratsiyasining imzolanishi bilan yakunlandi. Xo‘sh, Markaziy Osiyoning bugun kun tartibida qaysi masalalar aktual?
Anqaradagi Turkiya va Iroq delegatsiyasi o‘rtasidagi uchrashuvlarda kutilmagan holat yuz berdi. Kichik bir uzilish katta geosiyosiy muammolarni ko‘rsatib berdi. Bugun Iroq hukumati qanchalik mustaqil yoki Eronning Bag‘doddagi ta’siri qanday degan savollar yana ko‘pchilikni o‘ylantira boshladi. Xo‘sh, asl vaziyat qanday?
Durov qidiruvda
Biz har kuni ishlatadigan Telegram ilovasining asoschisi kim ekanligini bilsangiz kerak. Bilmaydiganlar bo‘lsa, u kelib chiqishi rus millatiga mansub Pavel Durovdir.
Durov 1984 yilda Leningradda tug‘ilgan va Sankt-Peterburg davlat universitetida ta’lim olgan. U avval Rossiyaning eng yirik ijtimoiy tarmoqlaridan biri – VKontakte'ni ixtiro qilgan bo‘lsa, 2013 yilda akasi Nikolay Durov bilan birgalikda Telegram messenjeriga asos soldi. 2014 yilda Rossiya hukumatining foydalanuvchilar ma’lumotlarini taqdim etish haqidagi talabini rad etgach, mamlakatni tark etdi va Dubayga ko‘chib o‘tdi. Hozirda u Dubayda yashaydi hamda Birlashgan Arab Amirliklari va Fransiya fuqaroligiga ega.
Bugunga kelib Telegram dunyoning eng yirik messenjerlaridan biriga aylandi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, platforma 2025 yilda oyiga 1 milliarddan ko‘proq faol foydalanuvchiga ega. Telegram ayniqsa Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda keng ommalashgan. Jumladan, O‘zbekistonda eng ko‘p foydalaniladigan tarmoq ham aynan Telegram’dir. Hindistonda esa platformadan 150 milliondan ortiq foydalanuvchi muntazam foydalanib kelmoqda. Maxfiylik siyosati, tezkor ishlashi va minglab a’zoni birlashtira oladigan kanallari Telegram’ni nafaqat oddiy muloqot vositasi, balki yangiliklar, biznes va siyosiy kommunikatsiyaning muhim maydoniga aylantirgan. Telegram dunyoda eng ko‘p yuklab olinadigan 5 ta mobil ilova qatoriga kiradi. Shuningdek, xizmatning pullik Telegram Premium obunachilari soni 15 milliondan oshgan.
Bugun 41 yoshli milliarder qidiruvda. Rus hukumati uni Rossiyada terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashishda ayblamoqda. Durovning o‘zi esa buni tuhmat deb, asl sabab ilovada ommaviy kuzatuv va senzura o‘rnatish talablarini rad etgani bo‘lganini aytmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Telegram ma’muriyati Rossiyada taqiqlangan holda faoliyat yuritib kelgan ayrim kanallar, chatlar va botlarni o‘chirmagan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ushbu platformalardan Ukraina razvedkasi qo‘poruvchilik va terrorchilik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rishda foydalanganini da’vo qilmoqda.
“Soxta huquq-tartibot idoralari xodimlari yuborilgan mablag‘lar Ukraina Qurolli Kuchlari hisoblariga kelib tushgani, uzatilgan koordinatalardan esa dushman raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlarini rejalashtirishda foydalanganini ma’lum qilishgan”, deyilgan agentlik hisobotida.
FXX ma’lumotida “Dayvinchik” tanishuv servisi orqali Ukraina maxsus xizmatlari xodimlari qizlar nomidan rossiyalik yoshlar bilan tanishgan, ularni yirik savdo markazlari yoki ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar yaqiniga uchrashuvga chaqirgan. Shuningdek, ushbu shaxslar keyinchalik turli hujumlar va qo‘poruvchilik harakatlariga jalb qilinganini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, Durovga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi, ya’ni terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Bunga javoban Telegram Messenger’ning rasmiy X sahifasida milliarderning o‘rta barmog‘i bilan qo‘pol ishora qilayotgani aks etgan surat joylashtirildi. Durovning o‘zi Telegram’dagi kanalida: “Rossiya qonunlariga ko‘ra, menga “internetga ma’lumot joylashtirish” taqiqlangan, lekin ular kim kimni internetdan taqiqlay olishi borasida yanglishishdi”, deb post joyladi.
Qizig‘i shundaki, Telegram’ga qarshi harakat faqat Rossiyada emas, Avstraliyada ham boshlandi. Avstraliya internet xavfsizligi regulyatori terrorchilik targ‘ibotiga oid materiallarni o‘z vaqtida o‘chirmagani uchun Telegram’ga nisbatan sud jarayonini boshladi.
Elektron xavfsizlik komissariati (eSafety Commissioner) ma’lumotiga ko‘ra, Telegram terroristlar qatli va ommaviy qirg‘inlar aks etgan videolarni platformadan olib tashlash bo‘yicha talablarni bajarmagan. So‘nggi yillardagi eng mashhur ekstremistik zo‘ravonlik harakatlari, jumladan, Kraystcherch va Buffalo hujumlari bilan bog‘liq materiallarga taqiqlar joriy etilgan bo‘lsa-da, ilovada tarqalishda davom etgan.
“Bizning da’vomizga ko‘ra, Telegram bu kontent haqida rasman xabardor qilinganidan ancha keyin ham materiallar platformada ochiq qolgan”, degan eSafety komissari Juli Inman Grant.
Ma’lum qilinishicha, Avstraliyaning kodeks va standartlariga rioya qilinmagan taqdirda, Telegram 54,6 million Avstraliya dollarigacha (38 million AQSH dollari) miqdorida fuqarolik jarimasiga tortilishi mumkin.
Ammo kompaniya rasmiylari bu ayblovlarni rad etib, faqat 2026 yilning o‘zida minglab ekstremistik hamjamiyatlar bloklangani, terrorizmga qarshi kurash chora-tadbirlari yaxshi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Sudga taqdim etilgan hujjatlarda qayd etilishicha, 2025 yil iyul–oktyabr oylari davomida Avstraliyadagi Telegram foydalanuvchilari terrorchilik targ‘ibotiga oid 12 ta post yuzasidan shikoyat qilgan. Ularning 3 tasi terrorchilik mazmunidagi ma’lum kontentni o‘z ichiga olgan.
“Biz ushbu ayblovlarni qabul qilmaymiz va sudda ularga qarshi kurashamiz”, degan kompaniya vakili.
Biroq, iddaoga ko‘ra, Telegram ushbu postlarning 10 tasini o‘chirmagan, shuningdek, ularni joylashtirgan akkauntlarni ham bloklamagan yoki faoliyatini to‘xtatmagan.
Ammo Fransiya hukumati Durovni Rossiyaga topshirmoqchi emas. 29 iyul kuni fransuz advokati Filipp de Vel milliarderga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan munosabat bildirib, Fransiya o‘z fuqarolarini boshqa davlatlarga ekstraditsiya qilmasligini ma’lum qilgan.
“Fransiya Jinoyat-protsessual kodeksining 696-4-moddasi mamlakat fuqarolarini ekstraditsiya qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq, agar tegishli harakatlar Fransiya hududida ham jinoyat deb topilsa, mamlakatning o‘zi jinoiy ta’qibni boshlashi mumkin”, degan de Vel.
Ma’lum qilinishicha, agar Rossiya Durovni hibsga olish uchun Interpol orqali xalqaro qidiruv e’lon qilsa ham, bu Fransiyada avtomatik tarzda ijro etilmaydi. De Vel Interpol nizomining 3-moddasiga ham e’tibor qaratib, tashkilot siyosiy, harbiy, diniy yoki irqiy xarakterdagi ishlar bo‘yicha aralashmasligini eslatgan.
Aytib o‘tish joizki, amalda Rossiya hududida Telegram ilovasiga qator cheklovlar qo‘yilgan. Mamlakatda ilovadan hozir faqat VPN orqali foydalanish mumkin. Shunga qaramay, mamlakat hududida undan hanuz foydalanilmoqda. Qisqa qilib aytganda, siyosiy bosimlar qulaylik va odatlarga ta’sir qila olmayapti. Ammo bu qachongacha davom etadi, noma’lum.
Zelenskiyning G‘arbga sayohati
Rossiyaga qarshi tengma-teng jang olib borish oson emas. Ayniqsa, “qo‘ng‘ir ayiq”ning jahli chiqsa, omborida chang bosib yotgan “o‘yinchoq”larini birin-ketin uloqtirishni boshlaydi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa anchadan beri bu ishni qilib kelmoqda.
Dronlar-ku o‘z yo‘liga, lekin otilgan raketalarni mayda-chuyda vositalar bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. Shunday ekan, Kiyevga havo mudofaasi va uzoq masofali qurollar zarur. Aynan shu sababli, Zelenskiy G‘arbning ikki qudratli davlatiga safar uyushtirdi. Bir necha kun ichida amalga oshirilgan tashriflar Ukraina uchun nafaqat siyosiy qo‘llab-quvvatlash, balki yangi harbiy texnologiyalar, qurol-yarog‘ va strategik hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatini ham taqdim etdi.
27 iyul kuni Zelenskiy Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernemning lavozimga kirishganidan keyin qabul qilgan ilk xorijiy davlat rahbariga aylandi. Uchrashuv Angliyaning Portsmut shahridagi “HMS Queen Elizabeth” aviatashuvchi kemasida bo‘lib o‘tdi. Yangi bosh vazir Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
“Oddiy qilib aytganda, Vladimir, biz sizni qo‘llab-quvvatlayotganimizni, menga va bizga ishonishingiz mumkinligini bilishingizni istayman. Buyuk Britaniyaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt ishonishingiz mumkin”, dedi Bernem.
Ikki davlat rahbarlari Qora dengizdagi xavfsizlik, havo mudofaasi va dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi. Muzokaralarning eng muhim natijalaridan biri – Britaniyaning “Stone Cloak” elektron urush texnologiyasi bo‘yicha ishlanmalarini Ukrainaga taqdim etishi bo‘ldi. Natijada, Kiyev ushbu tizimni o‘z hududida ommaviy ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur qurilmalar Rossiya havo mudofaasi tizimlarini chalg‘itish va ukrain dronlarining omon qolish ehtimolini oshirishga xizmat qiladi. Kelgusida ushbu texnologiyani Britaniyaning o‘zi ham yangi uzoq masofali raketalariga integratsiya qilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar Britaniyada Ukraina uchun dron ishlab chiqarish loyihalarini ham yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Bundan tashqari, Zelenskiy va Bernem “Exercise Sea Breeze” dasturi doirasida tayyorgarlikdan o‘tayotgan 200 nafardan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilar bilan uchrashdi. Mashg‘ulotlarda 15 ta davlat ishtirok etmoqda.
Buyuk Britaniya hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon Londondan Ukrainaga ajratilgan yordam hajmi 25 milliard funt sterlingdan oshgan bo‘lib, shundan 16 milliard funti harbiy ko‘mak hissasiga to‘g‘ri keladi. Bernem bu siyosat o‘zgarmasligini ta’kidlab, Ukrainani “qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirdi.
Londondan so‘ng, Zelenskiy AQSHga, Donald Tramp huzuriga yo‘l oldi. Shundoq ham Erondagi urushga milliardlab dollar xarajat qilib yuborayotgan Pentagon Zelenskiyni ham xafa qilib yubormagan ko‘rinadi, yopiq eshiklar ortida o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Ukraina prezidenti “hammasi ko‘ngildagidek o‘tdi”, deb bayonot berdi.
Muzokaralarning markazida Patriot tizimlari, Rossiyaga qarshi bosimni kuchaytirish hamda Ukrainaning mudofaa salohiyatini mustahkamlash masalalari bo‘lgani aytilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Zelenskiy Trampdan NATO sammitida bergan va’dasini bajarishni, ya’ni Ukrainaga tutib oluvchi Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini berishni so‘ragan. Ukraina uzoq vaqtdan beri Amerikaning Patriot raketalarini olishga intilmoqda. Kiyevning ta’kidlashicha, ushbu raketalardan mamlakat bo‘ylab ortib borayotgan Rossiyaning dron va ballistik raketa hujumlaridan Ukraina shaharlarini himoya qilishda foydalanish mumkin.
“Prezident bilan Patriot tutib oluvchi raketalarini ishlab chiqarish litsenziyalari hamda yordam berishi mumkin bo‘lgan boshqa bir qancha g‘oyalarni muhokama qildik. Shuningdek, diplomatiya haqida ham gaplashdik – diplomatik jarayonga yangicha impuls berilishi juda muhim. Jamoalarimiz keyingi muloqot tafsilotlarini kelishib oladi. AQSHga qat’iy qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorchilik bildiraman”, deb yozadi u o‘zining X sahifasida.
AQSH safarining eng qiziqarli jihatlaridan yana biri texnologik hamkorlik masalasi bo‘ldi. The Atlantic nashriga ko‘ra, Zelenskiy Trampdan milliarder Ilon Mask bilan bog‘lanishda yordam so‘ragan bo‘lishi mumkin. Tushunib turganingizdek, gap SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti imkoniyatlarini kengaytirish haqida ketmoqda. Kiyev Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba beruvchi uchuvchisiz apparatlar uchun ham ushbu tizimdan foydalanish imkoniyatini kengaytirishni istamoqda.
Shuningdek, Zelenskiy Trampni Ukrainaga tashrif buyurishga taklif qilib, urush oqibatlarini joyida ko‘rishga chaqirdi. Ukraina rahbari tinchlikka faqat diplomatik bayonotlar emas, balki Rossiyaga bosimni kuchaytirish va zamonaviy qurol-yarog‘ yetkazib berish orqali erishish mumkinligini yana bir bor ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Ukraina Prezidenti senatorlar bilan uchrashib, Rossiyaga sanksiyalarning yangi turlarini qo‘llash masalasini muhokama qildi. Zelenskiy X sahifasidagi postida bu sanksiyalarni marhum senator Lindsi Gremning harakatlarini davom ettirish deb baholadi.
“Bugun senator Lindsi Grem bilan vidolashayotganimizda, Senat u juda ko‘p mehnat qilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha protsessual ovoz berish jarayonini o‘tkazgani ramziy ma’noga ega. Ovozlar sanab chiqilayotganda hozir bo‘lish men uchun sharaf bo‘ldi – 86 nafar senator qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Bu Lindsining rejalarini amalga oshirish sari birinchi qadam va shubhasiz, tinchlik sari qo‘yilgan qadamdir”, deb yozdi u.
Qisqa qilib aytganda, bir necha kunlik G‘arbga sayohat Zelenskiy uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi. Undan qurol, bundan qalqon qilib yig‘ilayotgan qudrat Rossiyaga qarshi turishga hozircha yordam beryapti. Ammo bugun Moskvani bunday qo‘llaydigan do‘sti yo‘q hisob. Shunday ekan, Kiyev ham yana biroz chidab bersa, bu urush ham yakuniga yetib qolsa kerak.
Markaziy Osiyoning tarixidagi eng muhim davr
31 iyul kuni Qirg‘izistonning Issiqko‘l bo‘yidagi Cho‘lponota shahri Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining navbatdagi norasmiy Maslahat uchrashuviga mezbonlik qildi. So‘nggi yillarda mintaqadagi eng muhim siyosiy maydonlardan biriga aylangan ushbu format bu safar ilk bor Ozarbayjon ishtirokida o‘tkazildi. Natijada besh Markaziy Osiyo davlati va Janubiy Kavkazning yetakchi davlati bir stol atrofida jam bo‘lib, mintaqaning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Sammitda mezbon sifatida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Uchrashuv avvaliga norasmiy muhitda boshlandi. Davlat rahbarlari Cho‘lponotada bunyod etilgan xalqaro darajadagi Golf Resort sport-turizm majmuasining ochilish marosimida qatnashib, golf maydonchasida ramziy ilk zarbalarni amalga oshirdi. Issiqko‘l sohilidagi uchrashuv mintaqa rahbarlarining so‘nggi yillarda shakllangan o‘zaro ishonchi va samimiy muloqotini yana bir bor namoyon etdi.
Shundan so‘ng, prezidentlar Maslahat uchrashuvining rasmiy qismiga o‘tib, iqtisodiy integratsiya, transport-logistika yo‘laklari, mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya, investitsiyalar va aholi farovonligini oshirish masalalarini muhokama qildi. Yalpi majlis davomida davlatlar rahbarlari birin-ketin nutq qilib, o‘z pozitsiyalarini bildirdi.
“Bugun biz davlatlarimiz mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida yig‘ilib turibmiz. Shu yillar mobaynida har bir mamlakat davlatchilikning shakllanishi, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanishning o‘ziga xos va betakror yo‘lini bosib o‘tdi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Mirziyoyev ilgari ko‘plab masalalarda tarqoq harakat qilgan davlatlar bugun umumiy taraqqiyot maqsadlari yo‘lida birlashganini, mintaqa oldingi davrlardan tubdan farq qilishini aytdi. Uning fikricha, Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi hamkorlikni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy bosqichga olib chiqadi. Prezident Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni bog‘lovchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish uchun tarixiy imkoniyat paydo bo‘lganini ham ta’kidladi.
“Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Ushbu vaziyatdan to‘liq foydalanib, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa mintaqa bugungi kunda o‘z tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrni boshdan kechirayotganini bildirdi. Uning fikricha, so‘nggi yillarda davlatlar o‘rtasida siyosiy muloqot kuchaygan, iqtisodiy aloqalar kengayib, o‘zaro ishonch sezilarli darajada mustahkamlangan. Shuningdek, To‘qayev Ozarbayjonning qo‘shilishi muhim bosqich ekanini aytib o‘tgan.
“Qozog‘iston erishilgan kelishuvlarga sodiqdir va birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan muvaffaqiyatlarga erishishimizga ishonadi”, deydi To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari Qirg‘izistonni BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi etib saylangani bilan tabrikladi.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa ko‘proq iqtisodiy hamkorlik va yangi tahdidlarga birgalikda qarshi turish masalasiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, geosiyosiy keskinlik kuchayayotgan, xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan bir davrda mamlakatlarning muammolarga birgalikda yechim izlash qobiliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, Tojikiston rahbari xalqaro maydonda Markaziy Osiyoga qiziqish ortib borayotganini aytib, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga harakat qilish kerakligini ta’kidladi.
“Biz ushbu imkoniyatlardan xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida maksimal darajada samarali foydalanishimiz, shu bilan birga mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalarini ilgari surishda barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan yondashuvlarni saqlab qolishimiz kerak”, deydi u.
Imomali Rahmon energetik xavfsizlik masalasiga ham alohida to‘xtalib, qo‘shma zamonaviy neftni qayta ishlash zavodi qurish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur loyiha amalga oshirilsa, u mintaqa energetik xavfsizligi va sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
“Tegishli idoralarimizga eng so‘nggi texnologiyalarni jalb qilgan holda mintaqada yirik neftni qayta ishlash zavodini qurish masalasini ishlab chiqishni topshirishni taklif qilaman”, deydi Rahmon.
Sammit yakunida davlat rahbarlari Cho‘lponota deklaratsiyasini imzoladi. Hujjat mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, siyosiy ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda xalqaro maydonda o‘zaro muvofiqlashtirilgan siyosat yuritishga qaratilgan umumiy yondashuvlarni o‘zida mujassam etadi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov deklaratsiya mintaqa davlatlarining umumiy maqsad va manfaatlarini aks ettiruvchi muhim siyosiy hujjat ekanini ta’kidladi. U, shuningdek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha erishilgan tarixiy kelishuvlar davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaganini qayd etdi. Japarov hamkasblariga Qirg‘izistonning 2027–2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun ham minnatdorlik bildirdi.
Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Qirg‘izistonga rasmiy tashrifi davomida Bishkek va Baku o‘rtasida qator yangi bitimlar imzolandi. Bu Aliyevning Markaziy Osiyo davlatlariga amalga oshirgan 16-rasmiy tashrifi bo‘lib, Ozarbayjonning mintaqa bilan aloqalari tobora strategik tus olayotganini ko‘rsatmoqda.
Cho‘lponotadagi uchrashuv yana bir jihati bilan e’tiborga molik bo‘ldi. Bir necha yil avval o‘zaro chegara nizolari, suv masalalari va siyosiy kelishmovchiliklar bilan tilga olingan Markaziy Osiyo bugun integratsiya, transport yo‘laklari va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni muhokama qilayotgan hududga aylanmoqda. Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi esa Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz orqali Yevropa va Kaspiy mintaqasi bilan bog‘lovchi geosiyosiy hamkorlikning yangi bosqichi sifatida baholanmoqda.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yetakchilari va Ozarbayjon rahbarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi joriy yilning 8 oktyabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik hududida tashkil etilishi e’lon qilindi.
Nega Iroq Turkiyani rad etdi?
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Iroq Bosh vaziri Ali Zaydiyning 28 iyul kuni Anqaradagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan imzolash marosimida yuz bergan voqea jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Odatda protokol asosida o‘tadigan bunday tadbirlarda siyosiy mojaro har doim ham bo‘lavermaydi. Biroq bu safar Iroq transport vaziri Veheb Salmon Muhammad bizni lol qoldirdi, hammasi hal bo‘lib turgan bir paytda u “Taraqqiyot yo‘li” loyihasi bo‘yicha hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Voqea jonli efirda namoyish etilgani bois qisqa vaqt ichida xalqaro OAVda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Muzokaralardan so‘ng, Erdo‘g‘an va Zaydiy ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasida 5 ta bitim imzolangan. “Ta’lim va akademik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi”, “Yoshlar va sport sohalaridagi anglashuv memorandumi”, “Sanoat mulki sohasidagi hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi”, “Fishabur – Ovako‘y chegara o‘tkazish punkti orqali temir yo‘l va avtomobil transportida tashishga oid anglashuv memorandumi” hamda “Tabiiy resurslar evaziga Iroq Respublikasi hududida transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid hadli anglashuv memorandumi” shular jumlasidan edi. So‘nggi ikki hujjat Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li hamda Iroq transport vaziri Veheb Salmon Muhammad tomonidan imzolanishi kerak edi.
Marosim davomida dastlab 3 ta hujjat imzolangach, tadbir yakunlanishi e’lon qilindi. Shunda Erdo‘g‘an: “Beshta bitim emasmidi?” deya hayrat bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng, Iroq delegatsiyasi orasida qisqa muhokama boshlanadi va Iroq transport vaziri Veheb Salmon Muhammad delegatsiyaning boshqa a’zolari bilan birgalikda “Taraqqiyot yo‘li” loyihasi bo‘yicha hujjatni imzolashdan bosh tortgani ma’lum bo‘ladi.
Vaziyatga Iroq Bosh vaziri Ali Zaydiy aralashib, tarjimon orqali: “Prezidentga ayting, unga imzolashni buyurdim”, dedi. Oradan ko‘p o‘tmay vazir hujjatni Turkiya Transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li bilan birgalikda imzoladi.
Rasmiy Bag‘dod dastlab yuzaga kelgan vaziyatni texnik tushunmovchilik bilan izohladi. Biroq voqea ortidan paydo bo‘lgan ma’lumotlar bu yerda tashqi ta’sirning qo‘li borligiga ishora qilmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, Veheb Salmon Muhammad imzo qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmani WhatsApp orqali olgan. Xususan, unga Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi tomonidan ko‘rsatma berilgani aytilmoqda. Ammo bu tasdiqlanmagan ma’lumotlar ekanligini unutmaslik kerak, negaki agar Eron hukumati rostdan ham memorandumning imzolanishini xohlamaganida, bu sodir bo‘lardi. Ammo bunday mish-mishlarni ham yo‘q joydan paydo bo‘lgan deb bo‘lmaydi.
Xo‘sh, shu o‘rinda o‘rinli bir savol paydo bo‘ladi: nega Eron Turkiya va Iroq o‘rtasidagi transport loyihasidan norozi bo‘lishi mumkin?
Gap “Taraqqiyot yo‘li” loyihasida. Taxminan 17 milliard dollarlik ushbu tashabbus Iroqning Fors ko‘rfazidagi Al-Fav portini temir yo‘l va avtomobil magistrallari orqali Turkiya bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi. Loyiha ishga tushsa, Hind okeani va Fors ko‘rfazidan Yevropaga yo‘l oladigan yuklarning muhim qismi Turkiya orqali o‘tishi mumkin. Bu esa Iroqni mintaqaviy logistika markaziga, Turkiyani esa Osiyo va Yevropani bog‘lovchi asosiy tranzit davlatlardan biriga aylantirishi mumkin.
Aynan mana shu jihat Eron manfaatlariga butkul zid. So‘nggi yillarda Tehron xalqaro savdoda o‘z hududi orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini rivojlantirishga katta sarmoya kiritmoqda. Xususan, Shimol-Janub transport yo‘lagi va Chobahor porti Eronning geoiqtisodiy strategiyasida muhim o‘rin tutadi. Ammo urush bu savdo yo‘llarini falaj qilib qo‘ydi. Agar “Taraqqiyot yo‘li” muvaffaqiyatli ishga tushirilsa, mintaqadagi yuk oqimining bir qismi Eronni chetlab o‘tishi va Tehronning tranzit daromadlari hamda geosiyosiy ta’siriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yana bir muhim omil – Iroq ichidagi siyosiy kuchlar muvozanati. Veheb Salmon Muhammad Eron bilan yaqin aloqalarga ega deb qaraladigan “Badr” tashkiloti vakillaridan biri ekani aytilmoqda. Ushbu siyosiy-harbiy tuzilma uzoq yillardan beri Tehronning Iroqdagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida tilga olinadi. Agar vazir haqiqatan ham Eron manfaatlarini inobatga olgan bo‘lsa, uning dastlabki qarori oddiy protokol xatosidan ko‘ra kengroq geosiyosiy hisob-kitob mahsuli bo‘lishi mumkin.
Shunga qaramay, yakunda hujjat baribir imzolandi. Bu esa Bag‘dod hukumati Turkiya bilan strategik hamkorlikni saqlab qolishni afzal ko‘rganini ko‘rsatadi. Biroq bir necha daqiqalik ikkilanishning o‘zi ham Iroq tashqi siyosati qanchalik murakkab bosimlar ostida ekanini namoyon etdi. Bir tomonda iqtisodiy manfaatlar va Turkiya bilan transport integratsiyasi tursa, ikkinchi tomonda Eronning siyosiy ta’siri va Iroq ichidagi Tehronga yaqin kuchlarning pozitsiyasi mavjud.
Live
Barchasi